Italiyaning Toskana hududi prezidenti Oʻzbekistonga keladi

21:56 17 Mart 2026 Siyosat
298 0

Oʻzbekistonning Italiyadagi elchisi Abat Fayzullayev Florensiya shahrida Toskana hududi prezidenti Eudjenio Jani bilan uchrashdi.

Muloqot chogʻida Eudjenio Jani shu yil iyul oyida Oʻzbekistonga tashrif buyurishini taʼkidladi. Boʻlajak tashrif davomida Toskana va Buxoro viloyati oʻrtasida iqtisodiy, investitsiyaviy, savdo va madaniy sohalarda hamkorlik toʻgʻrisidagi memorandum imzolanishi qayd etildi.

Suhbat davomida tomonlar mazkur hujjat hududlararo aloqalarni institutsional asosda rivojlantirish, ishbilarmonlik va madaniy-gumanitar hamkorlikni kengaytirishga xizmat qilishini bildirdi.

Italiya delegatsiyasining Oʻzbekistonga boʻlajak tashrifi doirasida Toskananing yetakchi kompaniyalari hamda biznes hamjamiyati vakillari oʻzbekistonlik ishbilarmonlar bilan turli uchrashuvlar tashkil etilishi rejalashtirilgan.

Delegatsiya tarkibiga toʻqimachilik, charm sanoati, farmatsevtika, mashinasozlik, qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini qayta ishlash, logistika va sertifikatlash sohalarida faoliyat yurituvchi kompaniyalar vakillarini jalb etish rejalashtirilgan. Mazkur tashrif doirasida ikki tomon ishbilarmon doiralari ishtirokida biznes-forum tashkil etiladi.

Oʻzbekiston elchisi Toskana hududining sanoatchilar va tadbirkorlar konfederatsiyasi “Confindustria Toscana” rahbariyati, “Menarini Group” farmatsevtika kompaniyasi hamda “Romualdo del Byanko” xalqaro madaniy hamkorlik jamgʻarmasi vakillari bilan ham suhbat oʻtkazdi.

Muzokaralarda Oʻzbekistonga boʻlajak tashrif kun tartibi, delegatsiya tarkibini shakllantirish, biznes-forum oʻtkazish, Buxoro, Samarqand va Florensiya oʻrtasida madaniy hamkorlikni kengaytirish masalalari muhokama qilindi.

Toskana hududi Italiyaning iqtisodiy va sanoat jihatdan yetakchi hududlaridan biri hisoblanadi. Ushbu hududda sanoat, farmatsevtika, mashinasozlik, oziq-ovqat ishlab chiqarish, moda, zargarlik va logistika sohalari rivojlangan.

2025-yil yakunlariga koʻra, hudud iqtisodiyoti hajmi 144 milliard yevroni, aholi jon boshiga hududiy ichki mahsulot esa 39,4 ming yevroni tashkil etgan. Eksport hajmining 14 foizga oʻsgani Toskananing yuqori iqtisodiy va sanoat salohiyatiga ega ekanini koʻrsatadi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер