Imkoniyat yaratgan iroda

20:57 27 Yanvar 2026 Jamiyat
264 0

Baʼzan inson taqdirida shunday sinovlar boʻladiki, ular yo sinishga, yo yuksalishga olib boradi. Ammo irodasi mustahkam, niyati pok, ishonchi kuchli inson uchun har qanday cheklov — yangi imkoniyatga aylanadi. Bugun yurtimizda inson qadrini ulugʻlash, ayniqsa, nogironligi boʻlgan shaxslarning jamiyatda munosib oʻrin egallashiga qaratilgan davlat siyosati ana shunday irodali insonlar taqdirida oʻz ifodasini topmoqda.

Angor tumanidagi Gulzor mahallasida faoliyat olib borayotgan “Art Design Sofia” kichik korxonasi shunday ezgu maqsadlar roʻyobiga xizmat qilayotgan maskanlardan biri. Ijtimoiy masʼuliyatli, tadbirkorlikni hayot tarziga aylantirgan ushbu korxona rahbari Sofiya Mahmadmurodova bugun nafaqat mahsulot ishlab chiqarmoqda, balki insonlarga ishonch, umid va kelajak bagʻishlamoqda.

Jismoniy imkoniyati cheklangan boʻlsa-da, korxona rahbari, Sofiya Mahmadmurodova tadbirkorlikni avvalo daromad manbai emas, balki jamiyat oldidagi masʼuliyati, deb biladi. Bugungi kunda tumandagi 53 nafar nogironligi boʻlgan shaxs kasanachilik asosida doimiy ish bilan taʼminlangani ana shu masʼuliyatning amaliy natijasidir. Ular oʻz uyida, oʻz oilasi bagʻrida mehnat qilib, jamiyatga foyda keltirmoqda.

— Prezidentimiz tomonidan olib borilayotgan insonparvar siyosat, ayniqsa, aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamini qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan islohotlar biz tadbirkorlarga katta ishonch va kuch bagʻishlamoqda, — deydi Sofiya Mahmadmurodova. — Ayniqsa, ayollarga homiladorlik va tugʻruq nafaqalari Davlat ijtimoiy sugʻurtasi jamgʻarmasi orqali toʻlab berilishi belgilangani biz uchun katta ijtimoiy kafolat, ayollarga boʻlgan eʼtiborning yaqqol namunasidir. Bu qaror oila, ona va bola manfaatlarini davlat siyosati darajasida himoya qilinayotganini yana bir bor tasdiqlaydi.

Davlat tomonidan tadbirkorga 156 million soʻm miqdorida ajratilgan subsidiya ishlab chiqarish quvvatlarini kengaytirish, zamonaviy uskunalar xarid qilish va yangi ish oʻrinlari yaratish uchun mustahkam poydevor boʻldi.

Bugun korxona maktabgacha taʼlim tashkilotlarini choyshablar bilan taʼminlab kelmoqda. Bu kichik ishdek tuyulishi mumkin, ammo har bir bolaning toza, ozoda muhitda tarbiya olishiga qoʻshilgan hissadir. Qahramonimiz nogironlik nafaqasini oladi, ammo unga ehtiyoji yoʻq. Chunki mehnat qilish, boshqalarga ish oʻrni yaratish, oʻziga va jamiyatga ishonch bilan yashash u uchun eng katta boylik.

— Hozir tuman miqyosida ish olib borayotgan boʻlsak-da, kelajakda faoliyatimizni viloyat miqyosida kengaytirishni maqsad qilganmiz, — deydi Sofiya Mahmadmurodova. — Chunki bugungi yaratilgan imkoniyatlar, davlatimiz rahbarining adolatli va insonparvar siyosati bunday orzularni real maqsadga aylantirmoqda.

Shu oʻrinda Prezidentimizga, davlatimiz tomonidan nogironligi boʻlgan shaxslarga qaratilayotgan doimiy eʼtibor va gʻamxoʻrlik uchun chuqur minnatdorlik bildiraman, — deya samimiylik bildirdi tadbirkor ayol. — Bu siyosat bizga nafaqat ishlash, balki orzu qilish, reja tuzish va kelajakka ishonch bilan qarash huquqini berdi.

Iroda bor joyda imkoniyat topiladi. Imkoniyat bor joyda esa albatta natija boʻladi. Sofiya Mahmadmurodovaning bugungi yutuqlari shunga yorqin dalil.

Farhod ESONOV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?