Fransiya sayyohlik portali oʻquvchilarini Oʻzbekistonning diqqatga sazovor joylari bilan tanishtiradi

Fransiyaning Easy Voyage ommabop sayyohlik portali Oʻzbekiston tarixiy shaharlarining turizm imkoniyatlariga bagʻishlangan maqola eʼlon qildi.
Unda taʼkidlanishicha, Oʻzbekiston hududining katta qismi choʻl va tekisliklardan ibrat boʻlib, mamlakat umumiy maydonining ozgina qismi odamlar tomonidan foydalaniladi. Markaziy Osiyoning eng yirik qurgʻoqchil mintaqalaridan biri boʻlgan Qizilqum choʻli mamlakat hududining katta qismini egallaydi. Respublika hududini Markaziy Osiyoning ikkita yirik daryosi – Amudaryo va Sirdaryo ham kesib oʻtadi.
Orol dengizining bir qismi ham Oʻzbekiston hududida joylashgan. Bir paytlar dunyodagi toʻrtinchi yirik ichki dengiz, bugungi kunda bu jiddiy inqirozga duch kelgan va oʻtgan asrning eng yirik ekologik ofatlaridan biriga aylangan. Dengiz oʻz qirgʻogʻidan 60-80 km orqaga chekinishi oqibatida yangi sunʼiy choʻl shakllangan.
Maqolada Oʻzbekiston sanʼati va madaniyati haqida ham maʼlumot berilgan: “Mamlakat relyefi kabi uning sanʼati va madaniyati ham turli din va tamaddunlar taʼsirini oʻzida mujassam etgan. Afsonaviy Ipak yoʻlida joylashgan Oʻzbekiston har yili koʻplab xorijlik sayyohlarni qabul qiladi. Ular mashhur jahongashta Marko Polo izidan borib, oʻlkaning betakror Sharq meʼmorchiligi namunalari bilan yaqindan tanishishga oshiqadilar”.
Shuningdek, maqolada Oʻzbekiston buddizm, nasroniylik, islom, shamanizm va zoroastrizm anʼanalarini oʻzida ifoda etganligiga ham alohida eʼtibor qaratilgan. “Bu yerda ushbu hududda istiqomat qilgan turli xalqlarning boy madaniy merosi saqlanib qolgan. Oʻzbekiston madaniyati oʻz aholisining turmush tarzi va meʼmorchiligida tarix va afsonalarni oʻzida mujassam etgan holda namoyon boʻladi. Bu ayniqsa Samarqand, Buxoro va Xiva shaharlarida yaqqol koʻzga tashlanadi. Mamlakat mustaqillikka erishgach, Oʻzbekiston oʻzining boy madaniy va meʼmoriy merosi bois hozirgi kunda sayyohlik avj olgan davrni boshdan kechirmoqda”, — deydi fransuz nashri.
Easy Voyage Xiva, Buxoro va Samarqand haqida hikoya qila turib, bu shaharlar haqiqiy ochiq osmon ostidagi muzeylar ekanini, ularda tashrif buyurishga arziydigan boshqa koʻplab diqqatga sazovor joylar mavjudligini urgʻulaydi.
Portal fransuz jamoatchiligini Qoraqalpogʻiston Respublikasining sayyohlik imkoniyatlari bilan ham tanishtiradi. «90 mingdan ortiq eksponatdan iborat kolleksiyani oʻzida jamlagan Igor Saviskiy nomidagi Qoraqalpogʻiston Davlat sanʼat muzeyi Nukusda joylashgan boʻlib, u shaharning asosiy diqqatga sazovor joyi hisoblanadi. Muzeyda rus avangardi, Oʻzbekiston va Qoraqalpogʻiston xalq amaliy sanʼati, qadimgi Xorazm sanʼati toʻplamlari bilan tanishish mumkin”, — deb yozadi Easy Voyage.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Ish haqi, pensiya, nafaqa va stipendiyalar miqdori 10 foizga oshiriladi
- Eron va Isroil oʻrtasidagi ziddiyatlar xronologiyasi yoxud bugungi “urush”ning ildizi qayerda?
- Olimlar Alsgeymer kasalligidan himoya qiluvchi parhez haqida maʼlumot berishdi
- Dollar kursi oshishda davom etmoqda
- Parkentda yiliga 20 ming sayyohni qabul qiladigan turistik majmua ochilmoqda
- Oʻzgarishlarni soʻz bilan uygʻotgan jurnalist
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring