Istanbulda kuchli boʻron: koʻplab avia va parom reyslari bekor qilingan

12:40 09 Yanvar 2026 Dunyo
375 0

Kecha, 8-yanvar kuni Turkiyaning Istanbul shahrida kuzatilgan kuchli boʻron hudud aholisi va shahar infrastrukturasiga jiddiy salbiy taʼsir koʻrsatgan. Bu haqda “Anadolu” agentligi maʼlum qildi.

Manbaga koʻra, shaharning qator tumanlarida kuchli shamol oqibatida binolarning tom qismi uchib ketgan, tashqi fasad elementlari uzilib tushgan, daraxtlar qulagan va koʻplab avtotransport vositalari shikastlangan. Ayrim hududlarda kuchli yomgʻir bilan birga doʻl yogʻishi ham qayd etilgan.

Dengizdagi vaziyat ham keskinlashgan

Qayd etilishicha, Tuzla sohilida qirgʻoqqa bogʻlab qoʻyilgan ayrim qayiq va katerlar kuchli toʻlqinlar taʼsirida agʻdarilib ketgan, baʼzilari qirgʻoqqa urilib shikastlangan yoki choʻkib ketgan. Toʻlqinlar ayrim sohil yoʻllarigacha chiqib, harakatni qiyinlashtirgan.

Noqulay ob-havo sharoiti sabab shaharda transport cheklovlari joriy etilgan. Manbaga koʻra, barcha parom qatnovlari bekor qilingan, Machka va Ayyubsulton kanat yoʻllari vaqtincha yopilgan. Shuningdek, daraxt qulashi va buyumlar uchib ketishi xavfi tufayli ayrim bogʻ va dam olish hududlariga tashrif cheklangan.

Aviatsiya sohasida ham uzilishlar kuzatilgan

Xabar berilishicha, kuchli shamol taʼsirida bir yoʻlovchi samolyoti Sabixa Gyokchen xalqaro aeroportiga qoʻnishni amalga oshira olmagan va aylanma parvozga majbur boʻlgan. Istanbul aeroportida 64 ta, Sabixa Gyokchen aeroportida esa 33 ta reys bekor qilingan.

Shahar hokimiyati maʼlum qilishicha, boʻron oqibatida 26 ta daraxt qulashi, 16 ta tom uchishi va turli infratuzilma obyektlari bilan bogʻliq jami 69 ta holatga tezkor xizmatlar jalb etilgan. Ushbu hodisalar oqibatida kamida 12 ta avtomobil shikastlangan.

Istanbul viloyati hokimiyati esa umumiy hisobda 350 ta murojaat qabul qilinganini maʼlum qilgan. Ular orasida 45 ta daraxt qulashi, 89 ta tom uchishi, 214 ta xavfli qism, 1 ta tashlandiq bino va 1 ta tayanch devor qulashi qayd etilgan. Hodisalar oqibatida bir nafar fuqaro yengil tan jarohati olgan.

Mutasaddilar boʻron etishi munosabati bilan aholidan ehtimoliy tom uchishlari, daraxt qulashi, gazdan zaharlanish va suv toshqinlariga nisbatan ehtiyotkor boʻlishni soʻragan.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?