Xalq hokimiyatchiligini mustahkamlash yoʻlida

14:26 06 Dekabr 2023 Siyosat
467 0

Foto: “Xalq soʻzi”

8-dekabr — Oʻzbekiston Respublikasi

Konstitutsiyasi qabul qilingan kun

Shu kunlarda yurtdoshlarimiz milliy davlatchiligimiz, mamlakatimizda ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy va sud-huquq sohalarini izchil rivojlantirishning mustahkam zamini — Konstitutsiya kuni bayramini koʻtarinki ruhda nishonlashga qizgʻin hozirlik koʻrmoqda. Joriy yilning 30-aprel kuni boʻlib oʻtgan umumxalq referendumida xalqimiz oʻzining yuksak siyosiy ongi, huquqiy madaniyati va dunyoqarashini namoyon etib, yangi tahrirdagi Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasini qabul qildi. Yurtdoshlarimiz oʻz taqdiri va ertangi kunini belgiladi, tanlagan taraqqiyot yoʻlimiz qanchalik toʻgʻri, soʻnggi yillarda amalga oshirilayotgan islohotlar naqadar samarali ekanini va ortga qaytmas tus olganini yana bir bor tasdiqladi.

Albatta, yangi tahrirdagi Konstitutsiya davlat va jamiyat hayotining barcha jabhasiga doir masalalarni qamrab olgani bilan ham muhim ahamiyat kasb etadi. Jumladan, unda milliy parlamentimiz vakolatlarini yanada kengaytirishga qaratilgan oʻzgartirish va qoʻshimchalar haqiqatan ham “Xalq davlat hokimiyatining birdan-bir manbai”, degan normani hayotga toʻlaqonli tatbiq etish, fuqarolarning davlat boshqaruvidagi ishtirokini faollashtirish imkonini beradi.

Senat faoliyatiga doir yangiliklarni oladigan boʻlsak, uning mutlaq vakolatlari amaldagi 14 tadan 18 taga yetkazildi. Bunda Prezidentning ijro va sud hokimiyati tizimini shakllantirish sohasidagi amaldagi ayrim vakolatlari parlamentga berildi. Shu bilan birga, Oliy Majlis palatalari faoliyatidagi oʻzaro takrorlanishlar bartaraf etildi.

Haqiqatan ham, soʻnggi yillarda milliy parlamentimizni rivojlantirish, ayniqsa, uning qonunchilik faoliyatini tubdan takomillashtirish boʻyicha bir qator chora-tadbirlar amalga oshirildi. Jumladan, Oʻzbekistonning yangi taraqqiyot bosqichida mamlakatimiz Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning bevosita tashabbusi va Qoyalari asosida qabul qilingan va soʻnggi yillarda yurtimizni har tomonlama rivojlantirishning yangicha modelini oʻzida ifodalagan Harakatlar strategiyasi hamda ushbu hujjat asosida ishlab chiqilgan davlat dasturlarida, shuningdek, 2022 — 2026-yillarga moʻljallangan Yangi Oʻzbekistonning taraqqiyot strategiyasida ham qonun ijodkorligi sifatini tubdan oshirishga alohida eʼtibor qaratilgan.

Xususan, Prezidentimizning 2017-yil 22-dekabr kuni mamlakatimiz tarixida ilk bor Oliy Majlisga yoʻllagan tarixiy Murojaatnomasida ham biror-bir masalani aniq hal etmaydigan, bir-biriga toʻgʻri kelmaydigan qonun va qonunosti hujjatlarini qabul qilish amalda koʻplab muammolar tugʻdirayotganligi alohida taʼkidlab oʻtilgan edi.

Albatta, yangi tahrirda qabul qilingan Konstitutsiyada Senatga qonunchilikka oid takliflarni qonunchilik tashabbusi tartibida Qonunchilik palatasiga kiritish huquqi berilgani bu boradagi mavjud muammolarni bartaraf etish, aholini qiynab kelayotgan masalalarning qonuniy yechimini topish borasidagi faoliyatimiz samaradorligini yanada oshiradi.

Misol uchun, oʻtgan yilning may oyida Senat huzurida xotin-qizlar va bolalar huquqlari, erkinliklari hamda qonuniy manfaatlarini himoya qilishga qaratilgan qonunchilikni takomillashtirish boʻyicha maxsus ishchi guruh tuzildi. Toʻqqiz oy mobaynida masʼul vazirlik, idoralar, nodavlat tashkilotlar, xalqaro ekspertlar va jamoatchilik faollaridan iborat ishchi guruh tomonidan juda katta hajmda oʻrganish va tahlillar olib borildi.

Ushbu jarayonlar ommaviy axborot vositalarida hamda ijtimoiy tarmoqlarda keng muhokama qilinib, qizgʻin bahs va munozaralarga sabab boʻldi.

Natijada kelib tushgan barcha takliflar ishchi guruh tomonidan chuqur oʻrganilib, umumlashtirildi, rivojlangan xorijiy davlatlarning sohaga oid tajribasi tahlil etilib, yagona qonun loyihasi ishlab chiqildi va Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga kiritildi. “Xotin-qizlar va bolalar huquqlari, erkinliklari hamda qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilish tizimi yanada takomillashtirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi qonun loyihasi Qonunchilik palatasida qabul qilinib, Senat tomonidan maʼqullandi hamda uni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti 2023-yil 11-aprelda imzolab, ijroga qaratildi.

Biz hozirgi kunda Oliy sud, Bosh prokuratura, Ichki ishlar vazirligi va boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organlar bilan hamkorlikda mazkur qonunning soʻzsiz ijrosini taʼminlash, uni hayotga keng joriy etish borasida tizimli ishlarni amalga oshirmoqdamiz.

Shuningdek, Senat tomonidan Oʻzbekiston Respublikasining “Oilaviy tadbirkorlik toʻgʻrisida”gi Qonuniga oilaviy tadbirkorlik subyektlariga besh nafargacha (amalda uch nafargacha) doimiy xodimni ular bilan mehnat shartnomasini tuzgan holda yollash, bir oilaviy korxona ishtirokchisiga bir vaqtning oʻzida boshqa oilaviy korxona ishtirokchisi boʻlish huquqini berish hamda ayrim tushunchalarni yanada aniqlashtirish yuzasidan bir qator takliflar berildi. Ushbu takliflar inobatga olingan tarzda ishlab chiqilgan qonun loyihasi Qonunchilik palatasida qabul qilinib, Senat tomonidan maʼqullandi.

Albatta, qonunga kiritiladigan ushbu yangiliklar mamlakatimizda oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish, ular tomonidan ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar, xizmatlar hajmini va sifatini oshirish imkonini beradi. Qolaversa, bu bugungi kunda respublikamizda 67 mingdan ortiq oilaviy tadbirkorlik subyektlari faoliyat koʻrsatayotganini eʼtiborga olsak, yana minglab yangi ish oʻrinlari yaratiladi, degani.

Biz pastga tushib, mahalliy Kengashlar bilan birgalikda saylovchilarni ham keng jalb etgan holda aholining qonuniy talablarini oʻrganish, tegishli qonunchilik takliflarini shakllantirish, ularni qonunchilik tashabbusi tartibida Qonunchilik palatasiga kiritish borasidagi ishlarimizni izchil davom ettirmoqdamiz.

Maʼlumki, qonun ijodkorligi oʻziga xos murakkab usul va vositalar majmuini talab etadigan, jamiyatda huquq normalari bilan tartibga solishga boʻlgan ehtiyojni aniqlashdan to tegishli normativ-huquqiy hujjat kuchga kirib, uning ijrosi monitoringini amalga oshirishgacha boʻlgan murakkab jarayonni oʻz ichiga oladi. Mana shu talablardan kelib chiqqan holda bugungi kunda olib borilayotgan izchil islohotlar natijasida yangi qonunlarni ishlab chiqish yoki amaldagilariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish jarayonlarida Senat bevosita ishtirok etib kelmoqda. Agar taqqoslaydigan boʻlsak, Senatning 2015 — 2019-yillarda qonunlar va boshqa masalalar muhokamasiga bagʻishlangan 25 ta yalpi majlisi oʻtkazilib, ularda 494 ta masala, shundan 226 ta qonun koʻrib chiqilgan boʻlsa, 2020 — 2022-yillarning oʻzida jami 36 ta yalpi majlis oʻtkazilgan. Ularda 540 dan ortiq masalalar, jumladan, 239 ta qonun koʻrib chiqilgan. Eʼtiborli jihat shuki, ayrim normalarining Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va amaldagi qonunlarga zidligi, takomillashtirish zaruriyati boʻlganligi sababli 18 ta qonun rad etilgan.

Biz yaxshi anglaymizki, yangilangan Konstitutsiyani izchil hayotga tatbiq etish, kiritilayotgan har bir oʻzgartirish yoki qoʻshimchaning soʻzsiz ishlashini taʼminlash pishiq-puxta tayyorlangan, oʻzining aniq ijro mexanizmiga ega boʻlgan qonunlar orqali amalga oshiriladi. Shu maʼnoda aytish mumkinki, qonunlarni ishlab chiqishda barcha ishtirokchi subyektlar birdek masʼuliyatni his etishi bu borada hal qiluvchi ahamiyatga ega. Davlatimiz rahbari Yangi Oʻzbekistonning taraqqiyot strategiyasida bu borada amalga oshirishimiz zarur boʻlgan vazifalarni aniq koʻrsatib berdi.

Jumladan:

— har bir qonun loyihasi yuzasidan fikr va takliflarni quyidan — fuqarolardan, joylardagi xalq deputatlari Kengashlaridan olish tartibini keng joriy etish, qonunlarni qabul qilish jarayonida ularni aholi oʻrtasida har tomonlama muhokama qilish tizimidan samarali foydalanish;

— qonunlar muhokamasiga keng xalq ommasini jalb qilish maqsadida jarayonga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish, jumladan, internet tarmogʻida maxsus “maydon”lar yaratish;

— qonun ijodkorligi boʻyicha muayyan davrga moʻljallangan milliy faoliyat dasturini qabul qilish, uni ishlab chiqish jarayonida mamlakatimizning keyingi rivojlanish bosqichida qaysi qonun yoki qanday hujjatlarga ehtiyoj koʻproqligini aniqlash va parlament oʻz faoliyatini ana shularni eʼtiborga olgan holda rejalashtirishi lozimligi belgilandi.

Oxirgi yillarda qonun ijodkorligi sifatini oshirish maqsadida joriy etilgan yangiliklardan yana biri — meʼyoriy-huquqiy hujjatlarni ishlab chiqishda ularni korrupsiyaga qarshi va gender-huquqiy ekspertiza oʻtkazishning yoʻlga qoʻyilganidir. Shu yilning 30-noyabr kuni Toshkentda yuqori saviyada boʻlib oʻtgan Barqaror rivojlanish maqsadlarini amalga oshirishda parlamentlararo hamkorlik boʻyicha II global forumda ham bu tajriba koʻpchilik tomonidan eʼtirof etildi. Shuningdek, Barqaror rivojlanish maqsadlarini bajarish nuqtayi nazaridan ham huquqiy ekspertizani yoʻlga qoʻyish maqsadga muvofiqligi taʼkidlandi.

Bugungi kunda yurtimizni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning ustuvor yoʻnalishlarini, umumeʼtirofdagi xalqaro standartlar hamda Oʻzbekistonning inson huquqlari sohasidagi majburiyatlarini, shuningdek, BMTning ustav organlari va shartnomaviy qoʻmitalarining tavsiyalarini hisobga olgan holda milliy qonunchiligimizni takomillashtirib borish ishlari jadal davom etmoqda. Soʻnggi bir necha yil ichida “tartibga soluvchi gilyotina” usuli bilan oʻz ahamiyatini yoʻqotgan 4 mingdan ortiq hujjatlar bekor qilindi. Natijada amaldagi qonunchilik 10 foizga qisqartirildi. Qonun hujjatlari faol kodifikatsiyalandi. Misol sifatida aytadigan boʻlsak, 3 ta qonun va 50 dan ortiq qonunosti hujjatlarini birlashtirgan “Investitsiyalar va investitsiya faoliyati toʻgʻrisida”, “Litsenziyalash, ruxsat berish va xabardor qilish tartib-taomillari toʻgʻrisida”gi qonunlar imzolandi. Albatta, qonunlarni takomillashtirishdagi bunday yondashuv qonunchilikdagi mavjud ziddiyat va qarama-qarshiliklarning oldini olishga xizmat qiladi, ularning toʻliq va bir xilda ijro etilishini taʼminlaydi.

Maʼlumki, jamiyatda huquqiy ong va huquqiy madaniyatni oshirish qonun ustuvorligini taʼminlash va qonunchilikni mustahkamlashning muhim shartlaridan biridir. Yaqinda “Ijtimoiy fikr” respublika jamoatchilik fikrini oʻrganish markazi tomonidan oʻtkazilgan sotsiologik tadqiqotda aholining huquqiy savodxonlik va huquqiy madaniyati darajasi soʻnggi yillarda sezilarli ravishda oshgani qayd etilgan. Bu nimadan dalolat? Albatta, yurtdoshlarimiz mustaqil Vatanda erkin va ozod boʻlib yashash nimaligini oʻz hayotida, amalda koʻrmoqda, inson qadri ulugʻlanayotganini qalbdan his qilmoqda.

Mamlakatimizda yangi tahrirdagi Bosh qomusimiz asosida jamiyatni demokratik oʻzgartirish, yangi siyosiy-huquqiy tizimni shakllantirish hamda qonun ustuvorligini taʼminlash jarayonlari faol davom etayotgan bir davrda mazkur yoʻnalishdagi maʼnaviy-maʼrifiy ishlar samaradorligini yanada oshirish dolzarb vazifamizdir. Shu oʻrinda, Senatning har bir yalpi majlisidan soʻng, senatorlarimiz oʻzlari saylangan hududlarga chiqib mahallalar, muassasa va ishlab chiqarish korxonalari jamoalari oʻrtasida qabul qilinayotgan qonunlar mazmun-mohiyatini tushuntirish ishlarini olib borayotganini aytib oʻtish mumkin.

Maʼlumki, mamlakatimizda barcha sohada olib borilayotgan keng koʻlamli islohotlar, jamiyat va davlat boshqaruvi tizimida turli munosabatlar yangilanib borishi va zamon taraqqiyoti Konstitutsiyamizni bugungi davr voqeligiga, fundamental yangilanish jarayonlariga moslashtirish zaruratini yuzaga keltirdi. Hozir yangilangan Konstitutsiya asosida hokimiyat vakolatlari boʻlinishi, ular oʻrtasida oʻzaro tiyib turish va manfaatlar muvozanatini saqlash prinsiplarini izchil amalga oshirish, xalq hokimiyatini, parlamentarizmni har tomonlama rivojlantirish va mustahkamlash, siyosiy partiyalar rolini kuchaytirishga qaratilgan islohotlar sifat jihatdan yangi bosqichda davom ettirilmoqda.

Yangi tahrirdagi Konstitutsiyaga muvofiq hokimlar va mahalliy Kengashlar vakolatlarini ajratish nazarda tutildi. Yaʼni viloyat, tuman va shahar hokimi lavozimini egallab turgan shaxs bir vaqtning oʻzida Kengash raisi lavozimini egallashi mumkin boʻlmaydi.

Bu jarayon Toshkent shahri va viloyatlar miqyosida 2024-yildan, tuman va shaharlarda esa 2026-yildan boshlanishi belgilangan. Bu, birinchidan, hokimliklarning masʼuliyati va javobgarligini oshiradi. Ikkinchidan, hokimliklar va mahalliy Kengashlarning vazifalari takrorlanishiga barham beradi. Uchinchidan, mahalliy vakillik organlarining xalq nomidan muhim siyosiy qarorlarni mustaqil qabul qilib, ijro hokimiyati organlari ustidan taʼsirchan Kengash va deputatlik nazoratini oʻrnatish imkonini beradi. Bunday yangi yondashuv natijasida hokimiyatlar boʻlinishi prinsipi mahalliy darajada ham toʻlaqonli tarzda tatbiq etiladi.

Ochigʻini aytish kerak, avvallari mahalliy Kengashlar deputatlari majlislarda nomiga qatnashib, qoʻl koʻtarib, chapak chalib chiqib ketardi. Soʻnggi yillarda Prezidentimiz hududlarni rivojlantirish borasidagi dasturlar ijrosini nazorat qilish, aholi muammolarini dadil koʻtarib chiqish hamda ularning hal etilishida mahalliy Kengashlar faoliyati taʼsirchanligini, samaradorligini oshirish borasida qator tashabbuslarni ilgari surib kelmoqda.

Jumladan, Senat mahalliy Kengashlar ishini rivojlantirish va muvofiqlashtirib borishda ularga yaqindan koʻmak bera boshladi. Ularda doimiy asosda faoliyat yurituvchi kotibiyatlar tashkil etildi va Senat Kengashi qarori bilan xalq deputatlari viloyat, tuman, shahar Kengashi kotibiyatining namunaviy tuzilmasi hamda nizomi tasdiqlandi.

Mahalliy Kengashlarda kotibiyat mudiri lavozimiga deputatlar orasidan masʼuliyatli, tajribali, jamoatchilik orasida obroʻ-eʼtiborga ega nomzodlar saylandi, kotibiyat mutaxassisi lavozimiga sohani yaxshi tushunadigan, yetarlicha tajribaga ega, tashabbuskor kadrlar jalb etildi. Mahalliy Kengashlar faoliyatini raqamlashtirish maqsadida sinov tariqasida “kengash.gov.uz” platformasi ishga tushirildi.

Mahalliy Kengashlar huzuridagi doimiy komissiyalar tarkibi qayta koʻrib chiqildi va ular faoliyati Senat qoʻmitalari yoʻnalishiga mos tarzda tubdan qayta tashkil etildi. Hozir har bir qoʻmita raisi oʻz yoʻnalishidan kelib chiqqan holda doimiy komissiyalar bilan birgalikda hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturlarining bajarilishini oʻrganib, mavjud muammo va kamchiliklarning joylardagi ijro hokimiyati tomonidan hal etilishiga erishib kelmoqda. Ayrim ijtimoiy jihatdan muhim sanalgan oʻtkir muammolar Senatning yalpi majlislarida mutasaddilar ishtirokida muhokama qilinib, ularni hal etish yuzasidan tegishli qarorlar qabul qilinmoqda.

Shuningdek, Senat Raisi tomonidan uch oyda, qoʻmita raislari tomonidan har chorakda mahalliy Kengashlar kotibiyati xodimlari, doimiy komissiya aʼzolari hamda deputatlarning malakasini oshirib borish maqsadida oʻquv-seminarlar uyushtirish yoʻlga qoʻyildi. Shu kungacha oʻtkazilgan 50 dan ortiq mana shunday oʻqishlarda deputatlarning huquqiy-siyosiy, ijtimoiy-iqtisodiy bilimlari boyitildi, ularning oʻz faoliyatini samarali tashkil etish borasidagi koʻnikmalari rivojlantirildi. Mahalliy Kengashlar kotibiyatlari faoliyatini toʻgʻri va samarali yoʻlga qoʻyish maqsadida tegishli uslubiy qoʻllanmalar ishlab chiqildi.

Umuman olganda, amalga oshirilayotgan bu kabi amaliy ishlar natijasida soʻnggi yillarda mahalliy Kengashlar faoliyati sezilarli darajada jonlandi. Senatning mahalliy vakillik organlari faoliyatiga koʻmaklashish bilan bogʻliq vakolatning endilikda Bosh qomusimizda mustahkamlab qoʻyilishi parlament yuqori palatasining hududlar manfaatini ifoda etadigan organ sifatidagi hamkorlik ishlarini yangi bosqichga olib chiqishiga keng imkoniyat yaratadi.

Shundan kelib chiqqan holda Senat Kengashining tegishli qarori bilan yuqori palata devoni tarkibida Hududiy vakillik organlari faoliyatini oʻrganish markazi ochildi. Bundan koʻzlangan asosiy maqsad mahalliy Kengashlar faoliyatini tashkil etishga tizimli, maqsadli va kompleks yondashuvni yoʻlga qoʻyish, ularni jarayonga faol jalb qilishdan iboratdir.

Jumladan, markaz faoliyatining asosiy yoʻnalishlari sifatida mahalliy Kengashlarga huquqiy, axborot-tahliliy hamda ilmiy-uslubiy jihatdan koʻmaklashish, ularning norma ijodkorligiga doir faoliyatini monitoringdan oʻtkazib borish va zarur tavsiyalarni ishlab chiqish, ularni yangi qabul qilinayotgan qonun hujjatlaridan doimiy xabardor etib borish maqsadida muntazam oʻquvlar uyushtirish kabi muhim vazifalar belgilab olindi.

Biz soʻnggi paytlarda parlament nazoratini yoʻlga qoʻyish borasidagi ish uslubimizni tubdan oʻzgartirdik. Ijro hokimiyati vakillari bilan birgalikda mavjud muammoli masalalarga kompleks yondashuv asosida iloji boricha ularni joyida hal etish yoki bu borada aniq natijaga qaratilgan chora-tadbirlarni belgilash va ularning bajarilishini nazoratga olishga erishmoqdamiz.

Joriy yilning sentyabr-oktyabr oylarida Senat aʼzolari, mahalliy Kengashlar deputatlari, yuqori palata devoni xodimlaridan iborat ishchi guruhlar Andijon, Namangan va Fargʻona viloyatlarini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish boʻyicha dasturlar hamda Prezidentimiz tashrifi davomida berilgan vazifalar ijrosi holatini oʻrgandi. Senat Kengashining joylarda oʻtkazilgan sayyor majlislarida masʼul vazirlik va idoralar vakillari, viloyat va tumanlar rahbarlari ishtirokida oʻrganishlar natijalari koʻrib chiqildi.

Shuningdek, Surxondaryo, Xorazm, Qashqadaryo va Buxoro viloyatlarida tashkil etilgan chuqur tahliliy oʻrganishlar natijalari Senat yalpi majlislari va Kengash yigʻilishlarida jiddiy muhokama qilindi.

Jumladan, hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, ularning investitsiya va eksport salohiyatini oshirish boʻyicha yoʻl qoʻyilgan kamchiliklar va mutasaddi rahbarlarning bu boradagi shaxsiy masʼuliyati tanqidiy koʻrib chiqildi. Xususan, belgilangan makroiqtisodiy koʻrsatkichlarga toʻliq erishilmasdan qolayotgani, oilaviy tadbirkorlik dasturlari doirasida ajratilgan mablagʻlardan foydalanish talab darajasida emasligi, sanoat zonalarida infratuzilma obyektlarining qurilishi yakuniga yetkazilmaganligi sababli ularni toʻliq quvvatda ishlatish imkoni boʻlmayotganligi kabi muammolarni hal etish boʻyicha manzilli dasturlar ishlab chiqish va ularning bajarilishini nazoratga olish yuzasidan Senat qarorlari qabul qilindi.

Soʻnggi yillarda mamlakatimizda xalqimiz hayotini tubdan yangilash, jamiyatimizning yangi, demokratik qiyofasini yaratishga qaratilgan islohotlar koʻlami borgan sayin kengayib, izchil davom etmoqda. Bularning barchasi inson manfaatlari, haq-huquqlari va erkinliklarini taʼminlashga qaratilgani, avvalo, xalqimiz, qolaversa, dunyo hamjamiyatining eʼtirofiga sabab boʻlmoqda.

Albatta, yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizni jamiyat va davlat hayotining barcha jabhasiga tatbiq qilish, ijro organlari faoliyatini shu asosda tashkil etishni taʼminlash, yurtdoshlarimizning qalbida “Yangi Oʻzbekiston Konstitutsiyasi — mening Konstitutsiyam” degan faxr-iftixorni yanada yuksaltirish, albatta, bunday yangilanishlarni ular, avvalo, kundalik hayotlarida his etishiga erishish borasida biz, xalq vakillari zimmasida juda zalvarli vazifalar turibdi. Ularni amalga oshirish uchun har qachongidan koʻra faollik, masʼuliyat va fidoyilik bilan mehnat qilishimiz talab etiladi.

Tanzila NORBOYEVA,

Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер