Harakatda baraka bor
Hech kimning taqdiri azaliga kambagʻallik qismati bitilmaydi. Binobarin, “Sendan harakat — mendan barokat”, degan hikmatda ham har bir insonni oʻz hayotini goʻzallashtirish, turmushini farovon qilishga daʼvat mujassam. Albatta, bunda jamiyatning kambagʻallikka munosabati, ogʻir ijtimoiy ahvolga tushib qolgan fuqarolarni ijtimoiy-iqtisodiy tanglikdan olib chiqishga boʻlgan ragʻbati ham alohida oʻrin tutadi.
Mamlakatimizda kambagʻallikni qisqartirish Prezidentimiz tomonidan milliy taraqqiyotimizning ustuvor yoʻnalishlaridan biri sifatida tanlanib, turli ijtimoiy tadbirlar bilan bir qatorda jamiyatda oʻzi istasa-da, oilasi farovonligini taʼminlay olmayotgan kishilarga koʻmaklashish zarurligi kechiktirib boʻlmas vazifa sifatida belgilandi. Zotan, jamiyatda kambagʻallik muammosi mavjud ekan, davlatning strategik maqsadlarga erishishi mushkulligicha qolaveradi. Boisi, kambagʻallik mamlakatda byudjet taqchilligi, taʼlim va tibbiy xizmat sifati pastligi, jamiyatda boqimandalik kayfiyatining ortishi bilan asoratlidir.
Oʻzbekiston kasaba uyushmalari faollari va respublika nuroniylarining yaqinda qabul qilingan Murojaatida kambagʻallik birgina shaxsning muammosi emas, balki xalqning, jamiyatning kamchiligi, xatosi va eʼtiborsizligi hamda loqaydligi oqibati ekanligiga urgʻu berilib, uni bartaraf etishda barcha kuchlar birlashib, bor imkoniyatlar safarbar etilishiga daʼvat qilingan.
Albatta, bu biz, tadbirkorlar oldiga ham kambagʻallik girdobiga tushib qolgan yurtdoshlarimiz, ularning oila aʼzolari, ayniqsa, farzandlariga munosabatlarimizni oʻzgartirish, birodarlarimiz kabi gʻamxoʻrlik qilish, taʼlim olishlariga koʻmaklashish, intilishlarini ragʻbatlantirish, shuurida jamiyat taraqqiyotiga daxldorlik hissini ulgʻaytirish vazifasini qoʻyadi.
Tabiiyki, bu bir-ikki kunlik ish emas, biroq natijalari nafaqat ularning, balki oʻz hayotimizda ham tezda koʻzga tashlanadi. Eng avvalo, jamiyatda maʼnaviy kambagʻallik barham topadi, oʻzaro birdamlik mustahkamlanadi. Iqtisodiyot ham, ijtimoiy soha ham barqaror rivojlanadi. Bundan koʻrinib turibdiki, kambagʻallikni qisqartirishga har bir yurtdoshimiz oʻz hissasini qoʻshishi zarur. Bu ezgu yoʻlda qaysi kasb-u kor egasi, qaysi millat va elat farzandi boʻlmasin, hech kim chetda qolmasligiga ishonamiz.
Ibrohim FAYZIYEV,
“Navpromlitmash” MCHJ taʼsischisi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- “Oʻtgan bahsda konsentratsiya biroz joyida emas edi. Shu sababli “jinnicha” xatolarga yoʻl qoʻydik” — Fabio Kannavaro
- Toshkentda “UzFood 2026” va “OʻzuPACK 2026” Xalqaro koʻrgazmalari boʻlib oʻtmoqda (+fotoreportaj)
- Shayxa Nosir Al Novays: “Men bu kabi yondashuvni avval koʻrmaganman”
- Oʻzbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 35 yilligini keng nishonlashga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish toʻgʻrisida
- “Yengilmas: Tokioga yoʻl”
- Toshkentda Amir Temur tavalludining 690-yilligi munosabati bilan harbiy parad oʻtkazilmoqda (fotoreportaj)
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring