Garovdagi ekskavator nega yashirilgan edi?

16:28 01 Noyabr 2023 Jamiyat
178 0

Foto: “Xalq soʻzi”

Bugungi kunda tijorat banklari tomonidan ajratilayotgan kredit mablagʻlari xoʻjalik yuritish subyektlarida ish yuritish, shuningdek, jismoniy shaxslarning oʻz biznesini yoʻlga qoʻyishida moliyaviy imkoniyatning qulay turiga aylangan. Biroq, olmoqning bermogʻi bor, bankdan olingan qarz vaqtida qaytarilmogʻi kerak. Aks holda oʻrtadagi ishonchga putur yetadi.

Afsuski, keyingi paytlarda xuddi shunday holatlar kuzatilishi koʻpaymoqda. Amalda bunday paytda Majburiy ijro byurosi xodimlari banklarga yordamga kelishadi. Namangan viloyatida ham oʻz vaqtida qaytarilmagan kredit mablagʻlarini banklar foydasiga undirish bilan bogʻliq hujjatlar ijrosini taʼminlash borasida tizimli choralar koʻrilmoqda. Tahlillarga koʻra, shahar va tumanlar boʻlimlari ish yurituvida banklarda kredit olishda garov sifatida qoʻyilgan, biroq yashirib qoʻyilgan 402 ta transport vositalari borligi aniqlangan. Qisqa muddat ichida ularning 41 tasi topilib, xatlash choralari koʻrildi.

Masalan, shartnomaga koʻra “Universal bank”ning Chust tuman filiali “Zarkent dur tosh konlari” masʼuliyati cheklangan jamiyatiga ajratgan kreditning qaytarilishi qiyin kechdi. Korxona mutasaddilari bu ishni paysalga solavergach, masala sudgacha borib yetadi va 1 mlrd. 228 mln soʻm miqdordagi kreditni majburiy tartibda undirish toʻgʻrisida qaror chiqarilib, undiruvni garovga qoʻyilgan “Hyundai Robex 140W “ ekskavatorga qaratiladi. Biroq, epchil mutasaddilar bu texnikani qayerlargadir berkitib qoʻyishgan ekan. Lekin, ekskavator nina emaski, izsiz yoʻqolib ketaversa. Olib borilgan tadbirlar davomida jamiyat tomonidan yashirib qoʻyilgan ekskavator topilib, oʻrnida xatlandi.

— Bunday holatlarning oldini olishda xodimlarimiz sinchkovlik bilan ish olib borishyapti,—deydi MIB viloyat boshqarmasining masʼul xodimi Sohibjon Rapiqov. — Ayni paytda Ishchi guruh tomonidan oʻtkazilayotgan tadbirlar davomida ish yurituvida boʻlgan 466 ta, 73,6 mlrd. soʻmlik ijro hujjatlari boʻyicha avtotransport vositalarini qidirish va jarima maydonchasiga tortish choralari koʻrilmoqda.                

                                                                    Qudratilla NAJMIDDINOV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер