Har mavsumda shu boʻlar takror...

14:31 30 May 2025 Jamiyat
489 0

Yaqinda “Xalq soʻzi” gazetasida eʼlon qilingan “Oyoq ostidagi neʼmat” maqolasini oʻqib, bir tarafdan suyungan boʻlsam, boshqa tomondan eski dardim yangilanib, kuyindim. Shu bois, avvalo, gazeta jamoasi hamda muallifga ushbu mavzuni koʻtarib, jamoatchilik eʼtiborini isrofgarchilikka yoʻl qoʻymaslik, uvolning oldini olish masalasiga qaratgani uchun rahmat aytaman.

Kuyinganimning boisi shuki, maqolada aytilganidek yoʻl, yoʻlak chetlarida ekilgan tut borki, hosili oyoqosti boʻladi. Va har yili pishiqchilik mavsumida shu holat takrorlanaveradi. Uzoqqa bormaylik, poytaxtimiz koʻchalari boʻylarida ekilgan mevali daraxtlar hosilga kirgan pallani koʻz oldingizga keltiring: shirin-shakar mevalar yer bilan bitta boʻlgan, oyoqosti qilingan... Negadir bunga oʻtgan ham, qaytgan ham eʼtibor bermaydi.

Hozir Toshkent shahrining qoq markazidagi koʻchalaridan birida sayr qilib, xuddi shunday manzaraga duch keldim. Oʻrik daraxti hosili koʻpligidan shoxlari egilib qolgan. Pishib yetilgan mevalari ostiga duv-duv toʻkilyapti. Bozor rastalarida, supermarketlarda falon pulga sotilayotgan oʻrikdan aslo kam joyi yoʻq. Lekin bu bebaho neʼmat shu yerdan oʻtayotgan yoʻlovchilar oyoqlari-yu mashinalar ostida toptalayotgani achinarlidir.

Kuni kecha vodiydan kelgan qadrdon doʻstim ham shu haqda gapirib qoldi. Uning kuyinganicha bor, albatta.

Oʻylab qolaman, odamlarga nima boʻlyapti oʻzi? Nega bunchalik beparvomiz? Yo bu toʻqlikka shoʻxlikmikan? Ehtimol, yoʻl boʻyidagi mevani terib olishga hozirgi yoshlarning gʻururi yoʻl bermas. Ammo yoshi katta nuroniylar, mahalla faollari-chi? Nega ular jim? Nima uchun sukut saqlashadi? Hech boʻlmasa, yosh avlodga uvolning zararini uqtirishmaydimi?

Vaholanki, Yaponiyada oʻrik qoqisi, jaydari aytsak, turshak dorixonalarda dorivor neʼmat sifatida sotilar ekan... Chindan-da, oʻrik salomatlik qalqoni, mevalar sultoni! Tibbiyot ilmining asoschisi Abu Ali ibn Sinoning “Tib qonunlari” asarida keltirilishicha, oʻrik mevasi kishiga darmon bagʻishlaydi, kamqonlikka davo. Buyuk bobokalonimiz yurak-qon tomir va oshqozon-ichak kasalliklarini davolashda oʻrikdan foydalangan. Xafaqonda oʻrik magʻzidan damlangan choyni, nafas yoʻllari yalligʻlanishi, koʻkyoʻtal kasalligini tuzatishda magʻzini tavsiya qilgan.

Afsuski, ana shunday bebaho neʼmat shahar, hatto qishloq koʻchalarida ham yerga toʻkilib, axlatga aylanmoqda. Buning uchun hech kim masʼuliyatni boʻyniga olishni istamayotgani kishini oʻyga toldiradi.

Oʻylaymizki, keng jamoatchilik nazorati bilan mevalarning oyoqosti qilinishiga barham beriladi.

Bozorboy DAULANOV,

mehnat faxriysi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер