Fargʻonada “Neftchi” futbol akademiyasi barpo etilmoqda

12:19 24 Noyabr 2025 Jamiyat
158 0

Fargʻona viloyatida keyingi yillarda “millionlar oʻyini” — futbolni jahon andozalari darajasida rivojlantirishga katta eʼtibor qaratilmoqda. Bu boradagi izchil ishlar samarasi oʻlaroq, viloyatning bosh jamoasi — “Neftchi” joriy mavsumda 24 yillik tanaffusdan soʻng mamlakat chempioniligini qoʻlga kiritdi.

Ushbu muvaffaqiyat tufayli “Istiqlol” stadioniga chinakam futbol ruhi qaytdi. Mavsum davomida 165 ming nafardan ortiq muxlis jonli oʻyinlarni tomosha qildi. Har bir oʻyinga oʻrtacha 11 mingdan ziyod tomoshabin tashrif buyurgani Superliga klublari orasida rekord koʻrsatkich sifatida qayd etildi.

Hozirda Fargʻona viloyati hokimligi tashabbusi bilan “Neftchi” futbol akademiyasi uchun zamonaviy infratuzilma yaratilmoqda. Akademiya nafaqat Fargʻona futboli, balki yurtimizda futbolni jadal rivojlantirishga xizmat qiluvchi muhim markazga aylanishi koʻzda tutilgan.

— Akademiyaning yangi taʼlim maskani uchun maxsus joy ajratildi, — deydi Fargʻona viloyati futbol assotsiatsiyasi vitse-prezidenti Nosirjon Otaqoʻziyev. — Loyiha jahonning yetakchi futbol klublari tajribasi asosida ishlab chiqilgan. Unga koʻra, tabiiy va sunʼiy maysali 6 ta turli oʻlchamdagi stadion barpo etilmoqda. Ularning biri tomi yopiladigan qilib qurilayotgani har qanday ob-havoda mashgʻulotlar va nazorat oʻyinlarini oʻtkazish imkonini beradi. Shuningdek, Braziliya tajribasi asosida qumli mashgʻulot maydoni ham tashkil etilmoqda. Yaqinda 150 oʻrinli yotoqxona ham foydalanishga topshiriladi.

Akademiyaga qoʻshilish istagini bildirgan 2000 nafardan ortiq yosh futbolchi orasidan 235 nafari mutaxassislar tomonidan saralab olindi. Taʼlim jarayonini Ukrainadan taklif etilgan, jahonga mashhur murabbiy Valeriy Lobanovskiy sabogʻini olgan taniqli mutaxassis Igor Ximich boshqarmoqda. Shu bilan birga, tanlov asosida malakali murabbiylar ham jamoaga qabul qilinmoqda.

Eʼtiborlisi, yosh futbolchilar oʻz qiziqishlariga koʻra bir nechta xorijiy tillar boʻyicha ham oʻqitiladi. Chunki bugungi kunda iqtidorli futbolchilarning xalqaro klublarda faoliyat yuritishida til bilish muhim omil boʻlib bormoqda. Akademiyada mamlakatning barcha hududlaridan, shuningdek qoʻshni davlatlardan iqtidorli yoshlar qabul qilinishi uchun barcha shart-sharoitlar yaratilgan.

Ishonchimiz komilki, “Neftchi” klubi tizimida akademiyaning faoliyat boshlashi Fargʻona futbolida yangi yuksalish davrini boshlab beruvchi mustahkam poydevor boʻladi.

Botir MADIYOROV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?