“Gʻazalsiz umrlarda iqbol-u kamol yoʻqdir…”
10-may — Oʻzbekiston xalq shoiri
Gʻafur Gʻulom tavallud topgan kun
Gʻafur Gʻulom oʻzbek adabiyoti, ayniqsa, sheʼriyatida alohida oʻrin tutadigan shoirdir. Uning bitiklarida zamona va insoniy fazilatlar tarannumi, falsafiy fikrlar, koʻngil hislarining erkin mushohadasi yaqqol sezilib turadi. Qayd etish joizki, ijodkorning nasriy asarlari ham xalqimiz koʻnglidan munosib oʻrin egallagan.
Aminmizki, adib nomi yuraklardan oʻchmaydi, asarlari qayta-qayta oʻqilib koʻngillarga zavq-u shavq bagʻishlayveradi.
BAHOR OHANGLARI
Oʻrik gullarini emar bolari,
Nasrin yaprogʻida titraydi shabnam,
Ipak qurt tuxmida hayot asari,
Olam nikoh oqshom bir zebo sanam.
Ilk koʻklam fayzini sozga solmoqqa
Tanbur kosasida sharob kerakdir.
Damlar mazmunini qamrab olmoqqa
Dunyoday kattakon kitob kerakdir.
Atlasday tovlangan yonbagʻir qirlar,
Bepoyon gul gashtin sursa necha doʻst,
Oʻzligin unutgan oshiq-maʼshuqlar
Yalakat danakday qoʻshmagʻiz bir poʻst.
Navroʻzi bedona oʻrganchik sayrar
Yanglish chuchutlarda sevgi ohangi.
Yosh irmoq sohilga tilini qayrar,
Quyosh nusxalidir muhabbat rangi.
Tongotar ufqni loladay yirtar
Tinmagʻur mehnatning zabardast tovshi.
Har yerda hukmron tanti va lobar
Omonlik zamonning yenguvchi ishi.
MENING BIR SATRIM
Qalbimda qimmatli bolalarimning
Kapalak singari shoʻxliklari koʻp.
Ularning manglayi baxtimday mahbub,
Oʻpib erkalayman oʻz lablarimni…
Biror tong bittasi yoʻtalib qolsa,
Jonimni hovuchlab dilim uradi.
Yarim dam koʻzimdan yoʻqolib qolsa,
Tugʻma chanqov kabi tilim quradi.
Topmasdan qoʻymayman bolalarimni,
Chamanim zinnati lolalarimni.
Ularku shoʻxlikda kapalakdan zoʻr!
Ammo topoldimmi, sezaman huzur…
Har bolam ufurgan nafasin atri —
Sheʼrimning eng yetuk, eng yaxshi satri.
SAMAD VURGʻUNGA
Sharafli bu oʻlkaning muhit kabi koʻkini
Porloq yirik yulduzlar bezab kelmish sarbasar.
Turlab koʻrsang tarixlar karvonining yukini
Oʻz xalqi irfonidan olamga berar xabar.
Qadim otash qadalar muqaddas oʻchogʻida
Sarkarda Bobaklarning soʻnmagan nafasi bor.
Adirlar, vodiylarda, togʻlarning quchogʻida
Magʻlubiyat bilmagan xalqniig gurros sasi bor.
Sevgi boʻlmagan yerda qadrin topolmas jamol,
Na sharob, na musiqiy, na yurakda intizom.
Gʻazalsiz umrlarda iqbolu kamol yoʻqdir,
Qoʻshiqsiz yuraklarda na ehtiros, na ilhom…
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- AQSH va Britaniya Suriya muvaqqat prezidenti Axmad ash-Sharʼani “qora roʻyxat”dan chiqardi
- G20 sammitining Janubiy Afrikada oʻtkazilishi sharmandali holat – Tramp
- Mashinada xavfsizlik kamarini taqish mumkin boʻlmagan kasalliklar roʻyxati tasdiqlanadi
- Oʻzbekiston U-17 terma jamoasi Jahon chempionatidagi ikkinchi oʻyinida magʻlub boʻldi
- Oʻzbekiston milliy terma jamoasining xalqaro musobaqa uchun qaydnomasi eʼlon qilindi
- “Doha — Qatarning yuragi, tungi ritmda urib turgan shahar”
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring