Istiqlol inshootlari

11:02 02 Sentyabr 2025 Jamiyat
119 0

Mustaqilligimizning 34-yillik bayrami arafasida Andijon viloyatida qator ijtimoiy va sanoat obyektlari ishga tushirilib, aholi turmush farovonligini oshirish va iqtisodiy salohiyatni kuchaytirishga qaratilgan yirik loyihalar amalga oshirildi.

Izboskan tumani tibbiyot birlashmasi huzurida zamonaviy jihozlar bilan taʼminlangan yangi bino qurilib, foydalanishga topshirildi. 1 milliard 300 million soʻmlik ushbu loyiha tibbiy xizmat sifatini oshirishga xizmat qiladi.

“Ipak yoʻli” erkin iqtisodiy sanoat zonasi hududida “MPrint Pro” MCHJ tomonidan “Fleks bosmaxona” nomli qadoqlar ishlab chiqarish korxonasi ishga tushirildi. 8 million AQSH dollari qiymatidagi ushbu loyiha doirasida yil davomida yengil sanoat va avtomobilsozlik sohalari uchun 38 million dona yorliq va 30 million dona qutilar ishlab chiqarilishi koʻzda tutilgan.

Andijon tumanida quyosh panellari ishlab chiqaruvchi yangi korxona ham oʻz faoliyatini boshladi. 1,5 gektar maydonda qurilgan, qiymati 20 million AQSH dollariga teng mazkur inshootda yillik 180 ming dona quyosh panellari ishlab chiqariladi. Mahsulotning asosiy qismi qoʻshni davlatlarga eksport qilinadi. Bu yerda 100 ta yangi ish oʻrni yaratildi.

Shu bilan birga, Andijon tumanida “Molochnaya radost” nomli oʻzbek-tojik sutni qayta ishlash qoʻshma korxonasi ish boshladi. 5,2 million AQSH dollari qiymatidagi mazkur loyiha doirasida 200 ta yangi ish oʻrni yaratildi.

Andijon shahrida esa “Qurilish materiallari ishlab chiqarish kombinati” MCHJ oʻz faoliyatini boshladi. Bu yerda mahalliy va turk texnologiyalari asosida 26 turdagi beton mahsulotlari ishlab chiqariladi. Yillik quvvat 150–200 ming kub metr beton mahsulotini tashkil etadi.

Oltinkoʻl tumanida 2,5 kilometrdan iborat zovurning ustini yopish hisobiga tadbirkorlar uchun qulay sharoit yaratildi. Bu yerda 50 ta xizmat koʻrsatish va savdo doʻkoni faoliyat yuritishi rejalashtirilgan boʻlib, 250 ta yangi ish oʻrni yaratiladi.

Yangi korxonalar, infratuzilma va savdo obyektlarining ishga tushirilishi viloyat iqtisodiyotini yuksaltirish, aholi bandligini taʼminlash va turmush farovonligini oshirishda muhim ahamiyat kasb etadi.

Saminjon HUSANOV

“Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?