Gulxan atrofidagi dilkash gurunglar

13:50 29 Sentyabr 2023 Jamiyat
463 0

Foto: “Xalq soʻzi”

Yoshlar maʼnaviyatini yuksaltirish, ularning boʻsh vaqtlarini mazmunli tashkil etish maqsadida Xorazm viloyatining barcha mahallalarida “Gulxan atrofidagi yoshlar” loyihasi doirasida turli madaniy tadbirlar, sport musobaqalari oʻtkazilmoqda.

Xonqa tumanidagi 1-maktab hovlisida yoqilgan gulxan Gʻayrat mahallasi yoshlarini bir manzilga jamladi. “Zakovat” bilimdonlar bellashuvi, shaxmat shashka, voleybol, stol tennisi, futbol musobaqalari, mushoira kechasi, yosh talantlar ijrosidagi shoʻx kuy-qoʻshiqlar va joʻshqin raqslar nafaqat yoshlarni, mahallaning katta avlod vakillarini ham davraga chorladi. Gulxan atrofida kechgan dilkash gurunglarda yoshlarning ularning orzu intilishlari, muammolari, kelgusi rejalari haqida soʻz bordi.

— Tadbirga koʻproq uyushmagan yoshlarni jalb qilishga eʼtibor qaratdik, — deydi mahallaning yoshlar yetakchisi Maʼrufbek Qilichev.— Bunday uchrashuvlar mahallada huquqbuzarliklar va jinoyatchilikning oldini olish, yangi isteʼdodlarni kashf etish, yoshlarni ezgu gʻoyalar atrofida birlashtirishga xizmat qiladi.

Tadbir yakunida faol yoshlarga tashkilotchilar tomonidan esdalik sovgʻalari topshirildi.                           

                                                                          Odilbek Odamboyev, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?