Hazrati Usmon Qur’onining 120-yil avvalgi faksimile nusxalari o‘rganilmoqda

15:23 06 Mart 2025 Jamiyat
122 0

So‘nggi paytlarda bir qator xorijiy davlatlar tomonidan O‘zbekiston madaniy merosiga oid durdonalar yurtimizga olib kelinishi va namoyish etilishi bo‘yicha takliflar bildirilmoqda. Ayni kunlarda Islom sivilizatsiyasi markazida bo‘lib turgan Rossiyaning Sankt-Peterburg shahridagi Din tarixi muzeyi vakili Irina Osmanova ham Markaz ochilishida Din tarixi muzeyida saqlanayotgan O‘zbekiston madaniy merosiga oid durdonalarni yurtimizga olib kelish va ko‘rgazma tashkil etish taklifini bildirdi va bu taklif Markaz rahbariyati tomonidan iliq qabul qilindi.

Muzey vakili xorijiy hamkor sifatida Markaz xodimlari bilan yaqindan faoliyat olib bormoqda. Mehmon markaz xodimlari bilan O‘zbekistonda saqlanayotgan Hazrati Usmon mus’hafi tarixi bilan bog‘liq manbalarni, shuningdek, mazkur qo‘lyozmaning 1905-yilda Rossiyada chop etilgan 50 ta faksimile nusxasining tarqalish geografiyasini o‘rganmoqda.

"O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan tashkil etilayotgan Islom sivilizatsiyasi markazi misli ko‘rilmagan loyiha bo‘ldi, deb o‘ylayman. Bu yerga tashrif buyurishimizdan maqsad — xalqaro ilmiy hamkorlikni yo‘lga qo‘yish. 3 kun davomida turli muzeylarda bo‘ldik, eksponatlar bilan tanishdik. Shuni mamnuniyat bilan ayta olamanki, Islomgacha bo‘lgan davr sivilizatsiyasi bo‘limi loyihasini tugatdik, endi amaliyotga tadbiq etib, ekspozitsiya tashkil qilishni boshlasak ham bo‘ladi. Bu jarayonda biz O‘zbekiston tarixi davlat muzeyi, Sankt-Peterburg shahridagi Ermitaj va Din tarixi muzeylari bilan yaqindan hamkorlik qilamiz", — dedi Din tarixi muzeyi vakili Irina Osmanova.

Ma’lumki, O‘zbekistonda saqlanayotgan Hazrati Usmon mus’hafi Qur’oni Karimning eng qadimgi nusxalaridan biri sanaladi. Buyuk sahobalardan biri Usmon ibn Affon (r.a.)  647-yilda Qur’oni Karimdan bir nechta nusxa ko‘chirtirib, uni turli mintaqalarga yuborganlar. O‘sha nusxalardan birining yurtimizga kelib qolishi haqida turli ma’lumotlar bor. Bu mus’haf XIX asrning ikkinchi yarmiga qadar Samarqandda, Xoja Ahrori Valiy masjidida saqlangan. 

Samarqand Chor Rossiyasi qo‘shinlari tomonidan bosib olingach, 1869-yil may oyida Mus’haf Turkiston bosh gubernatori general fon Kaufman buyrug‘iga binoan Sankt-Peterburgga jo‘natilgan. 1922-yil avgust oyiga kelib, bu muborak kitobni Turkiston musulmonlarining talabi bilan Toshkentga qaytarishga muvaffaq bo‘lindi. Hozirda Hazrati Usmon mus’hafi Hazrati Imom majmuasidagi “Mo‘yi muborak” masjidida saqlanmoqda. Mus’haf Rossiyada turgan vaqti, ya’ni 1905-yilda uning 50 ta faksimile nusxasi chop etilgan va turli shaharlarga yuborilgan. 

Mazkur zalda 120-yil avval chop etilgan ana shu faksimile nusxalarining tarqalish xaritasi ham o‘rnatiladi. Hazrati Usmon Qur’oni O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi ishga tushirilgach, uning “Qur’on zali”dagi maxsus ayvonchada, marmar lavh ustidan joy olishi ko‘zda tutilmoqda. Ushbu zalda Qur’onning qadimiy nusxalari ham sayyoh va ziyoratchilar e’tiboriga havola etilishi rejalashtirilgan.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер