Gul koʻtargan jurnalist
Faxriddin BOZOROV/“Xalq soʻzi”. Toshkent shahrida oʻtkazilishi moʻljallangan tadbir oldidan tashkilotchilar biz jurnalistlarga gul hadya qilishdi. Jajjigina tuvakchasiga “Salomatlik va sof tabiat uchun” deb yozib qoʻyilgan bu gul kayfiyatimizni shunchalik koʻtarib yubordi-ki, uni soʻz bilan ifodalash qiyin. Koʻm-koʻk va chaqaloqning qoʻlidek yumshoqqina barglarini ushlab, ruhiyatimda nimadir charaqlaganday boʻldi.
Darvoqe, nega tashkilotchilar bizga gul hadya qilishganini bilasizmi? Ha, toʻgʻri topdingiz, 2025-yil — “Atrof-muhitni asrash va «yashil” iqtisodiyot yili». Sovgʻa yil nomiga juda yarashib turibdi. Shu xayollar bilan andarmon boʻlib turganimizda “Lip” etib “svet” oʻchdi. Zal qop-qorongʻi boʻlib qoldi. “Baʼzi hududlarda aholi shunday qorongʻida yashashadi, shuni biz ham his qilaylik” deya luqma tashladi bir muxbir ayol. Ammo elektr hadeganda kelavermadi.
“Har qanday yomon narsaning ham bir hikmati bor” deganlaridek, aslida “svet” oʻchgani yaxshi boʻldi. Tadbir oʻtkazilayotgan bino mutasaddilari “yashil iqtisodiyot”ga yaʼni muqobil energiyaga oʻtishni ertaga emas, aynan bugun amalga oshirish zarurligini anglab yetadi. Ana, yerda qor boʻlsa ham tepamizda oftob charaqlab turibdi. Quyoshning beminnat nurini elektrga aylantirish uchun qanchadan-qancha moliya muassasalari “yashil” kreditlar ajratmoqda.
Bir qoʻlimdagi moʻjazgina tuvakchada yashnab turgan gulga, bir kalavaning ipi kabi chuvalashib ketgan xayollarimni yigʻishtirib olishga harakat qilaman. Shunda bugun tadbir oʻtkazilmasligi haqida aytib qolishdi.
Gultuvakni koʻtarib yoʻlga tushdim. Xuddi bu orqali “yashil” iqtisodiyotga oʻtishni targʻib qilayotganga oʻxshardim. Hatto bir ayol uni qoʻllari bilan ushlab koʻrib, “bu gulning nomi “денежный”, chiroyliligini qarang, xuddi nimadir deyayotgandek boʻlyapti” deb quvonchini yashira olmasdi.
Haqiqatda bu gul nimadir deyapti. Quloq tutaman va uning “Odamlar, salomatlik va sof tabiat uchun kurashing” degan ovozini eshitganday boʻlaman...
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- “Oʻtgan bahsda konsentratsiya biroz joyida emas edi. Shu sababli “jinnicha” xatolarga yoʻl qoʻydik” — Fabio Kannavaro
- Shavkat Mirziyoyev Saudiya Arabistoni Podshohligi Valiahdi Muhammad bin Salmon Ol Saud bilan telefon orqali muloqot qildi
- “Dronlar dueli” yoxud Ukrainadan Erongacha boʻlgan sinov poligonlarida shakllangan yangi dunyo tartibi
- Toshkentda “UzFood 2026” va “OʻzuPACK 2026” Xalqaro koʻrgazmalari boʻlib oʻtmoqda (+fotoreportaj)
- “Soxta tetiklikning haqiqiy halokati”: energetik ichimliklarning sekin, ammo muqarrar yiqitish jarayoni haqida
- Shayxa Nosir Al Novays: “Men bu kabi yondashuvni avval koʻrmaganman”
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring