Hazrati Bashir qishlogʻi moʻjizalarga boy

Kitob tumanidagi Hazrati Bashir qishlogʻi nafaqat tuman yoki viloyat, balki mamlakatimizdagi eng nomdor qishloqlardan biri hisoblanadi. Hisor togʻ tizmalarining purviqor qoyalari uzra yastanib yotgan bu qishloq oʻzining soʻlim va betakror tabiati, shu yerda mangu qoʻnim topgan mashhur shayxlari, avliyolari, ularning nomi bilan ataladigan ulugʻ qadamjolari bilan mashhur. Qishloqning nomi ham shu yerda tugʻilib, yashab oʻtgan ulugʻ avliyo – Hazrati Bashir nomi bilan bogʻliq.
Manbalarga koʻra, 1367-yilda buyuk Sohibqiron bobomiz Amir Temurning piri Said Barakaning ukasi Said Neʼmatulloh shu yerdan oʻtayotib, togʻ etagidagi Qoplotun qishlogʻidagi keksa dehqon — Hoji Hasan otaning uyida mehmon boʻladi. Suhbat asnosida er-xotinning farzandsiz ekanini eshitgan ulugʻ pir ularga farzand tilab duo qiladi. Moʻjizani qarangki, oradan 9 oy oʻtib, yaʼni 1368-yilda oilada oʻgʻil farzand tugʻiladi. Unga Sulton Sayid Ahmad deya ism qoʻyadi. Bu vaqtda Hazrati Bashir bobomizning otalari Xoja Hasan 90 yoshda, onalari Bibi Malokat 80 yoshda boʻladi. Ota-onasi keksaligi sababli chaqaloq koʻkrak sutidan mahrum edi. Shu sababli uni kichikligidanoq Beshir, yaʼni sutsiz deb ataydi.
Rivoyatlarga koʻra, chaqaloq tugʻilgach Allohning moʻjizasi bilan ularning hovlisidagi katta chinor ostida chashma paydo boʻlib, Hazrati Bashir ushbu buloq suvini ichib katta boʻladi. Tabiat uning ikkinchi onasi boʻlib, bir umr tabiat qoʻynida istiqomat qiladi. Hazrati Bashir umri davomida odamlarni mehrli, oqibatli, diyonatli boʻlishga, halol rizq topishga, oʻz qoʻl kuchi bilan yaratilgan mahsulotni isteʼmol qilishga chaqirgan. Oʻzi ham bunga oʻrnak boʻlgan.
U 25 yoshlarida qishloqdan 10 chaqirim yuqoriga, Qizilqoyaga koʻchib oʻtadi. Yurtning turli goʻshalariga safar qiladi. Maʼlum muddat Andijonda yashaydi. U yerdan qaytgach Mirzo Ulugʻbek bilan yozishmada boʻladi. Ular turli ilmlar borasida fikr almashishadi. Qayd qilinishicha, Mirzo Ulugʻbek Samarqand xirojining bir qismini Hazrati Bashirga berib turgan, u boʻlsa ushbu mablagʻni hozirgi Panjikentda katta masjid qurish uchun sarflagan.
Taxminan sakson yoshida uning oldiga Samarqanddan Ali Qushchi kelib, bu yerda 7-yilcha yashaydi. Ammo Ulugʻbek safdoshlarining quvgʻinga olinishi natijasida Hazrati Bashirning maslahatiga binoan u ona yurtini tark etadi. Hazrati Bashir 96 yoshida olamdan oʻtadi. Bugun bu joy har kuni yuzlab ziyoratchilar tashrif buyuradigan qutlugʻ qadamjoga aylangan.
Hazrati Bashir bobomizning ziyoratiga kelsangiz, ulovingizni Niyoztepadan biroz quyida qoldirib yayov odimlaysiz. Yoʻl boʻyi tabiatning turli moʻjizalari qarshi oladi. Ulardan biri Hazrati Bashir bobomiz yoshligida suvini ichib katta boʻlgan buloq hisoblanadi. Hozir bu buloq suvning bir qismi “Qashqadaryo” daryosiga borib quyilsa, bir qismi qishloqdagi yuzlab xonadonlarni ichimlik suvi bilan taʼminlab turibdi. Buloq suvi shifobaxsh xususiyatga ega. Ayniqsa, ichki kasalliklarni davolash va oldini olishda uning foydasi katta. Soʻnggi yillarda oʻtkazilgan laboratoriya sinovlari ham buni tasdiqlagan.
Buloq yonidagi ulkan va ulugʻvor chinor ham hamon atrofga salobat baxsh etib turibdi. Yana biroz narida tilsimotlarga toʻla qadimiy gʻor mavjud. Aholi bu joyni chillaxona deb ataydi. Ushbu gʻor keyinchalik Hazrati Bashir otaning tariqatlarini davom ettirgan shogirdi va izdoshi Junaydullo Islomshayx oʻgʻli Hoziq tomonidan qazilgan.
Junaydullo Islomshayx oʻgʻli Hoziq Hazrati Bashirning qabrini obod qilib, bu yerda maqbara qurdirgan. Soʻng oʻzi tarkidunyo qilib, ushbu gʻorda hayot kechirgan. Nihoyat Nizyoztepaga chiqib borarkansiz, bu yerdagi qadimiy archa eʼtiboringizni tortadi.
Rivoyatlarga koʻra, Hazrati Bashir ota qariy boshlagach, qoʻlidagi hassasini uloqtirib, “Qayerga borib tushsa, oʻsha joy mening qabrim boʻladi”, degan ekan. Hassa toʻgʻri kelib Niyoztepa nomli tepalik ustiga qadalib qoladi. Vasiyatga koʻra Hazrati Bashir olamdan oʻtgach shu yerga dafn qilingan.
Hassa archaga aylanib, hamon koʻkarib turibdi. Oʻsha paytda hassa yoʻgʻon tomoni bilan yerga qadalib qolgan. Shuning uchun boshqa daraxtlardan farqli ravishda uning past tomoni ingichka, yuqori tomoni yoʻgʻon. Archaga diqqat bilan razm solsangiz, bu rivoyatlarda jon borga oʻxshaydi. Qishloqda yana oʻnlab buloqlar, gʻorlar, buyuk shayx va avliyolar yotgan qadamjolar mavjudki, ularning har biri kelib koʻrishga arziydi.
Eko va ziyorat turizmi jadal rivojlanmoqda. Hazrati Bashir qishlogʻidagi ulugʻ qadamjolar, hududning betakror tabiati ziyoratchilarni ham, ekoturizm ishqibozlarini ham oʻziga chorlashi tayin. Biroq avvallari tuman markazidan qariyb 35 chaqirim olisda boʻlgan bu qishloqqa togʻli soʻqmoq yoʻllar boʻylab kelish ancha mushkul edi. Soʻnggi yillarda hukumatimiz tomonidan turizm sohasini rivojlantirishga qaratilayotgan eʼtibor natijasida Hazrati Bashir qishlogʻiga ham “Turizm qishlogʻi” maqomi berilib, bu yerga olib keladigan yoʻllar toʻliq taʼmirlandi. Koʻplab zamonaviy mehmon uylari, savdo va xizmat koʻrsatish shoxobchalari ish boshladi. Siz ham Hazrati Bashir ziyoratgohiga tashrif buyurib, uning betakror tabiatidan bahramand boʻlishingiz mumkin!
Gulandom SATTOROVA,
Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi
Kitob tumani boʻlinmasi rahbari.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Jahon olimlari nigohi yana Oʻzbekistonga qaratildi
- Prezident Oʻzbekiston oʻqituvchi va murabbiylariga tabrik yoʻlladi
- Oʻzbekistonda dollarning rasmiy kursi oʻzgardi
- Prezident Ismoil Joʻrabekov vafoti munosabati bilan hamdardlik bildirdi
- Oʻzbekiston va Turkmaniston: barqaror rivojlanish yoʻlidan borayotgan davlatlar
- Tadbirkorlar yangicha yondashuvlar asosida qoʻllab-quvvatlanadi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring