1-yanvardan ID-karta va xorijga chiqish pasporti DXM orqali ham beriladi

10:32 26 Iyul 2021 Hujjatlar
1789 0

“Davlat xizmatlari koʻrsatish infratuzilmasini takomillashtirish va aholining davlat xizmatlaridan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Prezident farmoni qabul qilindi

Farmonga muvofiq, 2022-yil 1-yanvardan Oʻzbekiston fuqarosi, Oʻzbekistonda doimiy yashovchi chet el fuqarosi va fuqaroligi boʻlmagan shaxsning identifikatsiya ID-kartasi hamda Oʻzbekiston fuqarosining xorijga chiqish biometrik pasportini rasmiylashtirish va berish, shu jumladan davlat xizmatlari markazlari orqali amalga oshirish yoʻlga qoʻyiladi.

Farmon bilan quyidagilar tasdiqlandi:

Davlat xizmatlari markazlari va YAIDXP orqali bosqichma-bosqich joriy etiladigan davlat xizmatlari roʻyxati (87 ta);

2022-yil 1-yanvardan koʻrsatish muddatlari qisqartiriladigan davlat xizmatlarining ayrim turlari roʻyxati (59 ta).

2022-yil 1-yanvardan davlat organlari, xoʻjalik birlashmalari, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari, davlat tashkilotlari tomonidan aholidan, shu jumladan tadbirkorlardan quyidagilarni talab qilish bekor qilinadi:

faktlarni tasdiqlovchi maʼlumotlarni:

● tadbirkorlik subyekti davlat roʻyxatidan oʻtkazilganligi toʻgʻrisidagi guvohnoma maʼlumotlarini;

● litsenziya, ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatlar va xabarnomalar qabul qilinganligi toʻgʻrisida tasdiqnoma mavjudligi boʻyicha maʼlumotlarni;

● davlat boji, yigʻimlar va boshqa toʻlovlar toʻlanganligi toʻgʻrisida maʼlumotlarni;

● qimmatli qogʻozlar, qimmatli qogʻozlar bilan amalga oshirilgan operatsiyalar, dividendlar olinganligi toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni;

● kam taʼminlangan oila yoki oila aʼzosi sifatida roʻyxatga olinganligi toʻgʻrisida maʼlumotlarni;

● jismoniy shaxslar tomonidan toʻlangan va olingan alimentlar toʻgʻrisida maʼlumotlarni;

● oliy maʼlumot toʻgʻrisidagi diplom maʼlumotlarini;

● jismoniy shaxs oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi muassasasini tugatganligi haqida maʼlumotlarni;

● jismoniy shaxs umumiy oʻrta taʼlim (11-sinf negizida) muassasasini tugatganligi haqida maʼlumotlarni;

● fuqaro “Yoshlar daftari” yoki “Ayollar daftari”da mavjudligi toʻgʻrisida maʼlumotlarni;

● oʻzini oʻzi band qilgan shaxslar toʻgʻrisida maʼlumotlarni;

● oliy taʼlim muassasalariga oʻqishga kirish uchun imtiyozga ega boʻlgan abituriyentlarning imtiyoz huquqini tasdiqlovchi hujjat toʻgʻrisida maʼlumotlarni;

quyidagi hujjatlarni:

● moliyaviy hisobotlar nusxalarini;

● jismoniy shaxslarning oxirgi 12 oydagi ish haqini tasdiqlovchi maʼlumotnomalarni;

● ijtimoiy nafaqa va pensiyalar toʻlanganligi toʻgʻrisidagi maʼlumotnomalarni.

Bunda, ushbu hujjat va maʼlumotlar tegishli masʼul davlat organlari va tashkilotlaridan mustaqil ravishda “Elektron hukumat” tizimi idoralararo integratsiyalashuv platformasi orqali soʻrab olinadi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?