Gavayiga borish endi yanada qimmat boʻladi
Gavayi maʼmuriyati ilk bor turizm soliqlarini oshirish orqali iqlim oʻzgarishiga qarshi kurashga va tabiatni muhofaza qilishga yoʻnaltirilgan qonunni qabul qildi. Unga koʻra, qisqa muddatli turar joylarga qoʻllaniladigan mavjud soliq stavkasiga 0,75 foizli qoʻshimcha “yashil soliq” joriy qilinadi. Shtat gubernatori Josh Grin bu tashabbusni qoʻllab-quvvatlagan va 9-iyulgacha uni imzolashi kutilmoqda.
Yangi qonunga muvofiq, mehmonxona xonalari, vaqtincha foydalaniladigan mulklar, taʼtillar uylari va boshqa qisqa muddatli turar joylarga qoʻllaniladigan 10,25 foizlik soliq 2026-yil 1-yanvardan 11 foizga oshiriladi. Bundan tashqari, Gavayiga tashrif buyuruvchi kruiz kemalari uchun ham yangi 11 foizlik soliq joriy etiladi — bu kemaning shtat portlarida turgan kunlari asosida hisoblanadi.
Rasmiylarning hisob-kitobiga koʻra, yangi soliq yillik 100 million AQSH dollariga yaqin mablagʻ yigʻilishini taʼminlaydi. Bu mablagʻ Vaikiki sohilidagi qum qatlamlarini tiklash, boʻron paytida tomlarni himoyalash uchun maxsus toʻsiqlarni oʻrnatish, shuningdek, 2023-yilda Lahaina shahrini vayron qilgan yongʻin kabi xavflarni oldini olish uchun yovvoyi oʻtlarni tozalash loyihalariga yoʻnaltiriladi.
Qonun loyihasi demokratlar koʻpchilikni tashkil etuvchi shtat palatasi va senatida katta ustunlik bilan qabul qilindi. Mutaxassislarning aytishicha, bunday qonun AQSHda ilk bor qabul qilinmoqda va bu boshqa shtatlar uchun ham namuna boʻlishi mumkin.
Qonunning dastlabki loyihasida soliqni yuqoriroq oshirishni koʻzlangan edi, biroq turizm sohasiga salbiy taʼsir koʻrsatmaslik maqsadida miqdor kamaytirildi. “Bu muvozanatli qaror boʻldi”, — dedi shtat palatasi vitse-spikeri Linda Ichiyama. Yangi qonun iqlim oʻzgarishlari va ekologik xavflarga qarshi kurashda turizmga tayanadigan shtatlar uchun innovatsion yondashuv sifatida tarixda qolishi koʻzlanyapti.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- AQSH va Britaniya Suriya muvaqqat prezidenti Axmad ash-Sharʼani “qora roʻyxat”dan chiqardi
- G20 sammitining Janubiy Afrikada oʻtkazilishi sharmandali holat – Tramp
- Oʻzbekiston U-17 terma jamoasi Jahon chempionatidagi ikkinchi oʻyinida magʻlub boʻldi
- Mashinada xavfsizlik kamarini taqish mumkin boʻlmagan kasalliklar roʻyxati tasdiqlanadi
- Oʻzbekiston milliy terma jamoasining xalqaro musobaqa uchun qaydnomasi eʼlon qilindi
- “Doha — Qatarning yuragi, tungi ritmda urib turgan shahar”
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring