Hindistonlik yangi oilalar toʻy sayohati uchun Oʻzbekistonga qiziqish bildirmoqda
Hindistonda 24-fevral kuni yakunlangan Janubiy Osiyo savdo-turizm koʻrgazmasi (South Asia Trade Travel Exhibition — SATTE) doirasida uyushtirilgan shoʻba muhokamalarida Oʻzbekiston elchixonasi tomonidan mamlakatimizning turizm salohiyati taqdim qilindi.
Tadbirda Hindiston Turizm va madaniyat vazirligi, qator davlatlar turizm idoralari, yetakchi sayyohlik uyushmalari va kompaniyalari, jumladan, Tinch okeani va Osiyo mintaqasi sayyohlik uyushmasi hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
Oʻzbekiston elchisi Sardor Rustamboyev mamlakatimizning jozibador turizm salohiyati, soʻnggi yillarda sayyohlik sohasini yanada rivojlantirish maqsadida amalga oshirilayotgan izchil islohotlar, yaratilayotgan qulay shart-sharoit va imkoniyatlar, ushbu yoʻnalishdagi xalqaro hamkorlikning istiqbolli yoʻnalishlari haqida soʻzlab berdi.
Ushbu saʼy-harakatlar samarasida Oʻzbekistonga tashrif buyurayotgan turistlar soni yildan yilga oʻsib borayotgani, xususan, 2023-yil Hindistondan Oʻzbekistonga sayyohlar oqimi 2022-yilga nisbatan qariyb toʻrt marta oshgani alohida taʼkidlandi. Oʻzaro manfaatli hamkorlikni yanada rivojlantirishga qaratilgan qator amaliy takliflar ilgari surildi.
Mamlakatimiz milliy pavilyonida diplomatiya missiyasi, Oʻzbekiston turizm qoʻmitasi, qator turistik kompaniyalar hamda Hindiston va boshqa davlatlarning sayyohlik tashkilotlari va kompaniyalari vakillari oʻrtasida samarali muzokaralar oʻtkazildi. Ularda, jumladan, sayyohlikning yangi turlarini birgalikda oʻzlashtirish istiqbollari muhokama qilindi. Xususan, toʻy marosimlarini uyushtirishga ixtisoslashgan yirik “WDNE” kompaniyasi katta vitse-prezidenti Vandita Bava bilan uchrashuv chogʻida ushbu yoʻnalishda hamkorlik qilish uchun salmoqli salohiyat mavjudligi urgʻulandi hamda bu boralf qoʻshma loyihalar amalga oshirish boʻyicha kelishib olindi.
— Oʻzbek xalqining mehmondoʻstligi va sayyohlik imkoniyatlari jozibadorligi bilan ajralib turadi, — deydi “Flying Leader“ kompaniyasi vakili Hamir Singx. — Tez kunlarda bir guruh sayyohlarni Oʻzbekistonga olib borayotganimizdan xursandmiz. Mamlakatingizning goʻzalligi bilan yaqindan tanishish va mehmondoʻstlik anʼanalarini his qilish niyatidamiz.
— Ushbu nufuzli koʻrgazmada Oʻzbekiston elchixonasi bilan hamkorlikda mamlakatning goʻzalligi va boy merosini ilgari surayotganimizdan mamnunmiz, — deydi “Blink Brand Solutions“ kompaniyasi vakili Anish Mahajan. — Hindistonlik sayyohlar orasida Oʻzbekistonning turizm xilma-xilligi haqida yorqin tasavvurni shakllantirishga qaratilgan turkum tadbirlar oʻtkazayapmiz. Joriy yil Oʻzbekistonga oʻtgan yilga nisbatan ikki baravar koʻp sayyohlarni yoʻnaltirishga erishi jarayoniga oʻzimizning amaliy hissamizni qoʻshamiz.
Hindistonda Oʻzbekiston sayyohlik salohiyatini ilgari surish boʻyicha turkum tadbirlar izchil davom ettirilmoqda. 27-fevral kuni Maharashtra shtatida “Uzbekistan Airways“ milliy aviakompaniyasi tomonidan aprel oyida Toshkent–Mumbay–Toshkent havo qatnovini qayta tiklanayotgani hamda mamlakatimizning jozibador turizm yoʻnalishlariga bagʻishlangan yirik taqdimot marosimi oʻtkaziladi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Tinchlik sulhi shartlari bajarilmoqda: Gʻazo 3 nafar, Isroil 90 nafar mahbusni vataniga qaytardi
- Shavkat Mirziyoyev aholi bandligini taʼminlash va kambagʻallikni qisqartirishga oid muhim qarorni imzoladi
- “Eng yaxshi maqolalar” tanlovi gʻoliblari aniqlandi
- Oʻzbekistonda 2025-yil 1-apreldan elektr energiyasi va gaz narxlari oshiriladi
- Harbiy xizmatni oʻtash bilan bogʻliq tartiblar yangilanadi
- Voyaga yetmaganlar o‘rtasida huquqbuzarliklar profilaktikasi tizimi takomillashtirilmoqda
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring