Isitilmaydigan issiqxonalar
Sirdaryo viloyatida amalga oshirilayotgan “Ijtimoiy issiqxona loyihasi” doirasida oʻt yoqib isitilmaydigan issiqxonalar paydo boʻlmoqda. Ha, odatdagidan oʻzgacha va antiqa, eng muhimi kam xarajatli bu oynavand dalalarning isitish tizimi yoʻq. Yaʼni ularni isitish uchun gaz ham, koʻmir ham yoqilmaydi.
Taʼbir joiz boʻlsa, bunday issiqxonalar oʻz gʻamini oʻzi yeydi, yaʼni kerakli issiqlikni oʻzi yigʻadi. Gap shundaki, ular sharqdan-gʻarbga — kun botish tomonga 14 gradus burilgan sharoitda quriladi va shimol tomoni maxsus qalin isitish koʻrpalari bilan yopiladi.
— Maʼlumki, Oʻzbekistonda yilning 300 kuni kuyoshli. Bu tabiiy-iqlimiy sharoitimiz tufayli issiqxona xoʻjaligi yuritishdagi Xitoyning amalda sinalgan va yuqori natija berayotgan ayni texnologiyasi yurtimiz dehqonlari uchun ham juda qoʻl keladi, — deydi Qishloq xoʻjaligida xizmatlar koʻrsatish agentligining Sirdaryo viloyati boʻlimi boshligʻi Akmal Qultoyev. — Bunday issiqxonalarning qurilish shakli-shamoyili kun davomida quyosh energiyasini xuddi akkumulyator singari oʻz ichiga yigʻishga moslashtirilgan. Kun botishi bilan esa issiqxona tomi yigʻilgan issiqlikni saqlovchi maxsus koʻrpalar bilan yopiladi. Shunday qilib, kunduzi toʻplangan issiqlik hisobiga issiqxonadagi harorat moʻtadil ushlab turiladi. Ekin maydoni sahni yerning muzlash qatlamidan 40 santimetr pastda boʻlishida ham kerakli haroratni saqlash maqsadi bor. Isitilmaydigan issiqxonalar maydoni ixcham boʻlib, uncha katta boʻlmaydi va bu holat issiqlik toʻplash hamda uni saqlashda muhim omil boʻlib xizmat qiladi.

Aytish lozimki, hozirgi kunda viloyat boʻyicha Xitoy texnologiyasi asosidagi 38,3 gektar ana shunday issiqxonalar mavjud. Xususan, Sardoba tumanidagi “Imkon qadri” MCHJ tomonidan tajriba tariqasida 2 sotixdan 4 ta ayni turdagi issiqxona qurilgan. Dastlabki natijalar yaxshi, ayni paytda ushbu issiqxonalarda turli koʻkatlar oʻstirilmoqda.
Hozirda Boyovut tumanida 80 gektar maydonda 5 sotixdan 1600 ta ayni turdagi issiqxonalarning qurilishi rejalashtirilgan. Ushbu kam xarajatli oynavand dalalar foydalanish uchun Sirdaryo viloyati hokimligi tashabbusi bilan amalga oshirilayotgan “Ijtimoiy issiqxona loyihasi” doirasida aholining band boʻlmagan va ijtimoiy koʻmakka ehtiyojmand vakillariga beriladi.
Ahmadali SHERNAZAROV, “Xalq soʻzi”.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- AQSH va Britaniya Suriya muvaqqat prezidenti Axmad ash-Sharʼani “qora roʻyxat”dan chiqardi
- G20 sammitining Janubiy Afrikada oʻtkazilishi sharmandali holat – Tramp
- “Oltin kuz” II Xalqaro kamer va simfonik musiqa festivali boʻlib oʻtadi
- Oʻzbekiston U-17 terma jamoasi Jahon chempionatidagi ikkinchi oʻyinida magʻlub boʻldi
- Mashinada xavfsizlik kamarini taqish mumkin boʻlmagan kasalliklar roʻyxati tasdiqlanadi
- Oʻzbekiston milliy terma jamoasining xalqaro musobaqa uchun qaydnomasi eʼlon qilindi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring