Italiya bilan hamkorlikning huquqiy asoslari mustahkamlanmoqda
Foto: Yunus Boʻriyev/“Xalq soʻzi”
Oliy Majlis Senatining qirq yettinchi yalpi majlisida Oʻzbekiston Respublikasi bilan Italiya Respublikasi oʻrtasida ushlab berish, mahkumlarni topshirish, jinoiy ishlar boʻyicha oʻzaro huquqiy yordam toʻgʻrisidagi shartnomalarni ratifikatsiya qilish haqidagi qonunlar koʻrib chiqildi.
Muhokamalar chogʻida globallashuv, tobora kuchayib borayotgan migratsiya jarayonlari hamda terrorizm, ekstremizm, uyushgan jinoyatchilik xavfi ortib borayotgan sharoitda xalqaro hamkorlikning ishonchli huquqiy asoslarini shakllantirish masalalari nihoyatda dolzarb ahamiyat kasb etishi taʼkidlandi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 8-9-iyun kunlari Italiya Respublikasiga davlat tashrifi chogʻida qator ikki tomonlama shartnomalarning imzolangani ikki mamlakat huquqni muhofaza qilish organlari oʻrtasida hamkorlikni chuqurlashtirish yoʻlidagi muhim qadam boʻldi.
Senatorlar tomonidan koʻrib chiqilgan “Oʻzbekiston Respublikasi bilan Italiya Respublikasi oʻrtasida jinoiy ishlar boʻyicha oʻzaro huquqiy yordam toʻgʻrisidagi Shartnomani (Rim, 2023-yil 8-iyun) ratifikatsiya qilish haqida”gi Qonunda jinoyat ishlarini tergov qilish va boshqa protsessual harakatlarni amalga oshirish bilan bogʻliq holda yuridik yordam koʻrsatish asoslari va shart-sharoitlari nazarda tutilmoqda. Xususan, soʻrovlarning shakli va mazmuni, yordam koʻrsatishni rad etish yoki kechiktirish asoslari, soʻrovlarni bajarish, himoya choralari, xavfsizlik kafolatlari, shuningdek, jinoyat ishlarini taʼqibni davom ettirish uchun oʻtkazish kabi muhim masalalar boʻyicha qoidalar belgilanmoqda.

Senatorlarning fikricha, jinoyat ishlari boʻyicha oʻzaro huquqiy yordam toʻgʻrisidagi Shartnomaning ratifikatsiya qilinishi ikki mamlakat huquqni muhofaza qilish organlarining jinoyat ishlarini tergov qilish va sud muhokamasi jarayonining samaradorligini oshirishga xizmat qiladi.
Oʻzbekiston Respublikasi bilan Italiya Respublikasi oʻrtasida mahkumlarni topshirish toʻgʻrisidagi Shartnoma (Rim, 2023-yil
8-iyun) ratifikatsiya qilinishi Oʻzbekiston va Italiya fuqarolariga sud tomonidan tayinlangan jazoni oʻz mamlakatida oʻtashlari uchun huquqiy asos va imkoniyat yaratadi.

Hujjatga koʻra mahkumlarni topshirish Qonunda belgilangan tartib-taomillarga muvofiq shartnoma tuzuvchi tomonlarning murojaatlari asosida amalga oshiriladi.
Muhokamalar doirasida mahkumlarning jazoni oʻz mamlakatida oʻtashi ularga yaqin qarindoshlari bilan muntazam uchrashish imkonini yaratishi taʼkidlandi. Bu oilaviy munosabatlarga ijobiy taʼsir qiladi, shuningdek, mahkumlarning jamiyat ijtimoiy hayotiga moslashishiga yordam beradi.

Oʻzbekiston Respublikasi bilan Italiya Respublikasi oʻrtasida ushlab berish toʻgʻrisidagi Shartnomada (Rim, 2023-yil 8-iyun) har bir tomon boshqa tomonning soʻroviga koʻra oʻz hududida aniqlangan va boshqa tomon tarafidan qidirilayotgan shaxslarni jinoiy javobgarlikka tortish yoki bunday shaxslarga nisbatan chiqarilgan hukmni ijro etish uchun bir-birlariga ushlab berishi asoslari va shartlari koʻrsatilgan.
Mazkur Shartnomaning ratifikatsiya qilinishi sud muhokamasi samaradorligini oshirishga va jinoyat sodir etgan shaxslarga nisbatan jazoning muqarrarligi tamoyilini taʼminlashga xizmat qiladi.
Muhokama yakunlari boʻyicha senatorlar shartnomalar ratifikatsiya qilinishiga doir qonunlarni qoʻllab-quvvatladi.

Foto: Yunus Boʻriyev/“Xalq soʻzi”
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Hokimlik Toshkentni “yuva boshladi“. Xoʻsh, suv sepish havo ifloslanishini kamaytiradimi?
- “Adabiyot va hayot”: Sultonboy Dehqonovning shaxsiy fotokoʻrgazmasi ochildi (+fotoreportaj)
- Nogironligi boʻlgan fuqarolarga 30 mln soʻmgacha foizsiz ssuda ajratiladi
- Kambagʻallikni qisqartirish: pul emas, aql-idrok va bilim muhim
- Oʻzbekistonda xotin-qizlarga nisbatan raqamli zoʻravonlikka barham berish boʻyicha 16 kunlik kampaniya boshlandi
- “Inson Faxri” milliy mukofoti sohiblari taqdirlandi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring