Ilm yoʻlidagi fidoyilik

18:14 27 Iyun 2025 Jamiyat
247 0

Akademik Ahmadali Asqarov nafaqat yirik arxeolog olim, balki halol mehnat va ilmga sadoqatning yorqin timsolidir. Uning butun hayoti Oʻzbekiston tarixini chuqur oʻrganishga, arxeologik merosni tadqiq etishga va yosh avlodni bilim sari ruhlantirishga bagʻishlangan.

Koʻp yillik ilmiy va pedagogik faoliyati davomida u halollik, mehnatsevarlik va vatanparvarlik tamoyillaridan hech qachon chekinmagan. Yaqinda, 2023-yilda, ustoz olim “Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan yoshlar murabbiysi” unvoniga sazovor boʻldi. Bu mukofot uning yoshlarga ilm oʻrgatish va tarbiya berishdagi ulkan xizmatlari eʼtirofi edi. Oddiy dehqon oilasidan chiqqan olim 1935-yilda Namanganda oddiy dehqon oilasida dunyoga keldi. Bolaligidanoq mehnatning qadrini his etib ulgʻaydi. Otasi farzandiga halol mehnat va sabrning ahamiyatini doim uqtirdi. Hayotida kimlar tomonidandir adolatsizlikka uchrasa, “Qoʻy, bolam, ularni, sen yoshsan, halol mehnat qilaver, Xudo beradi”, degan ota nasihatini yosh Ahmadali umr boʻyi yodda tutib kelmoqda. Keyinchalik u oʻz hayotiy tajribasi misolida shu hikmatning rostligini tasdiqladi.

— Men serquyosh oʻzbek diyorining oddiy mehnatkash dehqon oilasida tugʻilib, halol mehnat tufayli bir inson erishishi mumkin boʻlgan hayotiy orzularimga yetdim, — deydi suhbatlarining birida akademik. — Barcha yutuqlarim zamirida ota-onamning duosi va halol mehnatga sadoqat turadi.

Asqarov ilm yoʻlida hamisha intiluvchan va matonatli boʻldi. U Toshkent davlat pedagogika institutini tamomlagach, ilmiy izlanishlarni davom ettirish maqsadida buyuk olim, Oʻzbekistonning birinchi arxeologi, ustozi akademik Yahyo Gʻulomov qoʻllovi bilan Sankt-Peterburgga yoʻl oldi. Oʻsha davrda u yerdagi ilmiy muhit yosh isteʼdodlarga katta imkoniyat yaratgandi. Ahmadali Asqarov mashhur rus olimi Mixail Gryaznov qoʻlida tarbiya topdi, arxeologiya sirlarini oʻrgandi. Ustozlarining otalarcha gʻamxoʻrligi va saboqlari yosh izlanuvchiga nafaqat arxeologiya sirlarini, balki ilm axloqi va vatanparvarlik tuygʻularini ham singdirdi. Uning ilm-fanga cheksiz ishtiyoqi va fidoyiligi tez orada oʻz natijasini berdi. U arxeolog sifatida kamol topdi. 1970-yilda oʻzi asoschilaridan biri boʻlgan, yangi ochilgan Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi Arxeologiya institutiga rahbarlik qila boshladi.

Akademik Asqarov oʻnlab yillar davomida Oʻzbekistonning turli hududlarida arxeologik tadqiqotlar olib bordi. Uning asosiy ilmiy ishlari Markaziy Osiyoda saqlanib qolgan moddiy madaniyat yodgorliklarini ochib oʻrganish, shu orqali oʻlkamiz tarixi haqiqatlarini yuzaga chiqarishga qaratilgandi. Olim bronza va ilk temir davriga oid qadimgi dehqonchilik va chorvachilik madaniyatlarini, Oʻzbekiston hududida ilk shaharsozlik sivilizatsiyasi va davlatchilikning shakllanish bosqichlarini chuqur tadqiq etdi. Oʻzbek xalqining etnogenezi va etnik tarixi bilan bogʻliq ilmiy masalalarga oid yirik nazariy ishlanmalarni amalga oshirdi. Asqarov boshchiligidagi ekspeditsiyalar Surxondaryodagi dunyoga mashhur Sopolli madaniyati yodgorliklarini kashf etdi. U Oʻzbekiston hududidagi eng qadimiy shahar yodgorligi – Jarqoʻtonni ham ochib oʻrgandi. Olimning behad sermahsul mehnati natijasida 600 dan ortiq ilmiy ishlar, jumladan, 20 ga yaqin monografiya, 1 ta darslik, 10 ga yaqin oʻquv qoʻllanmalar yaratildi. Bu asarlar milliy arxeologiya va tarixshunoslik fanining turli jabhalarini yangi maʼlumotlar bilan boyitib, oʻzbek tarix fanining taraqqiyotiga bebaho hissa boʻlib qoʻshildi.

Olim uzoq yillar ilmiy-pedagogik faoliyat bilan shugʻullanib, yurtimizda yangi arxeolog va tarixchilar avlodini tarbiyalashga katta hissa qoʻshdi. Institut direktori sifatida ham, professor sifatida ham, u yosh mutaxassislarga oʻz bilim va tajribasini berib, ularni mustaqil izlanishga ruhlantirdi. Asqarov koʻplab shogirdlar yetishtirib, ularga ilmiy rahbarlik qildi. Arxeologiya boʻyicha darslik va metodik qoʻllanmalar yozib, taʼlim sifati yuksalishi yoʻlida xizmat koʻrsatdi. Ustoz oʻz xotiralarida “Zora ularni oʻqigan yoshlar qalbida ilm-u maʼrifatga intilish uchqunlari alanga olsa, olimlik burchimni ado etgan boʻlar edim...” deya taʼkidlaydi.

Bugungi kunda akademikning shogirdlari respublikamiz ilm-fanining turli jabhalarida muvaffaqiyatli faoliyat koʻrsatmoqda. Ular ichida bugungi Oʻzbekiston ilm-fanining mashhur olimlari ham bor. Olim hayotda halollik va mehnatsevarlikni oʻzining asosiy shaxsiy tamoyili qilib oldi. U har qanday vaziyatda pok vijdon bilan ishlashni, ilmiy haqiqatni roʻy-rost aytishni lozim deb bildi. Hatto yuqori lavozimli rahbarlar oldida ham u haqiqatni aytishdan choʻchimagan – bu jasoratli fazilat unga osonlikcha berilmagan boʻlsada, umr boʻyi u oʻz tamoyillariga sodiq qoldi. Tarixchi olim mustabid tuzum davrida ham, mustaqillik yillarida ham tarixiy adolat va ilmiy haqiqat uchun kurashdi, arxeologik merosni asrab-avaylash yoʻlida fidoyilik koʻrsatdi. Uning halol mehnati munosib eʼtirof etildi. U Beruniy nomidagi Davlat mukofoti, “Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan fan arbobi” faxriy unvoni, “El-yurt hurmati” ordeni sohibidir.

Akademikning tashabbusi va ilmiy rahbarligi ostida arxeologik qazilmalarda topilgan nodir topilmalar boʻyicha muzey ekspozitsiyalari shakllantirilgan, yangi boʻlimlar ochilgan. Xususan, Qoraqalpogʻiston Respublikasidagi muzeylarda Amudaryo boʻyi madaniyati, Sopollitepa – bronza davri yodgorligi, Ilk temir davri ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyoti kabi ekspozitsiyalar tashkil etilishi ustozning bevosita rahbarligi ostida amalga oshirildi. U mehnat qilayotgan Oʻzbekiston milliy pedagogika universiteti Tarix fakulteti qoshidagi “Arxeologiya” muzeyi ham uning mehnatlari samarasi hisoblanadi. Ustozning tashabbusi bilan Norin tumanidagi Uchtepa-Buloqmozor yodgorligi ochiq osmon ostidagi muzeyga aylantirilgan. Shuningdek, Toshkent viloyati Ohangaron tumanidagi Suyirlitepa shahar yodgorligidagi arxeologik qazishmalarda topilgan 350 dona tarixiy ashyolardan koʻrgazma tayyorlanib, 2023-yilda ochildi. Ushbu koʻrgazma Olmaliq shahridagi “Metallurg” madaniyat saroyida bugunga qadar faoliyat koʻrsatmoqda.

Ahmadali Asqarovning hayot yoʻli bugungi yoshlar uchun haqiqiy namuna maktabidir. U oddiy qishloq bolasidan akademik darajasigacha mashaqqat bilan oʻsib, mehnat va ilm orqali yuksak marralarni zabt etish mumkinligini oʻz hayoti misolida koʻrsatib berdi. Uning mehnatsevarligi va halolligi, ilm-fanga tashnaligi, Vatanga sadoqati har bir yigit-qiz uchun namunadir.

Arxeolog — olim oʻz kashfiyotlari orqali xalqimizning boy tarixini dunyoga tanitdi, yosh avlodga milliy gʻurur va oʻtmishga hurmat tuygʻularini ulashdi. Bu ulugʻ insonning faoliyati va shaxsiy fazilatlari shuni anglatadiki, ezgu niyat va tinimsiz mehnat ila inson har qanday choʻqqilarni zabt eta oladi. Yoshlar Ahmadali Asqarov misolida halol mehnat va ilm yoʻlida fidoyilik qanday samara berishini koʻrib, oʻz kelajaklariga qatʼiyat va umid bilan intilishlari shubhasiz.

Ubaydulla ISMOILOV,

OʻzFA Tarix instituti kichik ilmiy xodimi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер