Kambagʻallik ayb emas, ammo…
Kambagʻallik ayb emas. Ammo, unga koʻnikib yashash, berilgan imkoniyatlarni rad etish, oʻz taqdirini faqat yordamga bogʻlab qoʻyish jamiyat uchun ham, insonning oʻzi uchun ham ogʻir oqibatlarga olib keladi. Shu bois soʻnggi yillarda mamlakatimizda, xususan Andijon viloyatida ehtiyojmand oilalarni qoʻllab-quvvatlash, ularni doimiy daromad manbaiga ega qilish va tadbirkorlikka yoʻnaltirishga qaratilgan keng koʻlamli islohotlar amalga oshirilmoqda. Bu jarayonda har bir oilaning ichki imkoniyatlarini ishga solish, mahallada ijtimoiy barqarorlikni mustahkamlash va kambagʻallikni bartaraf etish ustuvor vazifa sifatida belgilangan.
Davlatimiz rahbarining kambagʻallikni qisqartirishga qaratilgan siyosati bugunga kelib oʻzining ijobiy samarasini bermoqda. 2025-yil boshida Andijon viloyatida kambagʻallik darajasi 9,5 foizni tashkil etib, shu toifadagi oilalar soni 73 ming 762 tani tashkil etgan edi. Bu raqamlar ortida minglab oilalarning ogʻir turmushi, ishsizlik va barqaror daromadning yoʻqligi kabi muammolar turgani, shubhasiz. Shu bois viloyatda ehtiyojmand oilalarni ichki imkoniyatlardan foydalangan holda doimiy daromad manbaiga ega qilish ishlari izchil yoʻlga qoʻyildi.

Yilning ikkinchi yarmida aholini kambagʻallikdan chiqarish maqsadida “Islohotlar shtabi” tashkil etildi. Mahallalar iqtisodiy va ijtimoiy holatiga qarab toifalarga ajratildi. Kambagʻallik darajasi 3 foizgacha boʻlgan 240 ta mahalla “yashil”, 3 foizdan yuqori boʻlgan 639 ta mahalla “qizil” toifaga kiritildi. Ularning har biriga 79 ta viloyat, 560 ta tuman-shahar darajasidagi rahbarlar biriktirildi. Bu esa har bir mahallaning muammosini joyida koʻrish, har bir oila bilan yakka tartibda ishlash imkonini berdi. Ana shu tizimli yondashuv natijasida bugungi kunga qadar 44 ming oila kambagʻallikdan chiqarildi. Yil boshiga nisbatan kambagʻallik darajasi 6,5 foizga qisqarib, 3 foizga tushdi. Ishsizlik darajasi ham 2025-yil boshidagi 5,4 foizdan 3,7 foizgacha pasaydi. Bu oʻz-oʻzidan emas, balki har bir xonadonga kirib borilgan, har bir insonning imkoniyati oʻrganilgan maqsadli ishlarning samarasidir.
Joriy yilning oʻzida 61 ta yangi loyiha ishga tushirildi. Ayniqsa, chekka hududlardagi aholini mahallasining oʻzida band qilish maqsadida yengil sanoatga ixtisoslashtirilgan 10 ming ish oʻrinli 51 ta yangi loyiha shakllantirilgani ahamiyatlidir. Hozirga qadar ularning 16 tasi ishga tushirilib, mingdan ortiq aholining bandligi taʼminlandi. Bu ishlarning yana bir muhim jihati mahalliy ishlab chiqarishni eksportga yoʻnaltirishdir. “Islohotlar shtabi” faoliyati davomida eksport qilinadigan davlatlar soni 11 taga oshib, 56 taga yetdi. Bu borada mahallada yaratilgan mahsulotning tashqi bozorga chiqib, aholi daromadini yanada oshirishga xizmat qoʻshayotgani natijasidir.

Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan tashkil etilgan “Islohotlar shtabi” faqat idoralarda emas, balki har bir xonadonda ish olib borayotgani bilan ham ahamiyatlidir. Uning faoliyati orqali ehtiyojmand fuqaro aniqlanib, qobiliyati, mehnatga moyilligi va imkoniyatlariga qarab yoʻnaltirilmoqda. Buni Asaka tumanidagi “Ozod” mahallasi misolida yaqqol koʻrish mumkin. Yil boshida ushbu mahalla “qizil” toifaga kiritilgan edi. Aholini ish bilan taʼminlashda qiyinchiliklar, infratuzilma holatining qoniqarli emasligi muammo boʻlib turgan. Avvalo, aholini doimiy daromadga yoʻnaltirish choralari koʻrildi. Ayniqsa, xotin-qizlarni kasanachilik orqali ish bilan taʼminlash samarali boʻldi. 27 nafar ayol tikuvchilikka, 10 nafari poyabzal mahsulotlari tayyorlashga jalb etildi. Endigina ish boshlagan bu ishchilar dastlabki oyda 4 million 200 ming soʻmdan oylik maosh ola boshladi. Shu kabi xayrli ishlar natijasida mahallada ishsizlik darajasi 2 foizga, kambagʻallik koʻrsatkichi esa 1,5 foizga tushdi.
— Mahallamizda aholini ish bilan taʼminlash, daromadga yoʻnaltirish bilan bir qatorda hudud infratuzilmasini yaxshilashga ham eʼtibor qaratildi,-deydi shu manzilda yashovchi mehnat faxriysi Ikromjon Abdunazarov. -Masalan, 1964-yilda qurilgan maktabimiz ancha achinarli holga kelib qolgan edi. Mukammal taʼmirdan soʻng u namunali oʻquv maskaniga aylandi. Shuningdek, maktab yonida tashkil etilgan “Hunarmandchilik” maktabi farzandlarimizni ham taʼlim olib, ham hunar oʻrganishiga xizmat qilmoqda. 20 oʻrinli tikuvchilik sexi ishga tushirilishi esa ayni muddao boʻldi. Ilgari ishsiz boʻlgan qizlarimiz, kelinlarimiz endi shu yerda ishlab, roʻzgʻoriga yordam bermoqda. Jamoatchilik nazorati maskani tashkil etildi, 19 ta kuzatuv kamerasi oʻrnatildi. Qisqasi, mahallamiz namunali kichik shaharchaga aylanib qoldi.
Davlatimiz rahbari “Mahalla — eng muhim tayanch, xalq va davlat oʻrtasidagi ishonchli koʻprik”, degan edi. Bugun aynan shu fikr oʻz tasdigʻini topmoqda. Quvonarlisi, bu oʻzgarishlar oddiy odamlar taqdirida ham yaqqol aks etyapti.

— Avvallari ishsizlik tufayli uyda edim,-deydi Asaka tumanidagi elektrotexnika mahsulotlari ishlab chiqaruvchi korxona ishchisi Marhaboxon Asrorova. -Mahalla faollarining koʻmagi bilan ushbu korxonaga ishga joylashtirildim. Dastlab zamonaviy texnik vositalarni koʻrib, ikkilanib qoldim. Ularni boshqara olmasam kerak, degan hadik boʻldi. Lekin ustozlar yordami bilan oʻrgandim. Hozir mehnat sharoitim ham, turmush sharoitim ham yaxshilandi. Oylik maoshlarimni oʻz vaqtida olyapman. Roʻzgʻordan oshirib, oʻgʻlimni qoʻshimcha mashgʻulotlarga jalb etdim.
Xulosa qilib aytganda, mamlakatimizda aholini kambagʻallikdan chiqarish uchun barcha imkoniyatlar ishga solinmoqda. Davlat grant, loyiha, ish oʻrni, oʻqish va oʻrganish imkoniyatini berayapti. Ammo bu yoʻlda aholining oʻzi ham faol boʻlishi, berilgan imkoniyatlardan unumli foydalanishi zarur. Zero, biz qoʻlimizga tutqazilgan baliq uchun emas, balki qarmoq uchun xursand boʻlishimiz kerak. Ana shundagina nafaqat bugungi kunimiz, balki ertangi kunimizga ham ishonch bilan qaraymiz.
Saminjon HUSANOV, “Xalq soʻzi”.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Oʻrta Osiyodagi eng baland yangi yil archasi — Namanganda
- Oʻzbekistonda YTT va oʻzini oʻzi band qilgan shaxslar QR-kodsiz faoliyat yuritsa jarimaga tortiladi
- Yaldo tuni: Yerliklar bugun eng uzun tun va eng qisqa kunga guvoh boʻladi
- Muhammad Rizo Ogahiy nomidagi xalqaro mukofot sovrindorlari maʼlum boʻldi
- Xonanda Rahmatillo Yusupov 44 yoshda vafot etdi
- Hokim yordamchisi kimga yordamchi?
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring