Yoʻllar ravon boʻlsa…

13:12 19 Noyabr 2024 Jamiyat
308 0

Saminjon HUSANOV/“Xalq soʻzi”. Bundan oʻn-oʻn besh yillar muqaddam samarqandlik bir tanishim ish yuzasidan Fargʻona vodiysiga keldi. Uning eʼtiborini tortgan ilk jihat yoʻllarning keng va ravonligi boʻlgandi. Oradan yillar oʻtdi. U esa hali-hanuz Fargʻona vodiysi haqida soʻz ketgudek boʻlsa “Vodiyning yoʻllari zoʻrda!” deb qoʻyadi.

Bu eski gap, albatta, biroq uning qadri hamon yangidek. Sababi, nafaqat avtomobil qatnovi yoʻllari, balki ichki koʻchalar ham taʼmirlanib, aholi uchun qulay sharoitlar yaratilmoqda. Andijon viloyatida joriy yilning oʻtgan davri mobaynida 63 ta obyekt boʻyicha umumiy qiymati 79,4 milliard soʻmga teng loyihalar doirasida 221,2 kilometr ichki yoʻllar taʼmirlanib, foydalanishga topshirildi. Bu xayrli ishlar natijasida Oltinkoʻl tumanidagi “Qayirma” mahallasida yashovchi fuqarolarning ham uzoq yillik muammolari ijobiy yechim topdi.

— Hududimizda taʼmirtalab boʻlmagan koʻchaning oʻzi qolmadi, — deydi mahalla raisi Oʻtkirbek Normatov. — Mahalladoshlarimiz qirq yildirki, ravon yoʻlning orzusida yashadi. Respublikamizda manzillar infratuzilmasini shakllantirish orqali aholi turmush sharoitini yaxshilashga boʻlgan eʼtibor tufayli oʻtgan yili 3 ta koʻchamiz taʼmirlangan edi. Bu yil yana 6 ta koʻchamizda asfaltlash ishlari bajarildi. Hozirga kelib mahallamizda taʼmirtalab yoʻl qolmadi.

Aytish joiz, ichki yoʻllarni taʼmirlashda fuqarolarning oʻzaro hamjihatligi, mavjud muammolarga birgalikda yechim izlashlari muhim ahamiyat kasb etmoqda. Buni “Tashabbusli byudjet” loyihasi misolida ham koʻrish mumkin.

— “Ochiq byudjet” axborot portalida oʻtkazilgan “Tashabbusli byudjet” tanlovida Andijon viloyatidan 2007 ta loyiha ishtirok etdi, — deydi viloyat avtomobil yoʻllari bosh boshqarmasi boshligʻining oʻrinbosari Sarvarbek Mittilayev. — Eng koʻp ovoz yiqqan 205 ta loyiha gʻolib deb topilgan. Ularning 63 tasi ichki yoʻllarni taʼmirlash bilan bogʻliq boʻlib, bu borada 82,2 milliard soʻm mablagʻ ajratilgan. Natijada 221,2 km.dan iborat ichki yoʻllarda asfaltlash ishlarini amalga oshirdik.

Aslida masʼullardan bajarilgan ishlar yuzasidan raqamlarni soʻrashga hojat yoʻq. Boisi, mavzuga doir oʻzgarishlar koʻz oʻngimizda namoyon boʻlmoqda. Shunday boʻlgani holda ayrim joylarda, ayniqsa, chekka hududlarda aholini qiynab kelayotgan muammolar hali-hanuz uchrab turibdi.

— Har gal televizorda yoʻllarning taʼmirlanayotgani haqidagi lavhalarni koʻrsam, “Bu islohotlar bizning mahallaga ham yetib kelarmikin?” deyman, — deydi Qoʻrgʻontepa tumanidagi “Yorti boshi” MFYda istiqomat qiluvchi Abdulaziz Qamchiyev. — Yolgʻon boʻlmasin, baʼzi koʻchalarimizdagi ichki yoʻllar beton qoplamadan iborat. Biroq “Dil izhori” nomli koʻchamizning loaqal shagʻal toʻkilmagan joylari ham koʻp. Shu qishloqda tugʻilib, yaqinda nafaqaga chiqdim. Ammo mahallamizning yagona avtomobil yoʻlida qachon taʼmirlash ishlari amalga oshirilganini eslay olmayman. Sobiq ittifoq davrida bosilgan asfalt koʻchib, yoʻlni abgor holatga aylantirdi. Oʻtgan yili qoʻshni mahalla boʻlmish “Qizil toʻqay”da keng koʻlamdagi obodonlashtirish ishlari amalga oshirildi. Endigi navbat biz tomonlarga boʻlsa ajabmas, deya umid qilib turibmiz.

Jalaquduq tumanidagi “Qutlugʻ” mahallasi nafaqat Andijon viloyatining, balki respublikamizning ham chekka hududlaridan biri hisoblanadi. Shundoqqina Qirgʻiziston Respublikasiga yondosh ushbu manzilda, afsuski, infratuzilmani shakllantirish bilan bogʻliq muammolar mavjud.

— Men ushbu mahallaning “Taraqqiyot” koʻchasidagi xonadonda yashayman, — deydi Karimaxon Teshayeva. — Otalarimizning aytishicha, bundan 60-yillar muqaddam shu koʻchaga ham asfalt bosilgan ekan. Bu xotiralar biz uchun ertak boʻlib qoldi. Sababi, shu mahallada tugʻilib, salkam oltmish yoshni qarshilayotgan boʻlsa hali biror marta quruq yoʻldan yurganim yoʻq. Esimni tanibmanki, yozda chang, qishda loy koʻchada yuramiz. Qoʻshnilar birgalikda shagʻal yotqizgan paytlarimiz boʻlgan, biroq xursandchiligimiz nari borsa uch oyga yetardi, xolos. Bizning ham koʻchaga masʼullar eʼtibor qaratib, hech boʻlmasa shagʻal toʻkishda yordam bersalar yaxshi boʻlardi.

Afsuski, shu kabi misollarni har bir hududda uchratish mumkin. Bu esa sohada hali bajarilishi muhim boʻlgan vazifalar bisyorligidan dalolatdir. Shunday boʻlsada, suhbatdoshlarimizni “Mana koʻrasiz, navbatdagi obodonlashtirish ishlari amalga oshiriladigan koʻcha aynan sizning koʻchangiz boʻladi”, deya yupatdik va bu gapga oʻzimiz ham ishonishni xohladik.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер