Karvon yoʻllaridan raqamli yoʻlgacha
Xorazm vohasining ikkita tarixiy shahri Urganch va Xivani bogʻlovchi karvon yoʻli XVII asrda Abulgʻozi Bahodirxon tomonidan barpo etilgan boʻlib, asrlar mobaynida muhim savdo-sotiq hamda madaniy aloqalarni taʼminlagan. Qishda loy, yozda chang boʻladigan bu yoʻlda asrlar mobaynida ne-ne karvonlar oʻtmagan deysiz. 1997-yilda Xivaning 2500-yilligi munosabati bilan ushbu yoʻl obod qilinib, avtotransportlarning ravon harakatlanishi taʼminlandi, jumladan, trolleybuslar qatnovi ham yoʻlga qoʻyildi.
Bugungi kunda ushbu yoʻl viloyatda transport oqimi juda katta, eng tirband yoʻl hisoblanadi. Chunki, turizmning rivojlanishi tufayli, ochiq osmon ostidagi muzey shaharga tashrif buyuruvchi sayyohlar soni yildan yilga ortib bormoqda. Masalan, oʻtgan yil Xivaga 12,5 mln nafar, jumladan, 2,2 mln nafar xorijiy sayyohlar tashrif buyurdi. Bu muhim omil, shuningdek, Xiva shahri va tumanining ishlab chiqarish hamda investitsiyaviy salohiyatining ortishi Urganch va Xiva shaharlari oraligʻida qatnovchi avtotransport vositalari soni keskin oshishiga olib keldi. Natijada ushbu yoʻl hududning bugungi oʻsish surʼatlari talabiga javob bera olmay qoldi.

Prezidentimizning tashabbusi bilan Urganch va Xiva shaharlarini bogʻlovchi pullik avtomobil yoʻlining qurilishi bu masalaga eng samarali yechim boʻldi. Loyiha qiymati 120 mln dollar, umumiy uzunligi 35 km boʻlgan ushbu 4 tasmali yoʻl asfalt-beton qoplama asosida barpo etiladi. Uning oʻtkazuvchanlik qobiliyati sutkasiga 20 mingdan ortiq avtotransport vositasini tashkil qiladi. Yoʻl infratuzilmasidan 17 ta koʻprik, 11 ta yoʻl oʻtkazgich,1 ta tunnel, 5 ta maxsus oʻtish joyi boshqa inshootlar oʻrin olgan.
- Yoʻllar faqat avtotransport vositalari harakatlanadigan, yoʻlovchilar va yuklarni manzilga eltishga imkon beradigan vosita emas, balki hudud iqtisodiyotining “qon tomiri”, turizm, logistika va xizmat koʻrsatish tarmoqlarini rivojlanishiga turtki beradigan muhim omildir,- deydi iqtisod fanlari doktori, professor Tangribergan Doʻsjonov. – Shu maʼnoda Urganch va Xiva shaharlari orasida qurilayotgan yangi yoʻl nafaqat aholi va sayyohlarga qulaylik yaratadi, balki hududning investitsiyaviy jozibadorligini oshiradi, minglab yangi ish oʻrinlari yaratilishiga imkon beradi. Oʻzbekistonda birinchi pullik avtomobil yoʻli Xorazmda qurilyapti. Albatta, bu tajriba keyinchalik mamlakatimizning boshqa hududlariga ham keng tatbiq etiladi.

Yangi yoʻlda transportlarning toʻsiqlarsiz harakatlanishi tufayli manzilga yetib borish vaqti 3 barobar qisqaradi, yaʼni Urganchdan Xivaga hozir mavjud yoʻlda tirbandlik va chorrahalarda toʻxtash tufayli 1 soatda yetib borilsa, yangi yoʻlda buning uchun atigi 17 minut vaqt sarflanadi. Loyihalash ishlari “Yoʻl-loyiha byurosi” MCHJ tomonidan olib borilyapti, bosh pudratchi esa “Oʻzyoʻlkoʻprik” klasterining Toshkent filiali hisoblanadi. Hozirgi kunda yoʻl qurilishiga mingdan ortiq maxsus texnika vositalari, shuningdek, Respublikamizning turli viloyatlaridan va Turkiyadan yuqori malakali mutaxassislar jalb qilingan.
-Ushbu yoʻl qurilishida Turkiyada qoʻllaniladigan zamonaviy yechimlardan keng foydalanyapmiz, — deydi turkiyalik muhandis Bulent Bayir.- Transportlar oqimini boshqarish uchun sunʼiy intellekt asosida ishlaydigan raqamli qurilmalar oʻrnatiladi. Ular yuk mashinalari, avtobuslar, mikroavtobuslar, yengil avtomobillarni alohida aniqlaydi, vazni va soniga qarab hisob-kitob qiladi. Yoʻlning qalinligi 87 sm boʻladi, ustki ikki qatlami bitum bilan modifikatsiya qilinadi. Xorazmning iqlim sharoiti, yaʼni yozi jazirama, qishi qahraton sovuq boʻlishini eʼtiborga olib, shunga bardoshli qurilish materiallari ishlatiladi.

Bundan tashqari Xorazmda yer osti sizot suvlari sathi yuqoriligini inobatga olib avtomobil yoʻli boʻylab drenajlar oʻrnatish koʻzda tutilgan. Ushbu unikal loyiha faqat avtomobil qatnovi bilan cheklanib qolmaydi. Urganch xalqaro aeroportidan Xiva shahriga elektrlashtirilgan temir yoʻl ham barpo etilmoqda. Uzunligi 10,85 km boʻlgan mazkur temir yoʻl qurilishiga 18 mln dollar mablagʻ sarflanadi. Qurilish yakuniga yetgach aeroportga kelib tushgan sayyoh shu yerning oʻzidan zamonaviy poyezdga oʻtirib bir necha daqiqada Xivaga yetib boradi. Shu bilan birga transport tarmogʻining yana bir muhim boʻgʻini — Shovot kanali ustida yangi koʻprik qurilishi ham jadal davom etyapti.
Bir soʻz bilan aytganda, mazkur loyiha nafaqat transport infratuzilmasini modernizatsiya qilish, balki Xorazm viloyatini mamlakatning muhim transport va turizm markazlaridan biriga aylantirishga xizmat qiladi.
Odilbek ODAMBOYEV, “Xalq soʻzi”.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- “E-ekspertiza” platformasi orqali elektron hujjatlar almashinuvini yoʻlga qoʻyish tartibi tasdiqlandi
- Nodavlat sud-eksperti sifatida faoliyat yuritish yanada soddalashtiriladi
- “Istanbul Bashakshehir” mehmondan gʻalaba bilan qaytdi
- Ukrainaning uch viloyatida portlashlar qayd etildi. Qurbonlar bor
- Bu yil Oʻzbekiston Proligasida 14 ta jamoa ishtirok etadi
- Shavkat Mirziyoyev Vashington shahrida Tinchlik kengashining dastlabki yigʻilishida ishtirok etdi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring