Karantin davrida sport bilan shugʻullansa boʻladimi?

11:47 14 Aprel 2020 Sport
3060 0
Bugun televideniye va ijtimoiy tarmoqlar orqali uyda qolishga chorlovchi koʻplab chelenjlar eʼlon qilinib, hamyurtlarimiz va boshqa davlat fuqarolari tomonidan sport mashgʻulotlarini bajarayotgan videolar tarqalmoqda. Pandemiya sababli sportning barcha turlari boʻyicha musobaqalar bekor qilindi. Sportning baʼzi turlarining tarixida birinchi marotaba bu kabi holatga duch keldi. Endilikda xalqaro sport hamjamiyatlari, olimpiya qoʻmitalari va sport federatsiyalarini sportchilarning karantindan soʻngi tayyorgarligi va jismoniy holati xavotirga solmoqda. Albatta, pandemiya davrida sport masalasi biroz ahamiyatsiz boʻlib koʻrinadi, ammo yigirma birinchi asr imkoniyatlari juda keng boʻlib, endilikda sport oʻyinlarini nafaqat jismoniy mashqlar bilan, balki zamonaviy texonologiyalar yordamida aql va tafakkur kombinatsiyalari yordamida amalga oshirish mumkin.
 
Xususan, bugungi kunda shunday bir yangi sport turi – “Kibersport” atamasi paydo boʻldiki, u hozirda nafaqat ommabop sport yoʻnalishlari va yirik koʻngilochar sohalardan biriga aylandi, balki kuchli rivojlanayotgan biznes-sektoriga ham kirib bordi. Bu sport turidagi intelektual mashqlar va aqliy yetuklik, miya faoliyatida juda as qotadi. Shu sababli ham dunyoning bir qator mamlakatlarida rasman tan olgan boʻlib, mazkur faoliyat boʻyicha normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilingan.
 

Dunyo hamjamiyati tomonidan tadbiq etilayotgan majburiy oʻz-oʻzini yakkalash (samoizolyatsiya) holatida, hammadan koʻproq ye-sport geymerlari katta foyda koʻrishi kutilmoqda. Koʻp tashkilotlar karantin kunlarini zerikarli oʻtkazishdan koʻra, kun boʻyi hamkorlik oʻyinlarini, tomosha qilish, oʻynash va bu bilan nafaqat bilimlarni charhlash, balki bu orqali pul topishni taklif etishmoqda. Ular hatto eng qiziqarli oʻyinlarni bepul taqdim etishmoqda.

Tez orada toʻgʻridan toʻgʻri efirga uzatilishi rejalashtirilayotgan yoki oʻynash imkonini berayotgan kibersportga dunyo boʻylab koʻplab yangi muxlislar, tomoshabinlar oqimini koʻrishimiz mumkin boʻladi. Shubhasiz, hamma joyda sport tadbirlari bekor qilinganligi sababli koʻpchilik anʼanaviy sport turlaridan kibersport ixlosmandlariga aylanishi mumkin.

Kibersport oʻzi nima? Uning tarixi qachondan boshlangan?

Kibersport yoki elektron sport deganda virtual texnologiyalar sohasida xususan, video oʻyinlar yordamida modellashtirilgan musobaqalar tushuniladi. Kibersport – videooʻyinlar asosida yakka tartibda yoki guruh boʻlib oʻynaladigan musobaqa boʻlib hisoblanadi.

Kibersport (kompyuter sporti) yosh, jadal rivojlanayotgan soha boʻlsada, aslida, dunyoda ye-sport mahalliy sharoitda, oʻtgan asrning 70-80-yillarida rivojlana boshladi. 1972-yilda AQSHda birinchi marotaba talabalar uchun Spacewar elektron oʻyini boʻyicha musobaqa boʻlib oʻtdi va sakkiz yildan soʻng (1980-yil) AQSHning Atary kompaniyasi koʻmagida minglab oʻyinchilarni qamrab olgan keng miqyosli turnir boʻlib oʻtdi. Tez orada, yaʼni 1994-yilda Doom 2 oʻyinini ommalishi bilan elektron sport turlari Yaponiya, Koreya, Malayziya va boshqa mamlakatlarda rivojlana boshladi. Shunday boʻlsada, ushbu “sanoat”ning paydo boʻlishining boshlangʻich nuqtasi deya 1997-yilning birinchi kompyuter sport ligasi Cyberathlete Professional League tashkil etilgan sana rasman tan olinadi.

Soʻngi yigirma yil davomida kibersport koʻplab davlatlar tomonidan rasmiy sport turi sifatida tan olindi. Kibersportni Olimpiya oʻyinlari roʻyxatiga kiritish borasida faol harakatlar boshlangan. Biroq, ushbu roʻyxatga qirishda qator talablar bajarilishi lozim, shu jumladan, .eng kamida erkaklar uchun 75 ta davlatda hamda toʻrt qitʼada va ayollar uchun 40 ta davlatda hamda uchta qitʼada keng tarqalgan sport turi munosib topilishi mumkin.

Kibersportni huquqiy tartibga solish xususiyatlari

Kibersportni huquqiy tadqiqotlar obyekti sifatida tanlashning dolzarbligi shundaka, bugungi kunda bu nafaqat sport sohasi, balki koʻplab ishtirokchilarning qudratli aloqa tizimiga aylanib borayotgan jadal rivojlanayotgan sport biznesidir.

Oʻzbekistonda mazkur sportga boʻlgan qiziqish tobora kuchayib borayotganligi sababli Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
2018-yil 19-fevraldagi “Oʻzbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi faoliyatini tashkil etish toʻgʻrisida”gi PQ-3549-son qarori koʻra Oʻzbekistonda kompyuter sportini rivojlantirish uchun shart-sharoitlar yaratilishini nazarda tutuvchi Oʻzbekiston Respublikasida kompyuter sportini rivojlantirish dasturini ishlab chiqish va tasdiqlash boʻyicha Jismoniy tarbiya va sport vazirligi hamda boshqa idoralarga vazifa yuklatilgan.

Shunga koʻra, Oʻzbekiston virtual sport oʻyinlari va kiberfutbol federatsiyasi jamoat birlashmasi (20.10.2016) 2018-yil 6-avgust kuni 
oʻz faoliyatini yana-da professional tarzda tashkil etish va xalqaro standartlar talabiga moslashish maqsadida bir qator tashkiliy oʻzgarishlarni amalga oshirdi hamda “Oʻzbekiston elektron kompyuter sporti federatsiyasi” deb qayta nomlanib, Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligida qayta davlat roʻyxatidan oʻtkazildi.

Hozirda, mazkur federatsiya Oʻzbekistonda barcha elektron oʻyinlar, kompyuter sporti va kiberfutbolni rivojlantirish hamda respublika hududida turnirlarni tashkil etish, shuningdek, tashkilot ushbu yoʻnalishdagi murabbiy va kibersportchilarni tayyorlash bilan ham shugʻullanmoqda. Oʻzbekiston elektron kompyuter sporti federatsiyasi
oʻz faoliyatida Milliy olimpiya qoʻmitasi, Jismoniy tarbiya va sport vazirligi hamda Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligining virtual sport turlariga oid qarorlari ijrosini taʼminlashda faol ishtirok etmoqda.

Oʻzbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirlikning 2018-yil 15-avgustdagi 3-sonli Hayʼat qaroriga asosan Elektron kompyuter sporti sport turlari reyestriga kiritdi, Oʻzbekistonda rasman tan olindi.

Darvoqe, Respublikamizda Jismoniy tarbiya va sport vazirligi Oʻzbekiston elektron kompyuter sporti federatsiyasi bilan hamkorlikda 14-30-aprel kunlari kibersport boʻyicha “MINSPORT ONLAYN KUBOGI” musobaqasi tashkil etilmoqda. Dastlabki maʼlumotlarga koʻra 4000 dan ortqi havaskor kibersportchilar ishtirok etish uchun roʻyxatdan oʻtgan.

Kibersport tashkilotlari va sportchilarining daromadi

Elektron sport sohasidagi daromad sportchi tanlagan intizomga bogʻliq. Bugungi vaqtda, kibersport boʻyicha eng koʻp maosh olish mumkin boʻlgan turlari bu Dota 2, CS GO, World of Tanks, League of Legendslar hisoblanadi. Shuningdek, toʻgʻridan-toʻgʻri munosabatlar mavjud boʻlganligi sababli daromad sportchi ishtirok etayotgan jamoaga ham bogʻliq. Masalan, CS GO musobaqalarida qatnashadigan Astralis jamoasining oʻyinchilari oyiga 9 ming AQSH dollar olishlarini va bu mukofot pullari hamda reklama shartnomalaridagi pullarni oʻz ichiga olmasligini aytishgan. Biroq, bu dunyoda eng yuqori haq toʻlanadigan 3 ta top kuchli jamoalardan biri ekanligini ham aytib oʻtishimiz lozim.

Kibersport boʻyicha 2019-yil mart oyida Xitoyda oʻtkazilgan Jahon chempionatida (WESG) Oʻzbekiston vakili sifatida Salohiddin Esanov ishtirok etdi. WESGning Pro Evolution Soccer yoʻnalishida umumiy sovrin jamgʻarmasi 52,5 ming dollarni tashkil etib, bu summa eng yuqori uchta oʻrin egasi oʻrtasida taqsimlandi.

Shu oʻrinda alohida taʼkidlash lozimki, kibersportni barcha yoʻnalishlari boʻyicha ham rivojlanish maqsadga muvofiq emas. Oʻz ichiga jangovor va shavqatsiz xususiyatlarni olgan oʻyin turlari butun dunyoda qoralanadi va bunday turlar boʻyicha yirik musobaqalar uyushtirilishiga yoʻl qoʻyilmasligi lozim.

Sport tushunchasi, albatta, birinchi navbatda jismoniy mashqlar, yuksak iroda va aqliy yetuklik bilan baholanadi. Ammo kibersport biznes va madaniy hordiq usuli sifatida namoyon boʻladi, sportning boshqa sohasiga nisbatan tezkor va faol boʻlib hisoblanadi. Ye-sport boʻyicha yuridik maslahat agentliklarining paydo boʻlishi sport sohasi va biznes sektorida klassik huquqiy norma va qoidalarning yana-da samarali qoʻllanilishini hamda yangi bir huquqiy institut shakllanishini taʼminlaydi. Bu esa, ayni vaqtda masofaviy sportni rivojlanishiga yordam berishi mumkin.

Rahmatov Anvar Islomovich

Toshkent davlat yuridik universiteti
Intellektual mulk kafedrasi oʻqituvchisi

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер