Hayotning har lahzasi goʻzal...

10:58 31 Mart 2026 Jamiyat
146 0

Foto: Akmal Muhammadov / “Xalq soʻzi”

Shaharlarda oʻtmish bilan bugungi kun, zamon nafasi hamohang yashaydi, deydi donishmandlar. Buni keyingi yillarda yangicha qiyofada namoyon boʻlayotgan koʻhna va hamisha navqiron shaharlarimiz misolida ham yaqqol koʻrish mumkin.

Foto: Akmal Muhammadov / “Xalq soʻzi”

Bugun yurtimizning barcha hududlarini oʻzaro bogʻlovchi mustahkam rishtalar, marvarid marjonlari – elimizning osoyishta va tinch, obod va farovon, yildan yilga yuksalib borayotgan bosh shaharlaridir. Faxr-u iftixorimizga aylanib borayotgan bunday shaharlarimiz endilikda xalqimizning barcha orzu-umidlarini oʻzida toʻliq mujassam etmoqda.

Foto: Akmal Muhammadov / “Xalq soʻzi”

Tabiati, iqlimi kabi dilkusho, mehmonnavoz va ochiqkoʻngil fargʻonaliklar uchun Fargʻona shahri nafaqat viloyat markazi, balki yaxshi niyatlar bilan Fargʻona vodiysining uzoq-yaqin manzillaridan bu yerga keluvchilarning mehr bilan boshini silaguvchi, borini baham koʻruvchi qadrdon kentdir. Shu bois ham bugun Fargʻonani ezgu niyatlar shahri, deb aytsak, oʻrinli boʻlar edi.

Foto: Akmal Muhammadov / “Xalq soʻzi”

Shu maʼnoda, Fargʻona jannatmakon diyorimizning turfa manzillaridan kelgan farzandlariga bilim va tarbiya beradigan, katta hayotga uzatadigan ilm-fan maskani, ustoz shahar. Navqironlik orzulari hamohang, mushtarak qalblar oʻzaro hamroh boʻlgan dillarni birlashtiruvchi muhabbat shahridir.

Foto: Akmal Muhammadov / “Xalq soʻzi”

Yangilanayotgan Fargʻona timsolida ulugʻvorlik bilan birga goʻzallik, koʻrkamlik va muhtashamlik mujassam. Bundagi kenglik va orastalikdan koʻchalar, xiyobonlar, shahar ahli va mehmonlari yayrab – erkin-erkin nafas oladi.

Foto: Akmal Muhammadov / “Xalq soʻzi”

Ayni paytda viloyat markazida zamonaviy shaharsozlikning oʻziga xos, aynan Fargʻonaga monand timsoli yaratilayotir. Bu shahar koʻchalari qiyofasini tubdan oʻzgartirib yuborayotgan qaddi baland imoratlar, noyob manzarali daraxtlar, landshaft arxitekturasi fargʻonaliklarning gʻururi, qadriyatlari, bobomeros anʼanalarini oʻzida toʻliq namoyon etayotgani eʼtiborga molik.

Foto: Akmal Muhammadov / “Xalq soʻzi”

Bunday rohatbaxsh manzaralar mushtarak maqsadlar yoʻlidagi hamjihatlik, mehr-oqibat, aql-u zakovat, uzoqni koʻzlagan yuksak tafakkur mahsuli ekanligi yanada quvonarlidir. Shunday lahzalarda ardoqli shoirimizning sevimli sheʼriy misralari xayolimizda charx uraveradi:

Hayotning har lahzasi goʻzal,

Umrning har dami gʻanimat...

Foto: Akmal Muhammadov / “Xalq soʻzi”
Foto: Akmal Muhammadov / “Xalq soʻzi”

Botir MADIYOROV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?