“Hozirgi zamon va Yangi Oʻzbekiston”

12:48 24 Iyul 2024 Siyosat
318 0

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning “Oʻzbekiston” nashriyotida chop etilgan yangi kitobi shunday deb nomlanadi.

Oʻzbekistonning bugungi yangi qiyofasi, mamlakatimizning jahon taraqqiyotida tutgan oʻrni va mavqeyi, muhim xalqaro ijtimoiy-siyosiy jarayonlardagi faol ishtiroki, dolzarb masalalar boʻyicha ilgari surayotgan koʻplab tashabbuslarining mazmun-mohiyati ushbu keng qamrovli, fundamental asarda chuqur tahlil va dalillar, aniq fikr-mulohazalar asosida teran yoritib berilgan.

Muallifning koʻp yillik ijtimoiy-siyosiy qarashlari, voqelikka yangicha va teran yondashuvlarining mahsuli boʻlgan kitob quyidagi soʻzlar bilan boshlanadi:

“Tarix sinovlaridan oʻtgan haqiqat shuki, oʻzini oʻzgartirishga qodir boʻlgan, vaqtni — imkoniyatga, imkoniyatni yutuqqa, yutuqni taraqqiyot poydevoriga aylantira olgan xalq — buyuk xalqdir.

Bunday xalq, hech shubhasiz, hayotni ham, ijtimoiy muhitni ham oʻzgartira oladi, koʻzlagan murod-maqsadlariga albatta erishadi.

Men ana shunday ulugʻ eʼtiqod bilan yashayotgan xalqqa rahbar boʻlib, odamlarni hayotdan rozi qilish, ularning qalbidagi ezgu orzu-umidlarini roʻyobga chiqarish yoʻlida xizmat qilishni oʻzim uchun ulkan sharaf va masʼuliyat, deb bilaman”.

Darhaqiqat, Prezident Shavkat Mirziyoyev serqirra faoliyatining maʼno-mazmuniga aylangan, keyingi yetti yil davomida mamlakatimizda olib borilayotgan barcha islohotlarning markazida boʻlib kelayotgan milliy mustaqilligimizni har tomonlama mustahkamlash, yurtimizda tinchlik va barqarorlikni taʼminlash, odamlarni hayotdan rozi qilish, inson qadrini ulugʻlash kabi ezgu tushunchalar mazkur kitobning bosh gʻoyasi, asosiy leytmotivini tashkil etadi.

Hech shubhasiz, davlatimiz rahbari tomonidan ilgari surilgan, Yangi Oʻzbekistonni barpo etish strategiyasining tub maqsadi va negizida mujassam boʻlgan gʻoya va intilishlar bugungi kunda mard va oliyjanob xalqimizning fidokorona mehnati, aql-zakovati bilan real voqelikka aylanib bormoqda. Kitobni mutolaa qilish jarayonida bu haqiqatni yanada chuqur his etamiz va mana shunday tarixiy oʻzgarishlar davrida bu ulugʻvor oʻzgarishlarning nafaqat guvohi, balki faol ishtirokchisi boʻlib yashayotganimizdan albatta faxrlanamiz.

Jami 6 bobdan iborat kitobning “Insoniyat tanlagan barqaror rivojlanish yoʻli” deb nomlangan dastlabki bobida muallif oʻquvchi eʼtiborini hozirgi zamondagi asosiy xavf-xatarlarga qaratadi. Bu tahdidlarni keltirib chiqargan omillarni atroflicha tahlil etib, ularni bartaraf qilish boʻyicha aniq amaliy yechimlarni taklif etadi.

Asarning “Yangi Oʻzbekiston — ijtimoiy davlat” deb nomlangan ikkinchi bobi mamlakatimizda ijtimoiy sohada amalga oshirilayotgan ulkan ishlar va ularning natijalari tahliliga bagʻishlangan. Muallif taʼlim, tarbiya, ilm-fan va madaniyat, aholini ijtimoiy himoya qilish, xususan, kambagʻallikka qarshi kurashish, sogʻliqni saqlash va sport masalalari bugungi kunda Oʻzbekistonda inson qadrini yuksaltirish, uning huquq va erkinliklari, hayotiy manfaatlarini taʼminlashga qaratilgan muhim islohotlarning ajralmas bir qismiga aylanib, aniq samara berayotganini hayotiy misollar orqali koʻrsatib beradi.

“Mening eng katta niyatim — mamlakatimizda kambagʻallik va ishsizlikka butunlay barham berishdir, — deb yozadi Prezidentimiz. — Shunday kunlar kelishiga ishonchim komil va buning uchun bor kuch va imkoniyatlarimni, borligʻimni bagʻishlashga tayyorman”.

Albatta, tarixan qisqa muddatda mamlakatimizda izchil iqtisodiy oʻsishni taʼminlash, iqtisodiy rivojlanishga erishish asosida xalqimizning turmush darajasi va sifatini yaxshilash boʻyicha koʻplab ishlar amalga oshirildi. Ayniqsa, soliq, bank-moliya tizimidagi yangilanishlar, jumladan, valyuta bozorining erkinlashtirilgani, naqd pul bilan bogʻliq muammolarning bartaraf etilgani, xalqaro moliya operatsiyalarining jahon andozalari asosida amalga oshirilayotgani, yangi-yangi innovatsion, yuqori texnologik korxonalar barpo etilayotgani, zamonaviy kommunikatsiya tizimlari, raqamli texnologiyalar hayotimizga jadal kirib kelayotgani, tadbirkorlik uchun keng yoʻl ochilayotganini alohida taʼkidlash oʻrinlidir.

Asarning “Yangi Oʻzbekiston: barqaror iqtisodiy taraqqiyot” nomli uchinchi bobida aynan shu yoʻnalishdagi islohotlarga alohida urgʻu berilib, bu borada erishilgan natijalar sarhisob qilinadi, yaqin istiqbolda qanday iqtisodiy reja va strategik maqsadlar oldimizda turgani, ularni amalga oshirish uchun nimalar qilish zarurligiga eʼtibor qaratiladi. Bu masalalar “Makroiqtisodiy barqarorlikni taʼminlash”, “Tadbirkorlik va kichik biznesni rivojlantirish”, “Sanoatni jadal rivojlantirish istiqbollari”, “Yangi Oʻzbekiston — raqamli iqtisodiyot sari”, “Agrar sohani rivojlantirish va oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash”, “Yangi Oʻzbekiston: barqaror va yashovchan turizm”, “Yashil energetika” — barqaror taraqqiyot garovi”, “Kuchli hududlar — kuchli Oʻzbekiston demakdir” kabi mavzular orqali atroflicha ochib beriladi.

Xalqimiz va jahon jamoatchiligi oʻrtasida Yangi Oʻzbekiston meʼmori sifatida eʼtirof etilayotgan Prezidentimizning ushbu kitobidagi “Sayyoramiz va Yangi Oʻzbekiston ekologik tahdidlar qarshisida” deb nomlangan toʻrtinchi bob ham diqqatga sazovordir. Muallif unda “hozirgi davrda jahon miqyosida uchta inqiroz, yaʼni iqlim oʻzgarishi, bioxilmaxillikning qisqarishi va atrof-muhit ifloslanishi, tabiiy resurslarning kamayishi shiddat bilan davom etayotgani” haqida jiddiy tashvish va hayajon bilan fikr yuritadi, jahon hamjamiyatini ushbu tahdidlarga qarshi birgalikda kurashishga daʼvat etadi.

Masalan, suv muammosi Oʻzbekiston oldida turgan eng dolzarb masalalardan biridir. Shavkat Mirziyoyev bu borada mavjud vaziyatni tubdan isloh qilish, Yaratganning bebaho neʼmati boʻlgan suv resurslarini tejash va ulardan samarali foydalanish boʻyicha ilmiy asoslangan, tizimli chora-tadbirlarni shu sohani yaqindan biladigan yetuk mutaxassis sifatida birma-bir qayd etib, transchegaraviy daryolar suvidan xalqaro qonunchilik asosida foydalanish, bu borada qoʻshni davlatlar bilan hamkorlik masalasiga alohida toʻxtalib oʻtadi.

Mazkur bobdan oʻrin olgan “Orol fojiasi — umumbashariy fojia”, “Maqsadimiz — aholining qulay ekologik muhitda yashash huquqini taʼminlash”, “Yashil makon” umummilliy loyihasi — ekologik vaziyatni barqarorlashtirish garovi”, “Iqlim muammolari — barqaror rivojlanish yoʻlidagi eng katta tahdid” singari mavzular tahlil qilingan muhim fikr va mulohazalar sogʻlom fikrli hech bir insonni befarq qoldirmaydi.

Maʼlumki, Shavkat Mirziyoyev davlat rahbari sifatida ish boshlagan ilk kunlardan boshlab “Xalq davlat idoralariga emas, davlat idoralari xalqimizga xizmat qilishi kerak”, “Xalq bizdan rozi boʻlsa, Yaratgan ham bizdan rozi boʻladi”, degan oliyjanob gʻoya va maqsadlarni ilgari surib, Oʻzbekistondagi katta-kichik barcha rahbarlardan oʻz faoliyatini aynan shu mezonlar asosida olib borishni talab etdi. Oʻtgan yillar davomida mamlakatimizda yuz bergan tub oʻzgarish va yangilanishlar, yurtdoshlarimiz hayotidagi ijobiy natijalar ana shunday xalqparvar siyosat samarasidir.

Asarning “Xalq xizmatidagi davlat — el-yurt uchun ulugʻ saodat” deb nomlangan yana bir muhim bobida sud-huquq tizimida amalga oshirilayotgan islohotlar, davlat idoralari va mahalliy oʻzini oʻzi boshqarish organlari faoliyati, korrupsiyaga qarshi kurashish masalalari haqida atroflicha soʻz yuritiladi.

Barchamizga ayonki, Oʻzbekiston Respublikasining yangilangan Konstitutsiyasida mamlakatimizning tinchliksevarlik va taraqqiyparvarlikka asoslangan tashqi siyosati quyidagi eng muhim tamoyillar bilan mustahkamlab qoʻyilgan:

“Oʻzbekistonning tashqi siyosati davlatlarning suveren tengligi, kuch ishlatmaslik yoki kuch bilan tahdid qilmaslik, chegaralarning buzilmasligi, davlatlarning hududiy yaxlitligi, nizolarni tinch yoʻl bilan hal etish, boshqa davlatlarning ichki ishlariga aralashmaslik prinsiplariga hamda xalqaro huquqning umumeʼtirof etilgan boshqa prinsip va normalariga asoslanadi”.

Ushbu konstitutsiyaviy norma Yangi Oʻzbekiston siyosatida oʻzining toʻliq amaliy ifodasini topmoqda. Bugungi kunda respublikamiz dunyoga keng ochilib, jahondagi barcha tinchliksevar davlatlar bilan teng huquqlilik va oʻzaro manfaat asosida doʻstlik va hamkorlik aloqalarini faol olib borayotgan mamlakatga aylandi.

Yaqinda yurtimizga tashrif buyurgan Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibi janob Antoniu Guterrish haqli ravishda eʼtirof etganidek, mintaqamizda integratsiya jarayonlarini kuchaytirish, “Markaziy Osiyo ruhi”ni shakllantirishda Yangi Oʻzbekistonning oʻrni va taʼsiri beqiyosdir. Bugun bu haqiqatni dunyo hamjamiyati tan olmoqda.

Kitobning “Yangi Oʻzbekiston — xavfsiz va tinchliksevar davlat” deb nomlangan soʻnggi bobida “Yangi Oʻzbekistonning mintaqaviy siyosati” va umuman, bugungi siyosiy va ijtimoiy qiyofasi qanday boʻlishi kerakligi “Yangi Oʻzbekistonning oʻzaro ishonch va hamkorlikka asoslangan iqtisodiy diplomatiyasi”, “Oʻzbekistonning yangi siyosati vektorlari: vatandoshlar bilan hamkorlik va migrantlarning huquqlarini himoya qilish”, “Gʻarbiy-jangovar qudrat va yuksak maʼnaviy salohiyat — Oʻzbekiston Qurolli Kuchlarining ikki buyuk tayanchi”, qoʻshni Afgʻoniston bilan munosabatlar istiqboli “Bizga tinch va barqaror, oʻzaro manfaatli sheriklik uchun ochiq Afgʻoniston kerak” kabi mavzular tahlili orqali batafsil yoritib berilgan.

Xulosa qilib aytganda, “Hozirgi zamon va Yangi Oʻzbekiston” kitobida mamlakatimizning bugungi taraqqiyot surʼatlari, uning jahon maydonidagi tobora ortib borayotgan obroʻ-eʼtibori va nufuzi, olis va yaqin istiqbolga moʻljallangan maqsad va vazifalari qanday mustahkam poydevorga asoslanishi, qanday omillar hisobidan taʼminlanayotgani har tomonlama chuqur tahlil qilingan. Oʻzbekistondagi koʻp qirrali siyosiy-huquqiy, ijtimoiy-iqtisodiy va maʼnaviy-maʼrifiy islohotlarning, mamlakatimiz va jahon hamjamiyati oʻrtasidagi munosabatlarning biron-bir yoʻnalishi muallif eʼtiboridan chetda qolmagan.

Hozirgi zamonning shiddatli va ziddiyatli taraqqiyot tamoyillarini murakkab va tahlikali davr nuqtayi nazaridan tushunish, bugungi tinch va farovon hayotimizning qadriga yetish, kelajakka katta ishonch bilan qarab, Yangi Oʻzbekistonni barpo etish jarayonlarida ongli va bunyodkor fuqaro sifatida munosib ishtirok etishda, yangi vatanparvar avlodni tarbiyalashda ushbu asarning ahamiyati beqiyosdir.

OʻzA.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер