Gʻijduvonda “Tirik abadiyat” deb nomlangan respublika anjumani o‘tkazildi

11:15 15 May 2023 Madaniyat
729 0

Foto: «Xalq so‘zi»

Xalqni xalq, millatni millat qiladigan uning tili, adabiyoti, ma’naviyati, madaniyati, san’atidir. Binobarin, adabiyot va san’atning qadru qimmatini chuqur anglagan el hech qachon kam bo‘lmaydi. Shu nuqtai nazardan yurtimizda kitobxonlik madaniyatini yuksaltirish, badiiy ijod ahliga e’tibor davlat siyosati darajasiga ko‘tarilgani diqqatga molikdir. Xususan, bugun oramizda yo‘q, ammo badiiy jihatdan pishiq - puxta asarlari bilan el ko‘nglidan joy olgan adiblar xotirasi hamisha e’zozda. Taniqli yozuvchi O‘ktam Usmonov, O‘zbekiston Xalq shoirlari Rauf Parfi va Omon Matjonlar ana shunday ijodkorlardan sanalishadi. 

Gʻijduvonda adib O‘ktam Usmonov tavalludining 85 yilligi, Rauf Parfi hamda Omon Matjon tavalludining 80 yilligi munosabati bilan o‘tkazilgan “Tirik abadiyat” deb nomlangan respublika anjumanida ana shu fikrlar bot – bot takrorlandi. 

Gʻijduvon tuman hokimligi tashabbusi bilan tashkil etilgan tadbirda adabiyot ixlosmandlari, ziyolilar, yoshlar to‘plandilar. Anjumanda poytaxtimiz Toshkentdan bir guruh shoir va yozuvchilar, san’atkoru olimlarning ishtirok etishgani tadbirga o‘zgacha ruh, mazmun bag‘ishladi. Tadbir avvalida tuman hokimi Sh. Ashurov so‘z olib, xotirasi yod olinayotgan yozuvchi – shoirlar haqida qisqacha to‘xtaldi. O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisining birinchi o‘rinbosari, shoir Nodir Jonuzoq, adabiyotshunos olim Rahmon Qo‘chqor, O‘zbekiston Xalq artisti Erkin Komilov, shoir Chorsha’m Ro‘ziyev, Zikrilla Ne’mat va boshqalar xotirasi yod olinayotgan adiblar hayoti va ijodi xususida so‘zlab, ular ijodidan namunalar o‘qidilar. Xushovoz xonandalar, Ortiq Otajonov sulolasi davomchilari Zokir hamda Ulug‘bek Otajonov va xalq suygan san’atkor Ilhom Farmonov ijrosida Omon Matjon va Rauf Parfi qalamiga mansub qo‘shiqlar yangradi. 

Zukko o‘quvchilarga eslatish joizki, yozuvchi O‘ktam Usmonov mag‘zi butun asarlari, ayniqsa, “Girdob” romani bilan el ko‘nglidan joy olgan. Shu asar asosida tayyorlangan videofilm o‘z vaqtida uning ijodkorlariga shon – shuhrat keltirgan, asardagi bosh rol – Aziz Qosimov obrazini taniqli aktyor Erkin Komilov ijro etgan edi. Rauf Parfi hamda Omon Matjonlarning el – yurt vijdoni, or – nomusi bo‘lib yangragan she’riy asarlari haqida esa uzoq to‘xtalish mumkin. 

Adabiyot va san’at bayramiga aylangan tadbirda ushbu mazmunli anjumanni tashkil etishda bosh – qosh bo‘lgani uchun tuman hokimiga O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasining Tashakkurnomasi hamda nodir kitoblar sovg‘a qilindi. Shuningdek, poytaxtlik ijodkorlar tomonidan tuman axborot – resurs markaziga badiiy adabiyotlar tuhfa etildi. 

Istam IBROHIMOV, “Xalq so‘zi”

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер