Fargʻonada Prezident maktabi oʻz faoliyatini boshladi

16:36 29 Oktyabr 2021 Jamiyat
321 0

Foto: “Xalq soʻzi”

Fargʻona shahrida zamonaviy shaharsozlik meʼmorchiligi anʼanalari asosida qad rostlagan taʼlim dargohi – Prezident maktabining tantanali ochilish marosimi boʻlib oʻtdi.

Tantanali tadbirda Fargʻona viloyati hokimi Xayrullo Bozorov, Prezident taʼlim muassasalari agentligi direktori Hilola Umarova, viloyat faollari hamda keng jamoatchilik vakillari, ota-onalar, yoshlar ishtirok etdi.

Tantanali marosimda 80 milliard soʻmdan ziyod mablagʻ evaziga qurilish va jihozlash ishlari amalga oshirilgan ushbu taʼlim muassasasi mamlakatimizda barkamol avlodni tarbiyalash, jahon andozalariga mos mutaxassislar tayyorlashga xizmat qilishi taʼkidlandi.

– Prezident maktabida Uchinchi Renessans bunyodkorlari,  buyuk ajdodlarimizning munosib vorislari yetib chiqishiga ishonamiz. Bu yigit-qizlar kelajakda yurtimiz shuhratini dunyoga taratadi,–dedi viloyat hokimi Xayrullo Bozorov.

Yangi va innovatsion taʼlim dasturiga ega maktabga eng iqtidorli oʻquvchilar saralab olindi. Sinfxonalar har bir fan uchun maxsus jihozlandi, elektron doskada dars jadvali, tanaffus vaqti, oʻqituvchi haqida qisqacha maʼlumot beriladi. Darslar yakunlangach, oʻquvchilar turli fan toʻgaraklariga qatnashadi. Dars tugashi va boshlanishidan ogohlantiruvchi qoʻngʻiroqlar oʻrniga oʻquvchilarga ruhan tetiklik va motivatsiya beruvchi kuy-qoʻshiqlar jarang sochadi. Oʻquvchilar haftaning besh kuni davomida bu yerda ham yashaydi, ham oʻqiydi.

– Imtihon asosida 5-10-sinflarga 144 nafar iqtidorli oʻquvchi qabul qilindi. Yangi oʻquv yildan boshlab esa bu yerda 168 nafar oʻquvchi taʼlim olishi rejalashtirilgan,–deydi Prezident maktabi direktori Hasanxon Husanov. – Oʻquvchilar yotoqxona, maktab formasi, besh mahal ovqat, noutbuk bilan taʼminlanadi. 22 nafar mahalliy, 10 nafar xorijlik pedagoglar tanlov asosida ishga olindi.

Maktabda Angliya, Kanada, AQSH, Misr, Yangi Zelandiya, Zimbabve, Filippin, Koreya Respublikasi, Yamaykadan kelgan xorijiy mutaxassislar faoliyat olib boradilar.

– Bundan avval Qozogʻistonda faoliyat koʻrsatganman, – deydi fizika fani oʻqituvchisi, kanadalik Abdul Malik. – Birinchi taassurotning oʻzi oʻzbek yoshlarida bilim olishga ishtiyoq kuchli ekanligidan dalolat bermoqda. Oʻz navbatida Fargʻonaning goʻzal tabiati, samimiy va mehmondoʻst odamlari, xushtaʼm taomlari meni oʻziga maftun etdi.

Taʼlim dargohida Milliy gvardiyaning Fargʻona viloyati boshqarmasi bilan hamkorlik memorandumi imzolandi. Darsdan soʻng oʻquvchilar uchun kamondan otish, chavandozlik kabi sport turlaridan mashgʻulotlar tashkillanadi.

– Xalqaro sertifikat olib, kelgusida Oksford universitetida xalqaro iqtisod sohasida oʻqishni maqsad qilganman,–deydi 10-sinf oʻquvchisi Abdulhafiz Abduraimov. – Yurt ravnaq-rivoji yoʻlida yangiliklar yaratish, innovatsion texnologiyalar joriy qilish niyatidaman. Barkamol avlod vakillari Oʻzbekiston jahonda oʻz oʻrniga ega boʻlishi uchun biz bor bilimimizni sarflaymiz.

Tadbir qatnashchilari taʼlim maskani bilan yaqindan tanishib, oʻqituvchi va oʻquvchilarga ezgu tilaklarini izhor etdilar.

Botir Madiyorov, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?