Hamyurtimiz qishki Olimpiya oʻyinlariga tayyorgarlikni Italiyada olib bormoqda

18:33 11 Yanvar 2022 Sport
972 0

Xabaringiz bor, togʻ changʻisi boʻyicha Oʻzbekiston terma jamoasi aʼzosi Komiljon Toʻxtayev shu yil 4-20-fevral kunlari Xitoyning Pekin shahrida boʻlib oʻtadigan XXIV qishki Olimpiya oʻyinlarida ishtirok etadi. Sportchimiz toʻrt yillikning nufuzli musobaqasida togʻ changʻi sportining slalom va gigant slalom yoʻnalishlarida gʻoliblik uchun kurash olib boradi.

Taʼkidlash kerak, Toʻxtayevning Olimpiya oʻyinlariga yoʻllanmani qoʻlga kiritishida Turizm va sport vazirligi, Milliy Olimpiya qoʻmitasi va Oʻzbekiston changʻi federatsiyasi tomonidan sportchining xalqaro musobaqalardagi ishtirokini saralash davridan strategik jihatdan toʻgʻri rejalashtirilganligi muhim ahamiyat kasb etdi. Shuningdek, sportchimizning Yevropada oʻquv-mashgʻulot yigʻinlarini tashkil etishi va xalqaro musobaqalardagi ishtiroki Turizm va sport vazirligi tomonidan moliyalashtirildi.

Hamyurtimiz qishki Olimpiya oʻyinlariga munosib tayyorgarlik koʻrish maqsadida shu yilning 6-yanvarida Italiyaga joʻnab ketgan edi. Shu kunlarda Komiljon Toʻxtayev Italiyaning Bruniko shaharchasi yaqinidagi Manguelfo qishlogʻida italiyalik trener Mattia Ganessi rahbarligida mashgʻulotlar olib bormoqda. Ushbu mutaxassis qishki Olimpiya oʻyinlariga Oʻzbekiston nomidan roʻyxatdan oʻtkazilgan.

Rejaga koʻra, K.Toʻxtayev kuniga ikki mahaldan mashgʻulotlar olib bormoqda va Italiyadagi yigʻin yanvar oyining oxiriga qadar davom etadi. Shundan soʻng sportchimiz qishki Olimpiya oʻyinlarida ishtirok etish uchun Pekinga yoʻl oladi.

Qishki Olimpiya oʻyinlarining ochilish marosimi 4-fevralga belgilangan.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?