Hali butun roʻyi jahon sheʼr boʻlajak

17:49 13 Avgust 2022 Madaniyat
1407 0

Oʻzbekiston xalq shoiri, dramaturg va nosir Usmon Azim bugun tabarruk 72 yoshga toʻldi. Atoqli ijodkorning oʻnlab sheʼriy va nasriy asarlari adabiyot ixlosmandlari tomonidan qoʻlma-qoʻl oʻqib kelinmoqda. U yaratgan oʻnlab toʻplamlarga kirgan sheʼrlar, dostonlar yorqin tuygʻularga, oʻziga xos tashbeh va istioralarga boyligi, joʻshqin va jozibadorligi, daʼvatkorligi, baxshiyona ruhi, goh gʻamgin, goh begʻubor erkalovchi ohanglari bilan kitobxon qalbidan chuqur joy oladi.

Usmon Azimning sheʼrlari fransuz, nemis, ingliz, polyak, eston, gruzin, makedon, litva, turk, tojik, rus, qozoq, qirgʻiz va boshqa tillarga tarjima qilingan.

Quyida shoir ijodidan namunalar tuhfa etamiz.

***

Tong titraydi kech kuzakning quchogʻida,

Yulduzlarni oʻchirmoqda gulgun shafaq.

Jonim, qalbim sheʼriyatning pichogʻida…

Zamin — tilsim, osmon — tilsim… sheʼr — beshafqat!

Men qiynaldim. Xayolimning qanotida

Dengizlarni koʻtargancha tolib uchdim.

Yulduzlarni koʻp koʻrganman hayotimda,

Dengizdagi yulduzlarni keldi quchgim.

Koʻkka boqdim, oʻt tutashdi jonim aro…

Qat-qat bulut qatlarida ne sir-asror!

Hayrat ichra oʻldirgusi meni samo,

Ona zamin, ucha qolay, qoʻyib yubor!

Men yor dedim… Laylimi yo, Shirinmi yo!

Yoki endi tugʻilajak biror malak?

Mana men, deb koʻz oldimda boʻldi paydo,

Mana men, deb sheʼrdan boqdi yakto yurak.

Yulduzlarni oʻchirmoqda gulgun shafaq,

Tong titraydi kech kuzakning quchogʻida.

Sheʼr yozilar… Qiynoq, senga boʻlsin sharaf,

Jonim, qalbim sheʼriyatning pichogʻida…

Hali butun roʻyi jahon sheʼr boʻlajak.

Faqat bekor bilib orom quchogʻini —

Bu dunyoni sirga koʻmib yashash kerak,

Qalbga sanchib sheʼriyatning pichogʻini!

***

(“Baxshiyona” turkumidan)

Karvon koʻrdim, tuyalari boʻzlab borar,

Nortuyada mening yorim muzlab borar.

Menga bergan vaʼdalari esdan chiqib,

Ostonasi tillo yurtni izlab borar.

Peshonangning yozdigʻidan ayrilma, yor,

Jonim chiqar — qoʻshiq aytsam, qayrilma, yor!

Oytuman yor ketib borar karvon bilan,

Ogʻrinma, dil, mard qoladi armon bilan.

Mol-dunyoning izmin tutib ketaversin,

Men qolayin yurak degan sarbon bilan.

Peshonangning yozdigʻidan ayrilma, yor,

Jonim chiqar — qoʻshiq aytsam, qayrilma, yor!

Oytuman yor, tumandayin suzib ketding,

Yuragimning qalʼasini buzib ketding.

Parchalansam — meni qoʻshiq yigʻishtirar,

Sen qoʻshiqsiz qolding, gulim — toʻzib ketding.

Peshonangning yozdigʻidan ayrilma, yor,

Jonim chiqar — qoʻshiq aytsam, qayrilma, yor!

Karvon yoʻli ketgunicha qizgʻaldoqzor,

Yigʻlamagin, yigʻlagandan dunyo bezor.

Kulib-kulib, quvnab-quvnab ketavergin,

Gʻamga oʻzim xaridorman, oʻzim bozor.

Peshonangning yozdigʻidan ayrilma, yor,

Jonim chiqar — qoʻshiq aytsam, qayrilma, yor!

Qorli togʻdan naridadir oʻzga diyor,

Oʻzga yurtda kelin boʻlib qolishing bor.

Oʻzga yurtda oʻz yurtingni eslab turgin,

Menga emas, tuprogʻingga boʻl intizor.

Peshonangning yozdigʻidan ayrilma, yor,

Jonim chiqar — qoʻshiq aytsam, qayrilma, yor!

Menchi? Menga goh shodlik, goh alam toʻlar,

Har satrimga kulgum toʻlar, nolam toʻlar.

Bu olamku, manim koʻnglim yarim etdi,

Yarmi bilan kuylasam ham olam toʻlar.

Peshonangning yozdigʻidan ayrilma, yor,

Jonim chiqar — qoʻshiq aytsam, qayrilma, yor!

Usmon AZIM,

Oʻzbekiston xalq shoiri.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?