Isroil kuchlari Gʻazo bolalarini ataylab nishonga olmoqda — koʻngilli shifokorlar guruhi

13:03 15 Sentyabr 2025 Dunyo
194 0

Gʻazoda koʻngilli sifatida faoliyat yuritayotgan xorijlik shifokorlar Isroil askarlarini bolalarni ataylab nishonga olayotganlikda aybladi. Bu haqida “Al Jazeera” nashri maʼlum qildi.

Xabarda aytilishicha, hududda faoliyat yuritayotgan koʻngilli shifokorlar guruhi kasalxonaga keltirilgan yarador bolalarning aksarida bosh hamda koʻkrak qismidan oʻq yeyish holatlarini qayd etgan. 15 nafar shifokor 114 nafar voyaga yetmagan bolalarni aynan shunday jarohatlar bilan qabul qilganini bildirgan.

Amerikalik tez tibbiy yordam shifokori Mimi Sayedning taʼkidlashicha, u oʻz xizmat vazifasini bajarish chogʻida 18 nafar bolaning bosh hamda koʻkrak qismidan oʻq yeganiga guvoh boʻlgan.

Yana bir kaliforniyalik jarroh Feroz Sidxva ham bolalar bilan bogʻliq shunday holatga duch kelgani haqida gapirgan.

“Avvaliga bu holatga eʼtibor bermadim. Soʻngra boshqa shifokorlar bilan shu masalada maʼlumot almashdim. Maʼlum boʻldiki, Isroil askarlari bolalarni ataylab nishonga olmoqda. Hududdagi hamkasblarimning aksarida shu holat kuzatilgan. Bolalar bosh va koʻkrak qismidan olgan jarohatlari sabab shifoxonalarga olib kelingan. Isroil askarlari bolalarni ataylab nishonga olmoqda”, — deydi jarroh.

Sud-tibbiyot mutaxassislari bolalar bilan bogʻliq ushbu holatni tahlil qilib, rentgen natijalarini oʻrgangan.

Maʼlum boʻlishicha, bolalardagi jarohatlar portlash natijasida sochilib ketadigan metall parchalar emas, balki snayper yoki dron yordamida nishonga olinish ortidan qoladigan jarohatlardir. Shuningdek, Gollandiya armiyasining sobiq qoʻmondoni Mart de Kruifning taʼkidlashicha, bolalarning boshi yoki koʻkrak qismidan oʻq yeyishini aslo baxtsiz hodisa sifatida izohlab boʻlmaydi.

Maʼlumot uchun, avval ham shunga oʻxshash holatlar qayd etilgan. 2024-yil avgust oyida 160 dan ortiq bola otib oʻldirilganini, ulardan 95 nafari bosh yoki koʻkrak qismidan nishonga olingani haqida xabarlar tarqalgan. Mazkur holat 2023-yil oktyabridan 2024-yilning iyuligacha boʻlgan davrda qayd etilgan.

Falastin Inson huquqlari markazi esa 2024-yil dekabridagi “Avlod yoʻq qilindi: Gʻazo bolalari genotsid toʻsiqlarida” nomli hisobotida Isroil askarlari bolalarni ataylab yoʻq qilayotgani haqida bayon qilgan.

Gʻazo Sogʻliqni saqlash vazirligi maʼlumotlariga koʻra, 2023-yil 7-oktyabridan buyon Isroilning harbiy harakatlari tufayli qariyb 20 ming nafar bola halok boʻlgan. BMT hisobotlarida Gʻazoda har kuni oʻrtacha 28 bola hayotdan koʻz yumishi aytilgan. Bundan tashqari, urush davrida kamida 21 ming nafar bola nogiron boʻlib qolgan.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?