Har bir soʻzning oʻz mohiyati bor

23:46 21 Oktyabr 2023 Jamiyat
287 0

Buxorodagi “Zakovat” klubining “Oʻzbek tili bilimdonlari” mavzuida boʻlib oʻtgan navbatdagi bellashuvida shevadagi “chaq-chaq” soʻzining kelib chiqishiga oid savol oʻrtaga tashlandi.

Maʼlumki, ikki qayroq toshning bir-biriga urilishi asnosida “chaq-chaq” tovushi chiqadi. Va shu hol bu soʻzning tugʻilishiga turtki vazifasini oʻtagan. Oʻz navbatida, “xushchaqchaq” soʻzi ham paydo boʻlgan. Bilasiz, bu soʻz kirishimli, gapga chechan kishilarga nisbat beriladi. Bu kabi misollar oʻzbek tili benihoya boy, serjilo ekanini koʻrsatadi.

— Tilimizda har bir soʻzning oʻz oʻrni, oʻz mohiyati bor, — deydi gʻijduvonlik ijodkor Muxtor Abdullayev. — Mashhur avar shoiri Rasul Hamzatov “Sizlar buyuk Alisher Navoiyning vorislarisiz, ulugʻ millatning farzandlarisiz, katta tilning egalarisiz. Bu bilan faxrlanishingiz, xalqingiz, tilingiz kamoliga xizmat qilishdan charchamasligingiz kerak”, deya bejiz lutf etmagan. Shu nuqtai nazardan, ona tilimizni asrab-avaylash, uni teran oʻrganishga oid rang-barang tadbirlarning tashkil qilinayotgani eʼtiborga molik.

Ana shunday tadbirlarning asosiysi viloyat musiqali drama teatrida boʻlib oʻtdi. “Ona tili — millat gʻururi” shiori ostida kechgan maʼnaviy-maʼrifiy kechada viloyat hokimligi mutasaddilari, ijodkorlar, olimlar, yoshlar va keng jamoatchilik ishtirok etdi.

Tadbirda soʻz olganlar 21-oktyabrning Oʻzbek tili bayrami kuni sifatida nishonlanishi ona tilimizni rivojlantirish, davlat tili sifatidagi oʻrni va ahamiyatini kuchaytirishda muhim omil boʻlayotganini taʼkidladilar.

Bir guruh faollarga bayram munosabati bilan viloyat hokimligi tashakkurnomasi va esdalik sovgʻalari topshirildi. Hunarmandlar koʻrgazmasi, teatr jamoasi tomonidan namoyish etilgan sahna koʻrinishi hamda konsert dasturi barchaga bayramona kayfiyat ulashdi.

Istam IBROHIMOV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?