Haj ziyoratiga yuborishni vaʼda qilgan firibgarlar ushlandi
Oʻzbekistonda ayrim shaxslar tomonidan fuqarolarni Haj ziyoratiga yuborishni vaʼda qilib, ularning pul mablagʻlarini oʻzlashtirish holatlari aniqlandi. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmatiga tayanib, OʻzA xabar berdi.
Maʼlum qilinishicha, Toshkent shahrining Yakkasaroy tumanida joylashgan sayyohlik firmasining 2 nafar xodimi mahalliy fuqaroning ishonchiga kirib, uning ota-onasini Saudiya Arabistoniga Haj safariga borishlari uchun talab etiladigan viza hujjatlarini tayyorlab berish va ularni ziyoratga yuborish evaziga 18 ming AQSH dollari talab qilishib, 4500 AQSH dollari olgan vaqtlarida ushlangan.
Toshkent shahrining Yunusobod tumanidagi sayyohlik firmasi rahbari Yashnobod tumanida yashovchi fuqaroni “Haj 2024” mavsumida Saudiya podshohligiga muborak safarga yuborish evaziga 9500 AQSH dollari talab qilib, 5700 AQSH dollari olgan vaqtida qoʻlga olingan.
Toshkent shahrining Shayxontohur tumanida yashovchi, muqaddam sudlangan shaxs ham Surxondaryo viloyatining Sherobod tumanida istiqomat qiluvchi 2 nafar fuqaroni sayyohlik firmasi orqali Haj ziyoratiga yuborish evaziga 20 ming AQSH dollari talab qilib, 10 ming AQSH dollari olgan vaqtida ushlangan.
Fargʻona shahridagi sayyohlik firmasi ish yurituvchisi esa Toshloq tumanida yashovchi fuqaroni va uning 2 nafar voyaga yetmagan farzandini 30 ming AQSH dollari evaziga Haj ziyoratiga yuborishni vaʼda qilib, 15 ming AQSH dollari olgan vaqtida qoʻlga olingan.
Fargʻona viloyatining Yozyovon tumanida yashovchi shaxs ham Quva tumanida istiqomat qiluvchi fuqaroni va uning ota-onasini Haj amallarini bajarishlari uchun sayyohlik firmasi orqali Saudiya Arabistoniga yuborish evaziga 16 ming AQSH dollari olgan vaqtida ushlangan.
Hozirda mazkur shaxslarga nisbatan jinoyat ishlari qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Maʼlumot uchun, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 7-iyundagi “Haj va Umra tadbirlarini tashkil etish va oʻtkazishni yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarorida oʻzbekistonliklar uchun Haj tadbiri Oʻzbekiston Respublikasining Din ishlari boʻyicha qoʻmitasi va Saudiya Arabistoni Podshohligining Haj va umra vazirligi oʻrtasida har yili imzolanadigan shartnoma asosida Oʻzbekiston musulmonlari idorasi tomonidan amalga oshiriladi hamda bunday faoliyat bilan boshqa tashkilotlarning shugʻullanishiga yoʻl qoʻyilmaydi deb belgilab qoʻyilgan.
Shuningdek, Saudiya Arabistoni tomonidan belgilangan tartibga muvofiq, chet el fuqarolari uchun Haj ziyoratini ado etishning asosiy sharti – Haj vizasiga ega boʻlish hisoblanadi. Qolgan barcha turdagi vizalar – umra, turizm, biznes va boshqalar bilan Haj ziyoratiga borish taqiqlanadi. Tartibni buzgan xorijlik Saudiya Arabistonidan deport qilinib, ushbu mamlakatga 10 yil muddatga kirishi taqiqlanadi hamda 50 ming Caudiya riyoli miqdorida jarimaga tortiladi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- “Bashakshehir” Turkiyaning grand klubi bilan durang oʻynadi
- Sakkizta gol urilgan oʻyinda “Barselona” gʻalaba qozondi
- Oʻzbekiston milliy terma jamoasi uchun Jahon chempionati qurʼasi omadli oʻtdimi?
- Ўзбекистон терма жамосининг Жаҳон чемпионатидаги ўйин саналари эълон қилинди
- AQSH Yevropadan NATO majburiyatlarining asosiy qismini oʻz zimmasiga olishni talab qildi
- Germaniyada oʻquvchilar harbiy chaqiruvga qarshi namoyishga chiqdi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring