Halollik yaxshilikning kalitidir

Istam IBROHIMOV/“Xalq soʻzi”. Buyuk allomalarimizning ilmiy-maʼrifiy merosi, falsafiy qarashlarini oʻrganish tobora dolzarb ahamiyat kasb etmoqda. Negaki, bu meros barkamol inson tarbiyasi yoʻlida xizmat qiladi. Yoshlar ong-u shuuriga yurtparvarlik, adolatparvarlik, mehr-u oqibat, odamiylik, yaxshilik, halollik, mehnatsevarlik kabi ezgu fazilatlarni singdiradi, odamlarni xayrli ishlarga chorlaydi.
Shu boisdan ham ulugʻ ajdodlarimizning hayotlari, faoliyatlari chuqur tadqiq etilayapti. Ular mangu qoʻnim topgan goʻshalar obod qilinmoqda. Bu tabarruk maskanlardan ziyoratchilar-u sayyohlarning qadami uzilmayapti.
Buxorodagi Yetti pir – yetti avliyo qadamjosi ana shunday muqaddas maskanlar sirasiga kiradi. Xoja Abdulxoliq Gʻijduvoniy, Xoja Orif Mohitobon Revgariy, Xoja Mahmud Anjir Fagʻnaviy, Xoja Ali Romitaniy, Xoja Muhammad Boboyi Samosiy, Sayyid Amir Kulol va Xoja Muhammad Bahouddin Naqshbandiy qabrlari taomilga koʻra, ketma-ketlikda ziyorat qilinadi. Biz bu oʻrinda Xoja Abdulxoliq Gʻijduvoniy haqida muxtasar soʻz yuritmoqchimiz.
Bu buyuk ajdodimiz 1103-yilda Gʻijduvonda tugʻilgan. U Naqshbandiya tariqatining rivojiga juda katta hissa qoʻshgan. Dunyoga Xojai Jahon (Jahon xojasi) nomi bilan ham maʼlum. Uning “Vasoya”, “Tariqat odobi”, ”Az guftori Xoja Abdulxoliq Gʻijduvoniy”, “Maqomoti Yusuf Hamadoniy” kabi asarlari bor. 1179-yilda Gʻijduvonda vafot etgan.
Mutaxassislar fikricha, Xoja Abdulxoliq Gʻijduvoniyning tasavvuf tarixidagi buyuk xizmatlaridan biri shuki, u tariqatni Muhammad Paygʻambar sunnatiga muvofiqlashtirdi. Uni turli notoʻgʻri qarashlardan tozaladi. Shariatga rioya etishni asosiy qoida deb bilib, tarkidunyochilikni inkor etdi. Har kimning oʻz mehnati bilan kun koʻrishi lozimligini uqtirdi. “Dil ba yoru dast ba kor!”, yaʼni “Koʻngling yorda-yu (Allohda), qoʻling ishda boʻlsin!” shiorini ham ilk bor u ilgari surdi. ”Halollik yaxshilikning kalitidir”, “Xalqqa marhamatli boʻl” singari oʻnlab purmaʼno oʻgitlari bilan odamlar koʻnglidan joy oldi.
— Sohibqiron Amir Temur Abduxoliq Gʻijduvoniy hazratlarining sharafiga madrasa va maqbara qurishni maqsad qilgan, ammo bu niyatini roʻyobga chiqarishga ulgura olmay qolgan, — deydi Buxoro davlat universiteti professori, tarix fanlari doktori Shodmon Hayitov. — Bobosining bu niyatidan Mirzo Ulugʻbek xabardor edi. U bu ezgu niyatni amalga oshirdi. 1433-yilda Gʻijduvonda madrasa, kutubxona va toshhammom qurdirdi. Keyinchalik bu yerda masjid, minora va hovuz ham barpo etildi.
Buyuk ajdodlarimiz nazari tushgan ushbu maskan, afsuski, shoʻro tuzumi davrida oyoqosti qilindi. Madrasa, masjid kimyoviy oʻgʻit saqlanadigan omborxonaga, qabr atrofi esa somon bozoriga aylantirildi. Mustaqillik sharofati bilan bu kabi noxush holatlar barham topdi. Ziyoratgoh obod etildi. 2003-yilda Xoja Abdulxoliq Gʻijduvoniy tavalludining 900-yilligi keng nishonlandi.
— Prezidentimizning 2017-yil 11-iyuldagi “Abdulxoliq Gʻijduvoniy tavalludining 915-yilligini va Bahouddin Naqshband tavalludining 700-yilligini nishonlashga tayyorgarlik koʻrish hamda uni oʻtkazish toʻgʻrisida”gi farmoyishi ziyoratgohni yanada obod qilish borasidagi ishlar koʻlamini kengaytirdi, — deydi gʻijduvonlik mehnat faxriysi Rajab Avezov. — Davlatimiz rahbarining topshirigʻiga muvofiq, majmua toʻliq rekonstruksiya qilindi. Maʼlumotlarga qaraganda, buning uchun hukumatimiz hamda homiylar tomonidan 8 milliard soʻmga yaqin mablagʻ sarflandi.
Ziyoratgoh hududidagi yoʻlaklarga maxsus toshlar yotqizilib, yon-atrof obodonlashtiridi. Tahoratxona, oshxona, 3 ta avtoturargoh va 3 ta darvoza barpo etildi. Masjid yangitdan qurildi. Muzey tashkil topdi. Majmua atrofi oʻrab olindi. Hazrat onalarining qabri oʻrni aniqlanib, yangi hazira barpo qilindi. Bir soʻz bilan aytganda, qadimiy suratlarga tayanilgan holda majmuaning asl qiyofasi qayta tiklandi.
Ayni damda ziyoratgohga qadam qoʻygan har bir kishi bu yerdagi obodlik, ajib bir sokinlikni koʻrib koʻnglida shukronalik hissini tuyadi. Umrning oʻtkinchiligini, inson oʻzidan faqat yaxshi nom qoldirishi kerakligi haqidagi azaliy oʻylar fikr-u xayolini chulgʻaydi. Ruhi yengil tortadi. Taʼlimotining oʻzagi halollik, yaxshilikka daʼvatdan iborat boʻlgan ulugʻ ajdodimiz xotirasini yod etib, koʻngliga ezgu niyatlarni jo qiladi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Eron va Isroil oʻrtasidagi ziddiyatlar xronologiyasi yoxud bugungi “urush”ning ildizi qayerda?
- Parkentda yiliga 20 ming sayyohni qabul qiladigan turistik majmua ochilmoqda
- Oʻzgarishlarni soʻz bilan uygʻotgan jurnalist
- “100 milliondan ortiq gullar, modalar haftaligi hamda turfa taomlar taqdimoti”: Namanganda oʻtkazilayotgan 64-Xalqaro gullar festivalidan video va fotoreportaj
- Oʻzbekiston tarixida ilk bor mundial yoʻllanmasini qoʻlga kiritgan milliy terma jamoamiz Toshkentga qaytib keldi — Fotoreportaj
- Oʻzbekiston Tashqi ishlar vazirligi Isroil–Eron mojarosi yuzasidan bayonot berdi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring