Fidoyilik degani aslida shu emasmi?

19:46 23 Sentyabr 2023 Jamiyat
633 0

Foto: “Xalq soʻzi”

Shahrisabzlik tadbirkor, tajribali bogʻbon Akbar Hasanovning baxtsiz hodisa tufayli ikki oyogʻidan ajralganiga qaramay, sohada koʻplab yutuqlarni qoʻlga kiritib kelayotgani haqidagi xabar bizni u kishi bilan uchrashib, faoliyatini yoritishga undadi. Shu maqsadda Shahrisabz tumani sari yoʻlga otlandik.

Bizni kelishilgan joyda Akbar Hasanovning oʻzi qarshi oldi. Toʻgʻrisi, qadamlari shaxdam, mehnatda pishigan, chayir, oʻktam ovozda gapirib, hayqirib kuladigan, yuz-koʻzlarida hayotdan mamnunlik hissi aks etib turgan bu insonning nogiron ekanligiga ishonib boʻlmasdi.

Qahramonimiz bizni oʻzi rahbarlik qilayotgan “Hasanov Akbar Muhammadiyevich” MCHJ shaklidagi bogʻdorchilik fermer xoʻjaligining dala shiyponiga boshladi. Shu yerdagi soʻrida biroz suhbatlashib, tanishib oldik. Ichimizdagi savolni oʻzi ilgʻadi chogʻi, gapni bolalik xotiralaridan boshladi.

— Oʻshanda oʻn yoshda edim, — deydi u “protez”li oyoqlariga ishora qilib. — Koʻchada tengdoshlarim bilan chopqilab, oʻynab yurgan shoʻx-shodon bola edim, baxtsiz hodisa tufayli bir kunda ikki oyogʻimdan ajralganman. Bundan yaqinlarim qattiq tushkunlikka tushishgan. Ularning yuz-koʻzlarida faqat iztirobni koʻrar va ularni ovutishga, oyoqsiz ham bemalol hamma ishni qila olishim mumkinligiga ishontirishga harakat qilardim.

Avvaliga ikki qoʻltiqtayoqda tengdoshlarim bilan bemalol oʻynashni oʻrgandim, keyin “protez” oyoqlarim bilan koʻchada doʻppi tepib, quvlashmachoq oʻynab yuraverdim. Hatto, baʼzan shoʻxliklarim haddan ortib ketar va uydagilarga qishloqdoshlar, oʻqituvchilarimdan shikoyatlar ham boʻlib turardi. Shu-shu mening nogiron ekanligim barcha yaqinlarimning xayolidan chiqib ketdi va hozirga qadar hech kim bu haqda oʻylamaydi ham. Kimningdir menga achinish hissi bilan qaramasligi uchun boshqalardan koʻproq mehnat qilishga, ogʻirroq ishlarni ham bemalol bajarishga odatlanganman. Toʻgʻri, buni uddalash oson emas, lekin boʻsh kelishga ham gʻururim yoʻl qoʻymaydi.

Akbar Hasanovning aytishicha, “protez”ni ham oʻzi qoʻlda yasab olgan ekan.

— Yoshlikda zavodda ishlab chiqarilgan, haqiqiy “protez”dan foydalanardim, — deydi u. — Bu “protez”lar ancha yengil, yurish uchun qulay, lekin ogʻir ishlarni bajarishda qiyinchilik tugʻdiradi. Shu bois molning terisini pishitib, uni qavat-qavat qilib qattiq oʻrab, “protez” yasab olganman. Bu biroz ogʻir boʻlsada, chidamli. Yuk koʻtarsangiz ham, tepalikka chiqsangiz ham dosh beradi.

Akbar Hasanovning hikoyalarini tinglar ekansiz, inson irodasi, sabr-matonatining chek-chegarasi yoʻqligiga amin boʻlasiz. U ikki oyogʻidagi qoʻlbola “protez” bilan Oʻzbekistondagi eng baland joy – Hazrati Sulton choʻqqisiga chiqib tushishni uddalabdi.

Qishloq xoʻjaligi sohasida amalga oshirayotgan ishlari esa tahsinga sazovor.

— Maktabni tamomlagach, koʻp yillar davomida xorij bozorlariga anor olib borib sotish bilan shugʻillandim, — deydi u. – Keyinchalik oʻzim ham bogʻ tashkil etib, anor yetishtirish rejasi paydo boʻldi. Shu maqsadda 2017-yilda Shahrisabz tumani hududidan 12 gektar yer olib, u yerga 2600 tup anor, 2000 tup shaftoli, 1600 tup olxoʻri koʻchatlarini ekkan edim. Oʻtgan yili barcha daraxtlardan yaxshi hosil oldim. Biroq bu yil qishdagi anomal sovuq tufayli daraxtlarning bir qismi nobud boʻldi. Lekin buning ham xayrli tomoni bor. Boshida ozgina tajribasizlik qilib, oddiy navlar ekkan ekanman. Bu yil nobud boʻlgan daraxtlarning oʻrniga xorijdan keltirilgan, yuqori sifatli mevali daraxt koʻchatlarini oʻtqazdim.

Akbar Hasanov 12,5 sotix maydonda issiqxona ham tashkil qilgan. Bu yerda 125 tup limon parvarishlanmoqda. Eʼtiborimizni tortgan jihat esa, bogʻbonning payvandchilikdagi uquvi boʻldi. Axir butalarning bir shoxida limon, boshqasida mandarin, yana birida esa apelsin pishib yetilayotganini hamma joyda ham uchratavermaysizda.

—Limonlarim endi hosilga kira boshladi, — deydi Akbar Hasanov. – Ular toʻliq yetilib olgach, har biridan kamida 25-30 kilogrammdan hosil olish mumkin.

Bogʻdorchilik qahramonimiz tanlagan yagona yoʻnalish emas. U kelgusida jamiyat qoshida chorvachilik, parrandachilik tarmoqlarini ham yoʻlga qoʻyish niyatida. Shu maqsadda 2 mingta parranda boqishga moʻljallangan tovuqxona hamda 50 bosh qoramolga moʻljallangan molxonani ham qurib bitkazibdi. Tez orada bu borada ham katta ishlarni boshlab yubormoqchi.

Akbar Hasanov bilan suhbatlashib, uning amalga oshirgan ishlari bilan tanishib ortimizga qaytar ekanmiz, nahotki shu inson “protez” oyoqlari bilan shuncha ishning uddasidan chiqayotgan boʻlsa, degan oʻy kechdi xayolimizdan. Ha, shunday. Aslida u ham ayrim insonlarga oʻxshab, nogironligini pesh qilib, kimgadir boqimanda boʻlib yurishi mumkin edi. Lekin qahramonimizning feʼl-atvoriga bu narsa mutlaqo begona.

U mehnatni, yaratishni, bunyodkorlikni, boshqalardan kam boʻlmaslikni xoʻsh koʻradi. Shu yoʻlda izlanadi, intiladi, mehnat qiladi. Mehnatlarining samarasi esa oʻzi rahbarlik qilayotgan “Hasanov Akbar Muhammadiyevich” masʼuliyati cheklangan jamiyatining yutuqlari misolida aks etmoqda. Bugungi kunda jamiyatda 8 nafar kishi doimiy ish oʻrniga ega boʻlgan. Ularning aksariyatini nogironligi boʻlgan fuqarolar tashkil etadi. Bundan tashqari, qahramonimiz er-xotin ham nogiron bor yana bir oilani uch farzandi bilan qaramogʻiga olib, uy-joy va ish bilan taʼminlabdi. Fidoyilik degani aslida shu emasmi?

Jahongir BOYMURODOV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?