Kelajakka umid uygʻotgan ragʻbat

11:44 17 Iyul 2025 Jamiyat
147 0

Abdunabi ALIQULOV/“Xalq soʻzi”. — Tanamda ogʻriq turib doʻxtirga borsam, obdon soʻradi, tekshirdi, soʻng biroz oʻylanib turdiyu kasallikni ancha oʻtkazib yuboribsiz-da, ertaroq kelsangiz boʻlmaydimi, —dedi. Yuragim shuv etdi, bexosdan boshim aylanib devorga suyanib qolibman.

Davolanishga tushdim, ammo bir oylar chamasi oʻtsa-da, foydasini koʻpam sezmadim. Shu orada qizim ruhiy xastalikka chalindi. Dard ustiga chipqon boʻldi bu. Yashashdan ham, ishlashdan ham koʻnglim sovidi. E, xudo deyman, men-ku ozmi-koʻpmi yashadim, koʻrdim, qizimda ne gunoh, axir u norasida-ku?!

Shunday kunlarning birida boshqarmaning yangi boshligʻi Xivaga kelgan, sizni soʻrayapti, ishxonaga keling, deya qoʻngʻiroq qilishdi. Shuncha kun ishga borolmadim, arizangizni yozing, keting, desa kerak, boshqa nimayam, derdi, oʻylayman. Nachora, buyam xudoning bir sinovidir. Boshimda ming bir oʻylar charx uradi, endi nima qildim?..

Xorazm viloyati veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish boshqarmasi boshligʻi Sherzod Abilov boʻy-basti kelishgan yigit ekan, hammasini eshitdim, sogʻayib keting opa, biz esa sizga mana bu texnikani lozim koʻrdik, muborak boʻlsin, charchamang! Shu mototsiklga minib toʻxtamang ham, dedi. Hamkasblarim gurra qarsak chalishdi. Texnikaning kalitini qoʻlimga olayapmanu sevinganimdan beixtiyor koʻzimdan duv-duv yosh toʻkiladi deng. Mana, 25-yildan oshdiki, Xiva tumanida vetfeldsher boʻlib ishlayapman, ammo bu orada hech kim menga na rahmat, na bir ogʻiz shirin gap aytgandi.

Yap-yangi mototsikl — bu mukofot, tushimga ham kirmagan. Hayratdaman, hayratda! Texnikani minib koʻrdim, zoʻr ekan, juda ishbop, asbob-uskunalar qoʻyadigan joyim ham bor deng.

Xivalik oddiy qishloq ayoli, texnikumda oʻqib, oʻzi sevgan kasbda ishlab qadr topgan Muyassar Bobojonova biz bilan xayrlashar chogʻ yanada koʻtarinki kayfiyatda shunday dedi:

— Aytsam ishonmaysiz. Yaqinda navbatdagi yarim yillik tibbiy koʻrikdan oʻtdim, muolaja natija beribdi. Sogʻayishni boshlabman. Qizimda ham oʻzgarish bor, bu behad quvonganim, oilamizda yashashu ishlashga ragʻbatim oshganidan, albatta. Yaratganning qudratidan lolman. Ayni shu kezda dilimdagi gapni esa aslo mubolagʻa demang: men kabi oddiy kishilarni, nochor oilalarni qoʻllab-quvvatlayotgan Yangi Oʻzbekiston boqiy bor boʻlsin.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер