Ijod bogʻi nihollari
Chin soʻz, mardonavor kalom sohibi garchi bugun oramizda boʻlmasa ham, uning xotirasiga yuksak ehtirom koʻrsatilmoqda. Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyevning adabiyot va ziyolilarni alohida hurmat qilishini hammamiz yaxshi bilamiz. Prezidentimizning, ayniqsa, Abdulla Oripov shaxsi va xotirasiga nisbatan samimiyatini barchamiz koʻrib, guvohi boʻlib kelyapmiz.
Davru davronlar, zamonlar oʻtadi, ammo Vatan ravnaqi, xalq manfaati yoʻlida fidoyilik koʻrsatganlar nomi barhayotdir. Mustaqil Oʻzbekiston davlatining madhiyasi muallifi, Oʻzbekiston Qahramoni, xalq shoiri Abdulla Oripov ham, shubhasiz, millatimizning ana shunday qadri baland farzandlaridan biridir.
Abdulla Oripov sheʼrlari millat shaʼni, or va gʻurur, quvonch va iztirob, dardu hasrat, ulugʻvor mung ifodasi sifatida dillarga kirib bordi. Biror-bir sheʼri shunchaki bitilmagan, donishmandlik nafasi ufurib turgan ijodi bois u qardosh va koʻplab xorij mamlakatlarida ham maʼlumu mashhur boʻldi.
Ulugʻ shoirimiz bir sheʼrida: “Hayot mendan ayamadi neʼmatlarini, Ne istasam, berdi doim — hech bir tonmayman”, deb yozgan edi. Darhaqiqat, yuksak iqtidor va tafakkur ato etilgan ijodkor umri davomida koʻpdan-koʻp mukofotu eʼtiroflarga erishdi. Eng muhimi, odamlar qalbidan chuqur joy oldi. Sodda va ravon, samimiy va xalqchil sheʼriyati ila yoddan chiqarib boʻlmas nom qoldirdi.
Chin soʻz, mardonavor kalom sohibi garchi bugun oramizda boʻlmasa ham, uning xotirasiga yuksak ehtirom koʻrsatilmoqda. Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyevning adabiyot va ziyolilarni alohida hurmat qilishini hammamiz yaxshi bilamiz. Prezidentimizning, ayniqsa, Abdulla Oripov shaxsi va xotirasiga nisbatan samimiyatini barchamiz koʻrib, guvohi boʻlib kelyapmiz. Shoirning rafiqasi Hanifa aya Mustafoyevaning aytishicha, Shavkat Mirziyoyev poytaxtning Mirzo Ulugʻbek tumani, Jizzax va Samarqand viloyatlari hokimi boʻlib ishlagan chogʻlarida ham, keyinchalik mamlakat Bosh vaziri lavozimida faoliyat yuritganida ham doim Abdulla akani yoʻqlab turgan.
Xalqning suyukli farzandiga davlat rahbari tomonidan bu qadar baland munosabatda boʻlish hech bir yurtda kuzatilmasa kerak. Oʻtmishda boʻlsa bordir, ammo bugungi shiddatli zamonda, adabiyotu maʼrifat, matbuot va maʼnaviyat tushunchalari kimlar uchundir eski davrda qoldi, deya talqin qilinayotgan kunimizda ijodkor shaxsiyati, ziyolilarga mamlakatimiz rahbarining alohida eʼtiboridan xulosa chiqaradiganlar kamayib ketgandek, nazarimizda.
Boʻlgʻusi Renessansning uzviy halqasi
Holbuki, uchinchi Renessans poydevori sifatli taʼlim, mustahkam tarbiya orqali shakllanadi. Kitob koʻrmagan, gazeta-jurnal oʻqimagan, umuman, ziyo omillarisiz oʻsish, yuksalish mumkin emas. Ushbu haqiqat teran anglangan yurtimizda davlatimiz rahbari tashabbusi bilan yangidan-yangi maktablar tashkil etilmoqda. Qarshi shahridagi Abdulla Oripov nomidagi ona tili va adabiyot fanini chuqurlashtirib oʻqitishga ixtisoslashtirilgan maktab-internati ham shunday maskanlardan biridir.
Yurtboshimizning: “hozir bizga Abdulla Oripov, Erkin Vohidov kabi odamlar yetishmayapti”, degan gapini eshitgansiz, albatta. Bu gap zamirida ham millatga vatanparvar insonlar har doimgidan koʻra bugun zarurligi haqidagi niyatlar mujassam. Mazkur maktabga qadam qoʻyayotganlar shu ezgu niyatlarga munosib tarzda tarbiyalanmoqda.
Taʼlim maskanida boʻlib, uning soʻnggi rusumdagi texnologiyalar bilan jihozlanganiga havas qildik. Zamonaviy oʻquv binosi, yotoqxona, oshxona, sportzal va 210 oʻringa moʻljallangan faollar zali koʻzni qamashtiradi. Maktab binosi old qismida — Abdulla Oripov nomi bilan ataladigan keng va muhtasham maydonda shoirning muazzam haykali qad koʻtargan. Binoning birinchi qavatida Abdulla Oripov muzeyi faoliyat olib bormoqda.
Hozirgi kunda 161 nafar iqtidorli va ijodkor oʻquvchi bu yerda taʼlim olmoqda. Ular orasida Toshkent, Samarqand, Surxondaryo viloyatlaridan ham oʻgʻil-qizlar bor.
Quvonarli fakt shuki, ijod maktabi ochilganidan soʻng oʻtgan 3 yil davomida bitiruvchilarning barchasi oliy taʼlim muassasalari talabalariga aylanishdi.
— Oʻquvchilar bilan qiziqishiga qarab nazm, nasr, publitsistika va tarjima yoʻnalishlarida individual tarzda ish olib boriladi, — deydi maktab-internat direktori vazifasini bajaruvchi Yoqutxon Jamolova. — Shunga koʻra, taniqli ijodkorlar taklif qilinadi, ijodiy kechalar uyushtiriladi. Darsdan tashqari vaqtda oʻquvchilarning zamonaviy kasb-hunar egallashlarini yoʻlga qoʻyish maqsadida “Veb-dizayn”, “Kompyuter grafikasi”, “Audiovizual asarlarni yaratish va qayta ishlash”, “Tasviriy va raqamli sanʼat”, “Ijodiy toʻgarak”, “Aktyorlik mahorati”, “Musiqa sehri” toʻgaraklari faoliyat olib bormoqda.
Har yili Abdulla Oripov tavallud kuni arafasida ijodkor oʻquvchilarning sheʼriy bayozlarini chop ettirish anʼanaga aylangan. 2018-yilda “Abdulla Oripov izdoshlari”, 2019-yilda “Yana bahor keldi...”, 2021-yilda “Jilgʻalar qoʻshigʻi”, 2022-yilda “Mitti yulduz jilolari” sheʼriy toʻplamlari nashr qilindi.
Bundan tashqari, Prezident taʼlim muassasalari agentligi tomonidan chop ettirilgan “Ijod bogʻidan guldasta” bayoziga yurtimizdagi barcha ijod maktabi oʻquvchilari qatorida bizning oʻquv maskanimiz ijodkor yoshlarining ham sheʼrlari kiritildi.
Bilamizki, maʼnaviyatga tikilgan sarmoya samarasi koʻp-da koʻzga koʻrinavermaydi. Deylik, biror qurilishga mablagʻ ajratilsa, oz muddatda uning natijalari namoyon boʻladi. Adabiyot yoki sanʼatda esa bunday tezkor natijalarni koʻra olmaysiz: u yillar oʻtib, kishilardagi nozik did, estetik saviya, yuksak gʻoyalarga ilhomlantiruvchi manba sifatida boʻy koʻrsatadi. Bordiyu 10 — 15 yildan keyin respublikada 9 ijodiy maktabdan Abdulla Oripov, Erkin Vohidov, Zulfiya darajasidagi ijodkorlar yetishib chiqsa, mazkur maktablar oʻzini oqladi, deb bemalol aytish mumkin va bu natija qiymatini boshqa hech narsa bilan tenglashtirib boʻlmaydi. Shunday umid qilishimizga esa kichik asoslar bor: maktabda oʻtkazilayotgan barcha maʼnaviy-maʼrifiy tadbirlar oʻquvchilarning ijodkorliklariga yoʻnaltirilib tashkil etilmoqda. Muhim sanalarga bagʻishlab ijodiy ishlar tanlovi muntazam oʻtkazilmoqda. Chunonchi, buyuk mutafakkir Alisher Navoiy hamda shoh va shoir Bobur tavallud kunlariga bagʻishlab “Har satrida ulugʻ bir hikmat”, “Abdulla Oripov ijodida bahor, ona, ayol madhi”, “Abdulla Oripov ijodida buyuklar timsoli”, shuningdek, oʻzbek adabiyotining atoqli namoyandalari tavallud sanalariga atab adabiyotning nazm, nasr, dramaturgiya musiqa, tasviriy sanʼat yoʻnalishlari boʻyicha oʻtkazilgan ijodiy ishlar tanlovlari yaxshi samara berib, oʻquvchilarning ijodga muhabbatini yanada oshirmoqda.
Hayrat va havas mevalari
Oʻquv dargohi tashkil etilgandan buyon erishilayotgan yutuqlar talaygina. Oʻquvchilar qoʻlga kiritayotgan muvaffaqiyatlar ulugʻ shoir asarlaridan hayratlanish va ularga havas mevalaridir, desak, mubolagʻa emas. Jumladan, 2018-yilda maktabning 8-sinf oʻquvchisi Sevinch Omonova “Yilning eng yosh isteʼdodli shoiri” koʻrik-tanlovining respublika bosqichida ishtirok etib, faxrli 1-oʻrinni egalladi. 2019-yilda 10-sinf oʻquvchisi Eʼzoza Alisherova “Sakura ilm-fan dasturi” asosida Yaponiyada oʻtkazilgan xalqaro simpoziumda ishtirok etdi. Oʻzbek, ingliz, rus, yapon, tojik tillarini mukammal oʻrganayotgan Eʼzoza 2019-yil mart oyida Yurtboshimiz Farmoniga koʻra Zulfiya nomidagi Davlat mukofotiga sazovor boʻldi.
Abdulla Oripovning Eʼzoza tomonidan ingliz, yapon tillarida oʻqilgan sheʼrlari koʻpchilikda katta taassurot qoldirdi. Xoʻsh, Abdulla Oripov sheʼrlari nimasi bilan yaponlar eʼtiborini oʻziga tortdi? Albatta, falsafasi, badiiyati bilan. Yana bir jihat ham borki, bu haqda ijodiy uchrashuvlardan birida Abdulla Oripov bir voqeani kulgi bilan eslagandi. Shoirning aytishicha, u Yaponiyada boʻlganida, nufuzli mehmonlardan biri shoirni otasiga oʻxshatib rosa yigʻlagan, shundan beri unga yaponlarning munosabati juda iliq ekan. Qashqadaryo dashtlari shamollaridan qisilgan qiyiq koʻzli, kichik jussasiga katta masʼuliyat zalvarini olgan shoir, darhaqiqat, Kunchiqar yurt odamlariga oʻxshab ketadi, uning boʻlajak izdoshi sheʼrlari oʻsha iliqlikni qayta esga tushirgan boʻlsa ne ajab?!
Abdulla Oripov chin maʼnoda millat shoiri edi. Biroq uning ijodi faqat shu millat doirasida cheklanib qolmoqda. Demak, ijodkor sheʼrlarini xorij tillariga tarjima qilish kerak. Buning uchun kuchli tarjimon zarur, tarjimon esa badiiy ijodni chuqur anglaydigan boʻlishi darkor. Masalan, Abdulla Oripov qalamiga mansub “Jahon mehrobida paydo Alisher” yoki “Kolumbda bor alamim manim” kabi misralarni nemis yo fransuzlarga qay tarzda asl maʼnoni buzmay yetkazsa boʻladi? Shuning uchun kuchli tarjimonlar ham shu maktabning oʻzida tarbiyalanishi kerak. Modomiki, xorijiy tillarni chet ellik mutaxassislarning oʻzi oʻtsa, nur ustiga nur boʻladi. Bir yoqda shoir ijodi, bir yoqda chet tili puxta oʻrganiladi. Ikkisi bir nuqtada birlashganda esa ajoyib tarjima asari bunyod boʻladi.
Umuman olganda, mazkur maktab faoliyatini takomillashtirish boʻyicha hali qilinadigan ishlar juda koʻp. Muhimi, oʻzbekning buyuk shoiri ijodini xalqimizga yanada yaqinlashtirishga, unga munosib izdoshlar tayyorlashga erishishdir. Hamma gap — maktab jamoasining ushbu masʼuliyatni nechogʻli his qilishida.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev raisligida boʻlib oʻtgan xalq taʼlimi tizimini rivojlantirish, pedagoglarning malakasi va jamiyatdagi nufuzini oshirish, yosh avlod maʼnaviyatini yuksaltirish masalalariga bagʻishlangan videoselektor yigʻilishida taʼlim va tarbiyaning ahamiyati haqida soʻz borgan edi. Davlatimiz rahbari atoqli fransuz adibi Viktor Gyugoning: “Maktab ochgan odam bamisoli qamoqxonani yopgandek gap”, degan hikmatli iborasini misol keltirdi. Bu nima degani? Maktab, taʼlim, tarbiya bor joyda bolalar yomon yoʻlga kirmaydi, jinoyat sodir etmaydi. Demak, qamoqxonalarga zaruriyat qolmaydi.
Mamlakatimizda ulugʻ allomalarimiz — Mirzo Ulugʻbek va Muhammad al-Xorazmiy nomidagi iqtidorli bolalar maktablari, “Temurbeklar maktabi”, Prezident maktablari, xususiy maktablar singari yangi va zamonaviy namunadagi taʼlim dargohlari ochildi. Ularning har biri oʻziga xoslik kasb etib borayotgani esa quvonarlidir. Masalan, Abdulla Oripov nomidagi maktab oʻquvchilari shoir ijodi bilan qanchalik tanish? Ular donishmand shoirning sukunat ichra isyonini anglab yetishga qodirmi? Ana shunday savollarga javob topish maqsadida oʻquvchilar bilan suhbat-muloqot qilganimizda, ularning fikrlash tarziga havasimiz keldi. Ulardan biri, ayniqsa, ulugʻ shoirimizning yurtga muhabbati aks etgan sheʼrlarini juda chiroyli qilib gapirib berdi.
Vatanga muhabbat tuygʻularining ramziy ifodalari
Abdulla Oripovning “Men nechun sevaman, Oʻzbekistonni?!” deb boshlanuvchi mashhur sheʼrida hali mustabid tuzum Vatan deb uqtirib turilgan bir paytda oʻzbek adabiyotida ilk marotaba Oʻzbekiston Vatan sifatida ulugʻlanadi. Aslida davr ruhiyatini hisobga oladigan boʻlsak, shoirning dadillik bilan bildirgan bu fikrlarini qahramonlik deb baholash lozim. Sheʼrning keyingi bandlarida shoir bu yurtni sevishi sabablarini axtaradi. Har bir bandini oʻqigan oʻquvchi beixtiyor asar taʼsiriga berilib, ijodkorga qoʻshilgan holda bu savolga javob izlay boshlaydi. Misralarda tuproqni toʻtiyo sifatida koʻzga surtish, uni eʼzozlash, ona tabiat, Vatan bogʻlarini jannat, deb koʻz-koʻz qilish kabi madhiyadek yangray oladigan soʻzlarni qoʻllasa-da, biroq Furqat obrazi misolida el-yurtga sogʻinch tuygʻusining naqadar otashin ekanini, ona tuproqning qadri undan ayriliqda yaqqol his etilishiga urgʻu beradi. Shoir taʼkidlaganidek, odil tabiat tuproqni Yer yuziga teng qilib ajratgan. Lekin har bir inson uchun uning kindik qoni tomgan maʼvo afzal, qadru eʼzozga ega. Vatanga muhabbat tuygʻularining hayotiy obrazlar asosida tasvirlanishi shoirning mahoratidan dalolatdir.
Sheʼrning soʻnggi bandlaridan shoirning Oʻzbekistonni soʻlim manzaralari, unumdor tuprogʻi, serquyosh ob-havosi uchun emas, balki xalqi uchun sevishi maʼlum boʻladi. Shoir buni xalqqa, yurtiga ritorik xitob qilish orqali eʼtirof etadi hamda sheʼrning kulminatsion nuqtasini belgilaydi:
Xalqim, tarix hukmi seni agarda,
Mangu muzliklarga eltgan boʻlsaydi,
Qorliklarni makon etgan boʻlsayding,
Mehrim bermasmidim oʻsha muzlarga?
Vatanlar, Vatanlar, mayli, gullasin,
Bogʻ unsin mangulik muzda ham, ammo,
Yurtim, seni faqat boyliklaring chun
Sevgan farzand boʻlsa, kechirma aslo!
Shoʻrolar tuzumi gʻoyalarining aslida puch gʻoyalardan iborat ekanligini anglagan Abdulla Qodiriy oʻzining koʻnglidagi dardlarini “Oʻtkan kunlar” romanida Yusufbek hojiga soʻylatgan edi: “Ittifoqning ne ekanini bilmagan, yolgʻiz oʻz manfaati shaxsiyasi yoʻlida bir-birini yeb-ichkan mansabparast, dunyoparast va shuhratparast muttahamlar Turkiston tuprogʻidan yoʻqolmay turib, bizning odam boʻlishimizga aqlim yetmay qoldi. Biz shu holda ketadirgan, bir-birimizning tegimizga suv quyadirgan boʻlsak, yaqindirki oʻrus istibdodi oʻzining iflos oyogʻi bilan Turkistonimizni bulgʻatar va biz boʻlsak oʻz qoʻlimiz bilan kelgusi naslimizning boʻyniga oʻrus boʻyindirugʻini kiydirgan boʻlarmiz.
Oʻz naslini oʻz qoʻli bilan kofir qoʻliga tutqin qilib topshirguchi — biz koʻr va aqlsiz otalarga Xudoning laʼnati, albatta, tushar, oʻgʻlim! Bobolarning muqaddas gavdasi madfun Turkistonimizni toʻngʻizxona qilishga hozirlangan biz itlar yaratgʻuchining qahriga albatta yoʻliqarmiz! Temur Koʻragon kabi dohiylarning, Mirzo Bobur kabi fotihlarning, Forobiy, Ulugʻbek va Ali Sino kabi olimlarning oʻsib-ungan va nashʼu namo qilgʻanlari bir oʻlkani halokat chuqurigʻa qarab sudragʻuchi, albatta, tangrining qahriga sazovordir, oʻgʻlim! Gunohsiz bechoralarni boʻgʻizlab, bolalarini yatim, xonalarini vayron qilgʻuchi zolimlar — qurtlar va qushlar, yerdan oʻsib chiqgʻan giyohlar qargʻishiga nishonadir, oʻgʻlim!..”
Abdulla Qodiriyni bezovta qilgan millat, Vatan, istiqlol mavzulari oradan yillar kechib Abdulla Oripov ijodida ham boʻy koʻrsatdi. Shu bois oʻzbekning biri nasrda, biri nazmda ijod qilgan ikki bolasi — ikki Abdullasi bir-biriga hamohang, uygʻun. Bu davrda Abdulla Oripov sheʼrlarida baxt, orzu, istiqlol kabi ezgu tushunchalar turli ramzlar, ishoralarda boʻrtib koʻrina boshladi. Vaholanki, shoʻro shoirining qulogʻi zamon yuragida, koʻzi partiya ogʻzida boʻlishi lozim edi. Sheʼriyat olam hodisalarini ifodalash vositasi, chaqiriq, daʼvat sanalardi. Abdulla Orif esa odamning oʻzini, uning shaxsi, tuygʻular olamini asosiy qadriyat deb bildi. Shu bois insonning qalbini tadqiq etish ehtiyojini tuydi. Shoir oʻz ruhiyatini taftishdan oʻtkazar ekan, shu vaqtga qadar yozgan sheʼrlarini koʻzguning parchalanib yotgan boʻlaklariga qiyoslaydi. U oʻz sheʼrini “Koʻzgu parchalari” deb nomlash bilan olamni butun, mukammal koʻrish imkonsiz ekanligi, insoniy munosabatlardan tortib tabiat manzaralarigacha xilma-xil tarzda namoyon boʻlishi, jilolanishiga ishora qiladi:
Bir kun fazilating olsam qalamga,
Bir kun qabihliging yoygum olamga.
Bir kun koʻz yoshlaring qogʻozimdadir,
Bir kun zaharxandang ovozimdadir.
Bir kun oʻtmishingdan faryod solurman,
Bir kun iqbolingdan oʻyga tolurman.
...Oʻquvchilarning navbatma-navbat bildirgan bu kabi fikrlarini tinglab, koʻnglimiz oydinlashdi. Ularning har biri katta maqsadlarni koʻzlab istiqbolga intilayotgani ravshan boʻldi. Ayni shu oʻrinda Abdulla Oripovning mana bu soʻzlari yodga tushadi: “Ulugʻ ustozlarimizdan biri Abdulla Qahhorning “Kelajakda oʻzbek adabiyoti buyuk adabiyot boʻladi” degan gapini yaxshi bilasiz. Ustoz orzularini XXI asr oʻzbek adabiyoti — Mustaqillik davri adabiyoti amalga oshirgay, inshaalloh! “Buyuk” degan sifatni oʻzimcha sharhlab aytsam, bu adabiyot haqsuyar, xalqchil, kamalakdek serjilo, olmosdek serqirra, billurdek tiniq... xullas, har jihatdan goʻzal, chinakam badiiy adabiyot — soʻz sanʼati boʻladi. Shunday soʻz sanʼati boʻladiki, jahon ahli oʻzbekning oʻzidan avval soʻzini koʻrib, bu “oʻzbek moʻjizasi”ga yana bir karra hayrat va havas bilan maftun-mahliyo boʻlib qaraydi... Rivoj-ravnaq imkoniyatiga ega boʻlgan adabiyot va sanʼatning kelajagi esa porloq boʻlishiga aminman”.
Shoir ishonch bilan aytgan kunlar keldi! Bugun shoir ijodiga, oʻzbek adabiyotiga, sanʼatiga, mumtoz asarlarimizga xorijliklar qiziqishi tobora ortib bormoqda. Inchunin, Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan tashkil etilgan ijod maktablari tom maʼnodagi yangi gʻoya mahsulidir. Bu gʻoya xalqimiz, millatimiz maʼnaviyatini yanada yuksaklarga koʻtaradigan, buyuk ajdodlar kabi Vatan nomini sharaflarga burkaydigan yoshlarni kamolotga yetkazishdek ezgu maqsadlarni koʻzda tutadi.
Maqsud JONIXONOV,
Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi aʼzosi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- G20 sammitining Janubiy Afrikada oʻtkazilishi sharmandali holat – Tramp
- Oʻzbekiston U-17 terma jamoasi Jahon chempionatidagi ikkinchi oʻyinida magʻlub boʻldi
- Oʻzbekiston milliy terma jamoasining xalqaro musobaqa uchun qaydnomasi eʼlon qilindi
- Komiljonov Muxammadsolih Sobirjon oʻgʻlining “Salomatlik landshaftlarini tashkil etish tamoyillarini ishlab chiqish” mavzusidagi (arxitektura fanlari boʻyicha) falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasining himoyasi eʼloni
- Ukrainada jurnalistlarni olib ketayotgan avtomobil dronlar hujumiga uchradi
- Rossiya yangi urushga tayyorgarlik koʻrmoqda — Germaniya mudofaa vaziri
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring