Kambagʻallik ayb emas, ammo…
Kambagʻallik ayb emas. Ammo unga koʻnikib yashash, berilgan imkoniyatlarni rad etish, oʻz taqdirini faqat yordamga bogʻlab qoʻyish jamiyat uchun ham, inson uchun ham ogʻir oqibatlarga olib keladi. Shu bois soʻnggi yillarda mamlakatimizda, xususan Andijon viloyatida ehtiyojmand oilalarni qoʻllab-quvvatlash, ularni doimiy daromad manbaiga ega qilish va tadbirkorlikka yoʻnaltirishga qaratilgan keng koʻlamli islohotlar amalga oshirilmoqda.
Bu jarayonda har bir oilaning ichki imkoniyatlarini roʻyobga chiqarish, mahallada ijtimoiy barqarorlikni mustahkamlash va kambagʻallikni bartaraf etish ustuvor vazifa sifatida belgilangan. Davlat rahbarining kambagʻallikni qisqartirishga qaratilgan siyosati bugungi kunda oʻz ijobiy natijalarini bermoqda.
2025-yilda Andijon viloyatida kambagʻallik darajasi 9,5 foizni tashkil etib, shu toifadagi oilalar soni 73 ming 762 tani tashkil etgan edi. Bu raqamlar ortida minglab oilalarning ogʻir turmushi, ishsizlik va barqaror daromadning yoʻqligi kabi muammolar turgani shubhasiz. Shu bois viloyatda ehtiyojmand oilalarni ichki imkoniyatlardan foydalangan holda doimiy daromad manbaiga ega qilish ishlari izchil yoʻlga qoʻyildi.
Yilning ikkinchi yarmida aholini kambagʻallikdan chiqarish maqsadida “Islohotlar shtabi” tashkil etildi. Mahallalar iqtisodiy va ijtimoiy holatiga qarab toifalarga ajratildi. Kambagʻallik darajasi 3 foizgacha boʻlgan 240 ta mahalla “yashil”, 3 foizdan yuqori boʻlgan 639 ta mahalla “qizil” toifaga kiritildi. Ularning har biriga 79 ta viloyat va 560 ta tuman-shahar darajasidagi rahbarlar biriktirildi. Bu esa har bir mahallaning muammosini joyida koʻrish, har bir oila bilan yakka tartibda ishlash imkonini berdi.

Tizimli yondashuv natijasida bugungi kunga qadar 44 ming oila kambagʻallikdan chiqarildi. Yil boshiga nisbatan kambagʻallik darajasi 6,5 foizga qisqarib, 3 foizga tushdi. Ishsizlik darajasi ham 5,4 foizdan 3,7 foizga pasaydi. Bu oʻz-oʻzidan emas, balki har bir xonadonga kirib borilgan, har bir insonning imkoniyatlari oʻrganilgan maqsadli ishlar natijasidir.
Joriy yilda 61 ta yangi loyiha ishga tushirildi. Ayniqsa, chekka hududlarda aholini mahallasining oʻzida band qilish maqsadida yengil sanoatga ixtisoslashtirilgan 51 ta yangi loyiha yaratildi. Hozirga qadar ularning 16 tasi ishga tushirilib, mingdan ortiq aholining bandligi taʼminlandi. Mahalliy ishlab chiqarishning eksportga yoʻnaltirilishi ham aholi daromadini oshirishga xizmat qilmoqda. “Islohotlar shtabi” faoliyati davomida eksport qilinadigan davlatlar soni 11 taga oshib, 56 taga yetdi.
Davlat rahbari tashabbusi bilan tashkil etilgan “Islohotlar shtabi” faqat idoralarda emas, balki har bir xonadonda ham faoliyat olib borishi bilan ahamiyatlidir. Uning faoliyati orqali ehtiyojmand fuqaro aniqlanib, qobiliyati, mehnatga moyilligi va imkoniyatlariga qarab yoʻnaltirilmoqda.
Asaka tumanidagi “Ozod” mahallasi buning yaqqol misoli boʻldi. Yil boshida mahalla “qizil” toifaga kiritilgandi. Aholini doimiy daromadga yoʻnaltirishda xotin-qizlarni kasanachilik orqali ishga jalb qilish samarali boʻldi. 27 nafar ayol tikuvchilikka, 10 nafari poyabzal tayyorlashga joylashtirildi. Endilikda ular dastlabki oyda 4 million 200 ming soʻmdan oylik maosh olishdi. Bu ishlar natijasida mahallada ishsizlik 2 foizga, kambagʻallik 1,5 foizga tushdi.
— Mahallamizda aholini ish bilan taʼminlash, daromadga yoʻnaltirish bilan bir qatorda hudud infratuzilmasini yaxshilashga ham eʼtibor qaratilmoqda, – deydi mehnat faxriysi Ikromjon Abdunazarov. – Masalan, 1964-yilda qurilgan maktabimiz ancha achinarli holga kelib qolgandi. Mukammal taʼmirdan soʻng u namunali oʻquv maskaniga aylandi. Maktab yonida tashkil etilgan “Hunarmandchilik” maktabi farzandlarimizni ham taʼlim olib, ham hunar oʻrganishiga xizmat qilmoqda. 20 oʻrinli tikuvchilik sexi ishga tushirilishi esa ayni muddao boʻldi. Ilgari ishsiz boʻlgan qizlarimiz endi shu yerda ishlab, roʻzgʻoriga yordam bermoqda. Jamoatchilik nazorati maskani tashkil etildi. 19 ta kuzatuv kamerasi oʻrnatildi. Qisqasi, mahallamiz namunali kichik shaharchaga aylanib qoldi.

Davlatimiz rahbari “Mahalla — eng muhim tayanch, xalq va davlat oʻrtasidagi ishonchli koʻprik”, degan edi. Quvonarlisi, bu oʻzgarishlar oddiy odamlar taqdirida ham yaqqol aks etyapti.
— Avvallari ishsizlik tufayli uyda edim, – deydi Asaka tumanidagi elektrotexnika mahsulotlari ishlab chiqaruvchi korxona ishchisi Marhaboxon Asrorova. – Mahalla faollarining koʻmagi bilan ushbu korxonaga ishga joylashtirildim. Dastlab zamonaviy texnik vositalarni koʻrib, ularni boshqara olmasam kerak, degan hadik boʻldi. Lekin ustozlar yordami bilan oʻrgandim. Hozir mehnat sharoitim ham, turmush sharoitim ham yaxshilandi. Oylik maoshlarimni oʻz vaqtida olyapman. Oʻgʻlimni qoʻshimcha mashgʻulotlarga jalb etdim.
Mamlakatimizda aholini kambagʻallikdan chiqarish uchun barcha imkoniyatlar ishga solinmoqda. Davlat grant, loyiha, ish oʻrni, oʻqish va oʻrganish imkoniyatini beryapti. Ammo bu yoʻlda aholining oʻzi ham faol boʻlishi, berilgan imkoniyatlardan unumli foydalanishi zarur. Shundagina nafaqat bugungi kunimiz, balki ertangi kunimizga ham ishonch bilan qaraymiz.
Saminjon HUSANOV
(«Xalq soʻzi»).
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Oʻrta Osiyodagi eng baland yangi yil archasi — Namanganda
- Nilufardan Qobiljongacha... Qobuljon Rossiyada etnik nafrat tufayli vahshiylarcha oʻldirilgan birinchi bola emas
- Yaldo tuni: Yerliklar bugun eng uzun tun va eng qisqa kunga guvoh boʻladi
- Oʻzbekistonda YTT va oʻzini oʻzi band qilgan shaxslar QR-kodsiz faoliyat yuritsa jarimaga tortiladi
- Hokim yordamchisi kimga yordamchi?
- Muhammad Rizo Ogahiy nomidagi xalqaro mukofot sovrindorlari maʼlum boʻldi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring