Ijtimoiy ahamiyatli loyihalar qo‘llab-quvvatlandi

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzuridagi Nodavlat notijorat tashkilotlarini va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qo‘llab-quvvatlash Jamoat fondi mablag‘larini boshqarish bo‘yicha Parlament komissiyasining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda asosiy e’tibor Prezidentimizning 2018 yil 4 maydagi “Mamlakatni demokratik yangilash jarayonida fuqarolik jamiyati institutlarining rolini tubdan oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmonini amalga oshirishda NNT, OAV hamda fuqarolik jamiyati boshqa institutlarining faol ishtirokini ta’minlash bo‘yicha bajariladigan vazifalarga qaratildi.
Ta’kidlanganidek, joriy yilda Oliy Majlis huzuridagi Jamoat fondi tomonidan e’lon qilingan davlat ijtimoiy buyurtmasini taqdim etish bo‘yicha tanlovga 26 ta NNT, OAV va fuqarolik jamiyati boshqa institutlarining 28 ta loyihasi qabul qilindi hamda bu bo‘yicha g‘oliblar aniqlandi. Davlat ijtimoiy buyurtmalari aholining ehtiyojmand qatlamlari, ayniqsa, nogironligi bo‘lgan yoshlarning sog‘lig‘ini reabilitatsiya qilish, imkoniyati cheklangan bolalar reabilitatsiyasi va moslashuvi tizimini takomillashtirishga yo‘naltirilgani bilan ahamiyatlidir.
Yig‘ilishda Jamoat fondi tomonidan birinchi hamda ikkinchi tanlov natijalariga ko‘ra g‘olib, deb topilgan NNT, OAV va fuqarolik jamiyati boshqa institutlarining muhim ijtimoiy ahamiyatga ega loyihalari qo‘llab-quvvatlanishi yuzasidan qarorlar qabul qilindi. Xususan, birinchi tanlov yakuni bo‘yicha 54 ta loyiha 1,5 milliard so‘mga, ikkinchi grant tanlovida esa 45 ta loyiha 1,25 milliard so‘mga moliyalashtirilishi qayd etildi.
Ta’kidlab o‘tilganidek, mazkur grantlarning ajratilishi Harakatlar strategiyasini “Faol tadbirkorlik, innovatsion g‘oyalar va texnologiyalarni qo‘llab-quvvatlash yili” Davlat dasturida belgilangan vazifalarni ro‘yobga chiqarishda NNT, OAV hamda fuqarolik jamiyati boshqa institutlarining faol ishtirokini ta’minlaydi.
Tadbirda bolalarning huquqlari, qonuniy manfaatlarini muhofaza qilish, intellektual salohiyatini yuksaltirish, innovatsion fikrlashini oshirish, shuningdek, aholining ijtimoiy-ma’naviy, ekologik, tibbiy madaniyatini yuksaltirish, turizmning innovatsion turlarini joriy etishda NNT faolligini kuchaytirish maqsadida uchinchi va to‘rtinchi grant tanlovlari e’lon qilindi. Joylarda ushbu tanlovlarning mavzu, yo‘nalishlari, shartlari hamda talablarini “uchinchi sektor” vakillariga keng tushuntirish ishlarini olib borish bo‘yicha vazifalar belgilab olindi.
Parlament komissiyasi a’zolari kun tartibidagi boshqa masalalarni ham ko‘rib chiqdilar va ular yuzasidan tegishli qarorlar qabul qilindi.
Ziyoda ASHUROVA.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga kirish narxlari eʼlon qilindi
- Toshkent viloyatida Abdulla Oripov uy-muzeyi ochildi
- Loyihaoldi va xarid hujjatlarini kompleks ekspertiza qilish tizimi samaradorligi oshiriladi
- “Oʻzgidromet” shoshilinch ogohlantirish eʼlon qildi
- Toshkentda “zaklatchik”larni ushlagan inspektorga muddatidan oldin mayor unvoni berildi
- Togʻ-kon sanoatidagi yirik investitsiya loyihalarini jadallashtirish chora-tadbirlari muhokama qilindi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring