Ilm — maʼrifat integratsiyasi

15:20 06 Noyabr 2025 Jamiyat
310 0

Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi prezidenti akademik Shavkat Ayupov muallifligida jahonning nufuzli Newsweek “Pangea Globe” nashrida chop etilgan maqolasi biz uchun quvonchli voqea boʻldi. Ushbu maqolada Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazining bunyod etilishi jarayonida Oʻzbekiston Fanlar akademiyasining roli va ilmiy hamkorlikdagi faoliyati har tomonlama tahlil etilgan. Muallif Markazning tashkil etilishi mamlakatning maʼnaviy, ilmiy va madaniy hayotida yangi bosqichni boshlab bergani, shuningdek, milliy va umuminsoniy qadriyatlarni uygʻunlashtirishda muhim ahamiyat kasb etayotganini alohida taʼkidlaydi.

Bunday nufuzli nashrda chop etilgan maqolada Markaz faoliyatidagi asosiy vazifalari — ilmiy-tadqiqot yoʻnalishlari, fundamental tadqiqotlar va innovatsion loyihalarni amalga oshirish, ekspozitsiya va muzey konsepsiyalarining ilmiy asoslarini ishlab chiqish masalalari atroflicha yoritilgan. Shu bilan birga, Akademiyaning xalqaro tashkilotlar bilan hamkorligi, xalqaro forum va konferensiyalardagi faol ishtiroki Markazning ilmiy salohiyati va nufuzini oshirishda muhim omil sifatida baholanadi.

Darhaqiqat, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.Mirziyoyevning 2025-yil 29-yanvardagi topshirigʻiga muvofiq, Fanlar akademiyasiga Islom sivilizatsiyasi markaziga ilmiy-uslubiy va tashkiliy yordam koʻrsatish vazifasi yuklatilgan edi. Mazkur topshiriq ijrosi doirasida Fanlar akademiyasi va uning tarkibiy boʻlinmalari Markaz bilan yaqin ilmiy hamkorlikni yoʻlga qoʻydilar.

Fanlar akademiyasi Prezidenti Shavkat Ayupov va vitse-prezidenti Baxrom Abduxalimov boshchiligida akademiklar, olimlar va ilmiy muassasalarning faol ishtiroki natijasida Markazning muzey ekspozitsiyalari va kontentlari yuqori ilmiy saviyada tayyorlandi. Hamkorlik doirasida markaz faoliyati mazmunini boyitish va uning ilmiy asoslarini mustahkamlash maqsadida 800 dan ortiq ilmiy-tadqiqot loyihalari ishlab chiqildi va amalga oshirilmoqda.

Shuningdek, Markazning Kengaytirilgan ilmiy kengashi faoliyati doirasida Fanlar akademiyasi va turli ilmiy muassasalar olimlari bilan hamkorlikda ilmiy tadqiqotlar rejasi va yoʻnalishlari shakllantirildi, innovatsion va ilmiy dasturlar muvofiqlashtirildi xamda amaliyotga tatbiq etildi. Ushbu loyihalar Islom sivilizatsiyasining ilmiy, maʼnaviy, madaniy va tarixiy merosini oʻrganish, uning jahon fan va madaniyati taraqqiyotidagi oʻrnini yoritish, shuningdek, zamonaviy ilmiy tahlillar asosida milliy qadriyatlarimizni tiklashga qaratildi.

Fanlar akademiyasi va Islom sivilizatsiyasi markazi oʻrtasidagi bu samarali hamkorlik kelgusida ham izchil rivojlanib, yangi ilmiy natijalar va amaliy yutuqlarni berishi shubhasiz.

Shu oʻrinda muhtaram Prezidentimizning ilm-fan taraqqiyotiga, milliy va umuminsoniy qadriyatlarning uygʻun rivojlanishiga, shuningdek, Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi faoliyatiga koʻrsatib kelayotgan doimiy eʼtibor va gʻamxoʻrligini alohida eʼtirof etamiz. Bu yuksak eʼtibor Markaz faoliyatida yangi marralar uchun ilhom va masʼuliyat bagʻishlaydi.

Firdavs Abduxalikov, Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi direktori.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер