Fransuzlarga sotilmagan ikki yuz yillik doʻppi

17:01 17 Oktyabr 2025 Jamiyat
363 0

Boysun — tabiat goʻzalligi, tarixiy qadriyatlar va boy madaniy meros uygʻunlashgan maskan. Bu joyning har bir burchi tarixdan soʻzlaydi. Togʻlari toza va salqin havosidan toʻyib-toʻyib nafas olishga chorlaydi. Boysunning milliy ruhini his qilish uchun esa uning milliy liboslariga bir qarashning oʻzi kifoya. Rang-barang atlas va adraslar jilvasi, qoʻlda tikilgan soʻzanalar naqshida qadim voha anʼanalari mujassam. Surxoncha milliy libos ayollarimizga oʻzgacha koʻrk beradi. Unda ajdodlardan meros boʻlgan nafislik, beqiyos bezaklar va oʻziga xos ranglar yigʻindisi mujassam. Bu liboslar faqatgina kiyim emas, balki avloddan avlodga oʻtib kelayotgan qadriyat, nafosat va iftixor namunasidir.

Boysunning ana shu oʻziga xosligini yanada ravshanlashtiradigan jihat — mahalliy hunarmandchilik anʼanalari. Milliy hunarmandchilik nuqtasi boʻlgan Gaza mahallasidagi “Feruza” hunarmandlik oʻquv markazi bu anʼanalarni saqlash va rivojlantirishda muhim oʻrin tutadi. Markaz rahbari Feruza Xoliqova bu sanʼatni nafaqat kasb, balki ruhiy meros sifatida qabul qiladi.

— Hunarmandchilik biz uchun tarix va madaniyatni saqlash, kelajak avlodlarga yetkazish yoʻli sanaladi, — deydi Feruza Xoliqova. — Har bir qoʻl ishi avlodlar oʻrtasida koʻprik vazifasini oʻtaydi. Shu bois, markazimiz orqali yuzlab shogirdlar tayyorlab, milliy hunarmandchilikni asrab-avaylab kelyapmiz. Mehnatimiz eʼtiborsiz qolmayapti, oʻtgan yili Prezidentimizning farmoyishi bilan “Faol tadbirkor” unvoniga sazovor boʻldim. Bu eʼtirof menga yanada kattaroq masʼuliyat yukladi. Biz hunarmandlar bu merosni asrab, kelajak avlodga yetkazishga masʼulmiz.

Markazda kasbga oʻrgatish jarayonida kashtachilik, janda toʻqish va soʻzana kabi milliy sanʼat turlari oʻrgatiladi. Markazga tashrif buyuruvchilar Sanobar opa rahbarligidagi hunarmandlar tomonidan kashta va janda toʻqish jarayonini koʻrish imkoniga ega. Qoʻqonda boʻlib oʻtgan xalqaro hunarmandlik festivalida markaz hunarmandlari tomonidan tayyorlangan dunyodagi eng katta soʻzananing namoyishi Boysun hunarmandlarining dunyo miqyosidagi obroʻsini oshirdi.

— 2019-yilda Qoʻqon shahrida boʻlib oʻtgan birinchi xalqaro hunarmandlik festivalida oʻlchami 110 kvadrat metr boʻlgan dunyodagi eng katta soʻzanamiz bilan qatnashdik, — deydi Nilufar Joʻrayeva. — Oʻshanda avloddan-avlodga oʻtib kelayotgan oilaviy hunarmandlikni rivojlantirish nominatsiyasida gʻoliblikni qoʻlga kiritgandik. Soʻzanamiz ijtimoiy tarmoqlarda mashhur boʻlib, dovrugʻi Yaponiyagacha yetib boribdi. Shundan keyin yapon ayollari biz bilan bogʻlanib, aynan shu kashtachilikni oʻrgatishimizni soʻrashdi. Chunki bu soʻzanalardagi bezaklar boshqa soʻzanalardagidan butunlay boshqacha. Yapon ayollariga kashtachilik sirlarini masofadan boʻlsa-da, oʻrgatdik.

“Feruza” markazi hunarmandlari tomonidan tayyorlangan mahsulotlar, ayniqsa, Feruza Xoliqova tashabbusi bilan barpo etilgan uy muzeyi nafaqat mahalliy, balki xorijiy sayyohlar orasida ham katta qiziqish uygʻotib kelmoqda. Germaniya, Fransiya, Ispaniya va Yaponiya kabi davlatlardan kelgan sayyohlar markazning uy muzeyini tomosha qilishni birinchilardan boʻlib xohlaydi. Uy muzeyida ikki asrlik osori atiqalar, yuz yillik roʻmollar, bir yarim asrlik gilamlar, ikki yuz yillik oʻtov, uy-roʻzgʻor buyumlari va hunarmandlik mahsulotlari saqlanadi. Bu qadriyatlar mahalliy aholi uchun faqat tarix emas, balki oʻzlik va shijoat manbaidir.

Feruza opa muzey eksponatidan joy olgan ikki yuz yillik doʻppini bir fransuz sayyohi sotib olishga harakat qilganini aytadi:

— U hatto eng yuqori pulni taklif qilgan boʻlsa-da, bu qadriyatni sotishdan bosh tortdim. Bu doʻppida bobolarim, momolarim nafasi bor. Bunday narsani pulga sotish mumkin emasligini unga tushuntirdim.

Bu voqea milliy qadriyatlarga nisbatan sadoqat va hurmatni yana bir karra isbotlaydi. Feruza Xoliqova oʻzining mehr-muhabbati, fidoyiligi bilan bu qadriyatlarni asrab-avaylashni oʻzining burchi deb biladi. Ajdodlar merosini, har bir qoʻl ishi orqali tarix va madaniyatni saqlab qolishga intilayotgan Feruza Xoliqova, uning “Feruza” hunarmandlik markazi bugungi kunda nafaqat mahalliy, balki butun xalqimiz madaniy merosining goʻzal namunasidir.

Farhod ESONOV

«Xalq soʻzi».

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?