Farmatsevtika tarmogʻidagi natijalar va loyihalar taqdimot qilindi

19:50 23 May 2024 Siyosat
346 0

Prezident Shavkat Mirziyoyev 23-may kuni farmatsevtika tarmogʻida erishilayotgan natijalar va istiqbolli rejalarga oid taqdimot bilan tanishdi.

Iqtisodiyot va aholi salomatligida muhim oʻrin tutadigan bu sohaga alohida eʼtibor qaratilib, zarur huquqiy va tashkiliy sharoitlar yaratib berilmoqda. Birgina joriy yil boshida shu borada ikkita hujjat qabul qilindi. Xususan, 10-yanvardagi Prezident qaroriga muvofiq, 2024-2025-yillarda farmatsevtika tarmogʻini rivojlantirish va investitsiya loyihalarini jadallashtirish boʻyicha “yoʻl xaritasi” tasdiqlandi. 23-yanvarda qabul qilingan farmonda farmatsevtika sohasini tartibga solish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar belgilandi.

Sohadagi yangi loyihalar uchun 100 million dollar arzon resurs ajratildi. Bundan tashqari, Asaka bank tomonidan 200 million dollar jalb qilindi.

Bu imkoniyatlar natijasida oʻtgan 4 oyda 30,5 million dollarlik ikkita loyiha ishga tushirilib, 160 ta ish oʻrni yaratilgan. 1,5 trillion soʻmlik mahsulot ishlab chiqarilib, 51 million dollarlik eksport qilingan.

Lekin, bu natijalar hali yetarli emas. Imkoniyatlar ham, rejalar ham ulkan.

Xususan, bu yil 400 million dollarlik mahsulot ishlab chiqarish, eksportni 200 million dollarga yetkazish rejalashtirilgan. 2 milliard dollarlik 147 ta loyiha boshlanib, shundan 28 tasi joriy yilda ishga tushirilishi belgilangan. 450 turdagi yangi mahsulotni mahalliylashtirish moʻljallangan.

Davlatimiz rahbari bu imkoniyatlardan foydalanib, mahalliy mahsulotlar bilan ichki bozor talabini qondirish darajasini oshirish zarurligini taʼkidladi.

Ishlab chiqarishni xalqaro standartlarga oʻtkazish, narx va sifat mutanosibligini taʼminlash masalalariga alohida eʼtibor qaratildi. Shu maqsadda sohada raqamlashtirishni bu yil 65 foizga yetkazish, keyingi yil esa toʻliq yakunlash vazifasi qoʻyildi. Bu orqali narxni kamida 20 foizga arzonlashtirish mumkinligi qayd etildi. Soha uchun malakali mutaxassislar tayyorlash boʻyicha koʻrsatmalar berildi.

“Tashkent Pharma Park” innovatsion farmatsevtika klasteri faoliyatini jadallashtirib, 470 million dollarlik 12 ta loyihani ishga tushirish choralari koʻrib chiqildi.

Farmatsevtika sohasiga investorlarni jalb qilib, yangi loyihalarni koʻpaytirish boʻyicha ham axborot berildi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер