Kadrlarni tanlashda zamonaviy yondashuv
Foto: Xalq so‘zi
Narpay tumanida Samarqand viloyatidagi hududiy hokimliklar tashkiliy-kadrlar guruhi rahbarlari, xalq deputatlari shahar va tumanlar Kengashlari kotibiyatlari mudirlari hamda Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi vakillari ishtirokida “Kadrlarni tanlash va oʻz oʻrniga qoʻyish jarayoniga yangicha, zamonaviy yondashuvlar” mavzusida oʻquv-amaliy seminar boʻlib oʻtdi.
Unda dastlab davlatimiz rahbarining Oliy Majlis va Oʻzbekiston xalqiga Murojaatnomasida ilgari surilgan masalalarga eʼtibor qaratildi.
Qayd etilganidek, Prezidentimiz Murojaatnomada 2023-yildagi ustuvor yoʻnalishlarga toʻxtalib, birinchi yoʻnalish sifatida ixcham va samarali davlat boshqaruv tizimiga oʻtish zarurligini aytdi. Yaʼni kelasi yilda kadrlar sohasida ishlayotgan har bir rahbardan alohida masʼuliyat talab qilinishi kutilmoqda.

Davlatimiz rahbari Murojaatnomada taʼkidlaganidek, “qoʻl boshqaruvi”dan aniq natijaga ishlaydigan tizimli boshqaruvga oʻtish vaqti keldi. Maʼmuriy islohotlarning birinchi bosqichida Hukumat va vazirliklar isloh qilinib, vazirliklar soni 61 tadan 28 taga qisqartiriladi. Vazirliklarning oʻz sohasida davlat siyosatini yuritishi boʻyicha masʼuliyati va oʻrni oshiriladi. Davlat xizmatchilari soni bosqichma-bosqich 30-35 foizga qisqaradi. Iqtisod qilinadigan mablagʻlar ijtimoiy masalalarga yoʻnaltiriladi. Har bir viloyatdagi muammolarni yechish uchun har oyda joyiga chiqqan holda, “Hukumat kuni” oʻtkazilishi yoʻlga qoʻyiladi. Maʼmuriy islohotlarning ikkinchi bosqichi sifatida kelgusi yilda hududlardagi boshqaruv tizimi ham isloh qilinadi. “Davlat fuqarolik xizmati toʻgʻrisida”gi Qonun doirasida nomzodlar davlat lavozimlariga faqat tanlov asosida ishga qabul qilinadi. Barcha rahbarlar faoliyati samaradorlik koʻrsatkichlari asosida baholab boriladi. Har yili 500 nafar mutaxassis eng nufuzli xorijiy oliygoh va markazlarda oʻqitiladi. Kelgusi ikki yilda har bir tuman va shahar hokimligiga respublika idoralarida yuqori lavozimlarda ishlagan, bilimli va tajribali kadrlar qoʻyiladi. Yangi yildan boshlab har bir hokim oʻz tumaniga 40-50 million dollar xususiy investitsiyalarni olib kelishi kerak boʻladi.
— Samarqand shahri xalqaro turizm va biznes markazi, Namangan esa sanoat, tadbirkorlik, taʼlim, madaniyat sohalarida mintaqaviy markaz sifatida oʻz oʻrnini topmoqda. Shu bois, Murojaatnomada Samarqand va Namangan shaharlarini alohida maʼmuriy-hududiy birliklar sifatida respublika boʻysunuviga oʻtkazish taklif qilindi, — deydi Samarqand viloyati hokimligi tashkiliy-kadrlar guruhi rahbari Behzod Rahmatullayev. — Ushbu yoʻnalishda Samarqand shahri boshqaruviga yangicha uslubda ishlaydigan, kreativ fikrlaydigan rahbarlarni tanlab, joy-joyiga qoʻyish masalasi oldimizda turibdi. Bugungi seminar barcha ishtirokchilarga bu borada bilim va tajriba almashish imkonini beradi.
Tadbirda hududiy hokimliklar tashkiliy-kadrlar guruhlari faoliyati samaradorligini yanada oshirish, Xalq deputatlari shahar va tumanlar Kengashlari kotibiyatlari ishini yangi bosqichga olib chiqishga doir dolzarb vazifalar, hokimliklar tizimida xodimlarni ishga qabul qilish jarayonida ochiq tanlov talablari buzilishi holatlarining oldini olish, amaldagi va istiqboldagi kadrlar zaxirasini munosib nomzodlar bilan toʻldirish kabi mavzularda maʼruza va taqdimotlar qilindi.

Tadbir doirasida Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablar agentligi tizimidagi Narpay ixtisoslashtirilgan maktabida tuman mahalla fuqarolar yigʻinlarida faoliyat yuritayotgan hokim yordamchilari, yoshlar yetakchilari, xotin-qizlar faollari va istiqbolli kadrlar zaxirasiga olingan yoshlar bilan davra suhbati ham boʻlib oʻtdi.
Shuningdek, ishtirokchilar Narpayda yangidan ishga tushirilgan «Samarqand SILK AO» MCHJ, “NBA ALLIANZ” hamda “Maroqand sifat” klasterlarda yaratilgan ish oʻrinlari bilan tanishdilar.
Abdulaziz Yoʻldoshev, “Xalq soʻzi”.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- “Oʻtgan bahsda konsentratsiya biroz joyida emas edi. Shu sababli “jinnicha” xatolarga yoʻl qoʻydik” — Fabio Kannavaro
- AQSH mudofaa xarajatlari tufayli NATO boʻyicha ittifoqchilarini himoya qilishdan voz kechishi mumkin
- Ben Kingsli ishtirok etgan Islom sivilizatsiyasi markazi haqidagi film New York Festivals 2026 finaliga yoʻl oldi
- Shavkat Mirziyoyev Saudiya Arabistoni Podshohligi Valiahdi Muhammad bin Salmon Ol Saud bilan telefon orqali muloqot qildi
- Toshkentda qilichbozlikning sablya yoʻnalishi boʻyicha Jahon kubogi bosqichi start oldi
- “Dronlar dueli” yoxud Ukrainadan Erongacha boʻlgan sinov poligonlarida shakllangan yangi dunyo tartibi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring