Ishim bordir oʻsha ohuda
12-dekabr — Hamid Olimjon tavallud topgan kun
(Ilhom parisiga)
Ishim bordir oʻsha ohuda,
U menga koʻrinar har zamon,
Fikrimni chulgʻaydi beomon,
Oʻtlarga tashlaydi xoʻp yomon, —
Ishim bordir oʻsha ohuda.
U koʻrinar soydagi suvda,
Bir paridir toza, osuda...
Qoyalardan uchar bemalol,
Qushlar koʻrsa titrab qolar lol, —
Ishim bordir oʻsha ohuda.
Tunda uxlamadim axtarib,
Kutib turdim buloqqa borib,
U-chi? Qoqib oʻtdi qanotin,
Oq bulutlar bagʻrini yorib, —
Ishim bordir oʻshal ohuda.
U yurganda ochilar gullar,
Baxmalga burkanar bahori choʻllar,
U bor yerda jonlanar hayot,
Uni koʻrsa chayqalur koʻllar, —
Ishim bordir oʻsha ohuda.
Oʻlkasidan oʻtar shabboda,
Sevinch bilan toʻlugʻdir jomi:
Goʻzallarga u tutar boda,
Koʻrsa kelar pari ilhomi, —
Ishim bordir oʻsha ohuda.
Qoʻshigʻini tinglar Qashqa togʻ,
Ogʻushida mangudir bahor,
Chiroyida zarra yoʻqdir dogʻ,
Dalasida yozda uxlar qor, —
Ishim bordir oʻsha ohuda.
Men halok etarman oʻzimni,
Tinchlanmasman, topmay qoʻymayin,
Shikoyatim, dardim, arzimni,
Qulogʻiga soʻylarman mayin, —
Ishim bordir oʻsha ohuda.
Usiz mening tinchim yoʻqolur,
Usiz yurak cholgʻusiz qolur,
Usiz esdan chiqar odatim,
Unutilar bor saodatim, —
Ishim bordir oʻsha ohuda.
GʻAZAL
Na boʻlgʻay bir nafas men ham yonogʻing uzra xol boʻlsam,
Labing yaprogʻidan tomgan ki goʻyo qatra bol boʻlsam.
Butogʻingga qoʻnib bulbul kabi xonish qilib tunlar,
Oʻpib gʻunchangni ochmoqliqqa tong chogʻi shamol boʻlsam.
Boʻyingni tarqatib olamni qilsam mastu mustagʻriq,
Oʻzimning sanʼatimga soʻng oʻzim hayratda lol boʻlsam.
Sening birla qolib bu mastu lol olamda men yolgʻiz,
Oʻzimni ham topolmay, mayliga, oxir xayol boʻlsam.
Agar bogʻingda gul boʻlmoq mening-chun noravo boʻlsa –
Ki, ming bor roziman qasringga hattokim duvol boʻlsam.
Boshim hech chiqmasa mayli malomat birla boʻhtondin,
Raqiblar rashkiga koʻkrak keray, mayli, qamal boʻlsam.
Kezib sahroyu vodiylar yetishsam bir visolingga,
Fido jonimni qildim yoʻlingga, mayli, uvol boʻlsam.
Hamid OLIMJON
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- “Yengilmas: Tokioga yoʻl”
- Toshkentda Amir Temur tavalludining 690-yilligi munosabati bilan harbiy parad oʻtkazilmoqda (fotoreportaj)
- Sohibqironning bolalik va oʻsmirlik davrlariga bagʻishlangan “Temurbek” nomli tarixiy qissa taqdimot qilindi (+fotoreportaj)
- Surxondaryoda 3 ming yillik shahar qoldiqlari topildi
- Amir Temur xotirasiga yuksak ehtirom koʻrsatildi
- Telegram bir sutka ichida 100 mingdan ortiq kanal va guruhlarni blokladi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring