Ijtimoiy sohalarga koʻproq mablagʻ ajratiladi

13:57 20 Dekabr 2022 Jamiyat
463 0

Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi fraksiyasi yigʻilishida dastlab “2023-yil uchun Oʻzbekiston Respublikasining davlat byudjeti toʻgʻrisidagi”gi qonun loyihasini koʻrib chiqdi.

Taʼkidlanganidek, 2023-yilda ijtimoiy soha xarajatlari yana oshiriladi. Xususan, maktabgacha taʼlim muassasalarini moliyalashtirishga byudjetdan 11,0 trln soʻm yoki 2022-yilgi kutilayotgan ijroga nisbatan 10,7 foiz koʻp mablagʻ yoʻnaltirish rejalashtirilgan.

Umumiy oʻrta taʼlim xarajatlari 37,0 trln soʻmni yoki 2022-yilgi kutilayotgan ijroga nisbatan 13,5 foizga oshgan holda Davlat byudjeti jami xarajatlarining 14,3 foizini yoʻnaltirish rejalashtirilgan. Oliy va oʻrta-maxsus taʼlim xarajatlari 10,4 trln. soʻmni yoki 2022-yilgi kutilayotgan ijroga nisbatan 31,5 foizga koʻp mablagʻ yoʻnaltirish koʻzda tutilgan.

Muhokamalar chogʻida fraksiya aʼzolari qonun loyihasining har bir moddasini sinchiklab tahlil qildi va hukumat vakillarini ayrim masalalarda savolga tutdi. Qaysidir xarajatni koʻpaytirish, qaysinisidir kamaytirish boʻyicha oʻz takliflarini berdi.

Shuningdek, byudjet xarajatlari ochiq-oshkora boʻlishi, vazirliklar, davlat idoralari uning har bir soʻmidan samarali foydalanish lozimligi yuzasidan nazoratni yanada kuchaytirish boʻyicha oʻz fikr-mulohazalarini bildirib, qonun loyihasini maʼqulladi.

Shundan soʻng fraksiya aʼzolari “Davlat boji toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish haqida”gi qonun loyihasini muhokama qildi.

Ushbu hujjatning qabul qilinishi orqali kelgusida Tadbirkorlik faoliyatini qoʻllab-quvvatlash davlat jamgʻarmasi mablagʻlarining ortiqcha xarajatlarga sarflanishining oldi olinadi. Eng muhimi, byudjet tizimlari mablagʻlaridan oqilona foydalaniladi.

Fraksiya aʼzolari qonun loyihasini koʻrib chiqish jarayonida uni yanada takomillashtirish, pishiq-puxta holatga keltirish boʻyicha bir qator takliflarni ilgari surdi. Oʻz navbatida, loyihadagi ayrim normalar yuzasidan turli savollarni oʻrtaga tashlashdi.

Yigʻilishda koʻtarilgan barcha savollarga batafsil javoblar olingach, qonun loyihasi deputatlar tomonidan qoʻllab-quvvatlandi.

Fraksiya yigʻilishida kun tartibidagi masalalar yuzasidan tegishli qarorlar qabul qilindi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?