Ijtimoiy-iqtisodiy dasturlarni amalga oshirishga yo‘naltirilgan investitsiyalar hajmi ortib bormoqda
Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Budjet va iqtisodiy islohotlar qo‘mitasi hamda Senatning Budjet va iqtisodiy islohotlar masalalari qo‘mitasi tomonidan Barqaror rivojlanish oyligi doirasida “Barqaror rivojlanish maqsadlari Global sheriklik doirasida amalga oshirish vositalarini mustahkamlash va ishlarni faollashtirish” mavzusida xalqaro ekspertlar ishtirokida muloqot o‘tkazildi.
Ta’kidlanganidek, mamlakatimizda barqaror rivojlantirish maqsad va vazifalarining 2030 yilgacha bo‘lgan davrda amalga oshirilishini ta’minlash, sohada parlament va jamoatchilik nazoratini o‘rnatish, mamlakat taraqqiyotini belgilab beruvchi muhim hujjatlar va davlat dasturlarini amalga oshirishda Barqaror rivojlanish maqsadlari bilan uyg‘unlikni ta’minlashga qaratilgan keng qamrovli ishlar amalga oshirilmoqda.
Muloqot davomida mamlakatni barqaror rivojlantirishning bir qancha jabhalari bo‘yicha qizg‘in muhokamalar o‘tkazildi. Xususan, mamlakatimizda amalga oshirilayotgan ijtimoiy-iqtisodiy dasturlarning ijrosini ta’minlashda ichki va tashqi manbalar va resurslarni safarbar etish va ulardan samarali foydalanish masalalari bo‘yicha Iqtisodiyot va moliya vazirligi, Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi hamda Statistika agentligining tegishli axborotlari tinglandi.
Muhokamalar chog‘ida chetdan jalb etilayotgan qarz mablag‘lari hamda Davlat qarzi darajasini mamlakatning moliyaviy-iqtisodiy holati barqarorligini ta’minlaydigan darajada ushlab turishga alohida e’tibor berildi. Ko‘rilayotgan chora-tadbirlar natijasida ayni paytda davlat qarzi yalpi ichki mahsulotga nisbatan 36,8 foizni tashkil etgani hamda xalqaro tashkilotlar tomonidan “mu’tadil” darajada deb baholanayotgani yig‘ilish ishtirokchilari tomonidan e’tirof etildi.
Deputatlar makroiqtisodiy barqarorlikni mustahkamlash va davlat qarzi darajasini qonunda belgilangan xavfsizlik darajasidan oshib ketmasligini ta’minlash borasida bir qator taklif va tavsiyalar berdilar.
Yig‘ilishda shuningdek, ijtimoiy rivojlanish dasturlarini amalga oshirishda davlat bilan xususiy sektor, nodavlat notijorat tashkilotlari o‘rtasidagi samarali sheriklikni rag‘batlantirish masalalari ham muhokama qilindi. Ayniqsa, ijtimoiy sohani rivojlantirish dasturlarini amalga oshirish uchun xorijiy investitsiyalarni jalb qilish masalalari deputatlarning e’tiborida bo‘ldi.
Qayd etilganidek, xorijiy investitsiyalarning ijtimoiy – iqtisodiy dasturlarni amalga oshirishga yo‘naltirilgan investitsiyalar hajmi yil sayin ortib bormoqda. O‘zlashtirilgan mablag‘lar asosan energetika, transport infratuzilmasi, kommunal xo‘jalik, qishloq va suv xo‘jaligi, shahar va qishloqlar infratuzilmasini yaxshilash, sog‘liqni saqlash, ta’lim va boshqa sohalarni rivojlantirishga oid dastur va loyihalarni amalga oshirishga yo‘naltirilmoqda.
Tadbir ishtirokchilarining aytishicha, O‘zbekiston Respublikasi MDH mamlakatlari va dunyoda birinchilardan bo‘lib BRMni maqsadli moliyalashtirishga qaratilgan Sovereign SDG davlat yevroobligatsiyalari bozorlarga joylashtirdi. Shu bilan birga, 2023 yilda O‘zbekiston Respublikasi tomonidan ilk marta milliy valyutada “yashil” maqomiga ega 4,25 trln. so‘m miqdorida suveren xalqaro obligatsiyalar, 660,0 mln. dollar miqdoridagi xalqaro obligatsiyalar London fond birjasida joylashtirilgan.
Yig‘ilish davomida O‘zbekiston Respublikasining milliy barqaror rivojlanish maqsadlari indikatorlari yuritilishi amaliyoti joriy etilganligi alohida e’tirof etildi.
Shuningdek, fan va innovatsiyalar sohalarida xalqaro hamkorlikni kengaytirish, texnologiyalar va innovatsiyalarni rivojlantirish hamda Milliy barqaror rivojlanish maqsadlari monitoringi bo‘yicha statistikani takomillashtirish va boshqa bir qancha masalalar atroflicha muhokama qilindi.
Qizg‘in bahs-munozaralar davomida mahalliy va xalqaro ekspertlar tomonidan global sheriklik doirasida amalga oshirish vositalarini mustahkamlash va ishlarni faollashtirish borasidagi ishlarni yanada jadallashtirish yuzasidan fikr-mulohazalar bildirildi.
Tadbir yakunida tegishli tavsiyalar ishlab chiqildi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Oʻzbekistonda Kasbiy taʼlim agentligi tashkil etiladi
- Roʻziqul Berdiyevning matbuot anjumanidagi fikrlari yuzasidan surishtiruv oʻtkaziladi
- AQSH Rossiyaga bosim oʻtkazishning muqobil usullarini oʻrganmoqda
- Tramp Koreya yarimorolidagi mojaroga yakun yasashga vaʼda berdi
- Hindistonda “Montta” sikloni sababli qariyb 90 ming kishi evakuatsiya qilindi
- Oʻzbekistonning yangi trayektoriyasi: Asosiy xorijiy transferlar xaritasi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring