Fargʻonada mustaqilligimizning 34-yilligiga bagʻishlangan bayram tadbir boʻlib oʻtdi

Ayni kunlarda mamlakatimiz boʻylab eng ulugʻ, eng aziz bayram – istiqlolimizning 34-yillik qutlugʻ sanasi shukuhi kezib, Fargʻona viloyatida ham shahar-tuman, mahalla, har bir oilada ushbu ayyom katta tantana sifatida nishonlandi.
Fargʻona shahrida yaqin yillarda qurib bitkazilgan muhtasham Ekoshahar amfiteatrida “Vatan uchun, millat uchun, xalq uchun!” shiori ostida mamlakatimiz mustaqilligining 34-yilligiga bagʻishlangan viloyat bayram tadbiri boʻlib oʻtdi.
Bayram tadbirida Fargʻona viloyati hokimi Xayrullo Bozorov soʻzga chiqib, barchani eng suyukli bayram bilan samimiy muborakbod etdi.
—Mamlakatimiz taraqqiyotining yangi bosqichida inson qadrini ulugʻlash, uni baxtli qilish – hayotbaxsh islohotlarimizning maʼno-mazmunini tashkil etmoqda, — dedi viloyat hokimi. — Bu borada muhtaram Prezidentimiz taʼkidlaganidek, “Inson qadri uchun, inson baxti uchun” degan ezgu tamoyilga asoslangan Yangi Oʻzbekiston gʻoyasi amalda qudratli harakatga aylandi.
Taʼkidlab oʻtilganidek, soʻnggi sakkiz yilda butun mamlakatimizda boʻlgani kabi Fargʻona viloyatida ham ulkan yangilanish va oʻzgarishlar amalga oshirildi. Ayni jarayonda barcha sohalarda salmoqli yutuqlarga erishildi. Yurt tinchligi va farovonligi, xalqimizning toʻkis hayot kechirishi uchun olib borilayotgan islohotlar koʻlami yildan-yilga oshib bormoqda.
Tadbirda Prezidentimiz farmonlari doirasida istiqlolimizning 34-yilligi arafasida davlatimizning yuksak mukofotlari — orden va medallar bilan taqdirlangan 30 nafardan ziyod fargʻonalik hamyurtlarimiz borligi mamnuniyat bilan aytib oʻtildi. Bayram tadbiri ishtirokchilari ularni yana bir bor qizgʻin olqishlar bilan qutladilar.
Maʼruzada alohida qayd etilganidek, birgina joriy yilning dastlabki olti oyida viloyat iqtisodiyoti 6,8 foizga oʻsdi. Sanoat, qishloq xoʻjaligi va xizmatlar sohasiga 1,4 milliard dollar investitsiya jalb etildi, eksport hajmi esa 581 million dollardan oshdi.
2017-yilda viloyatimizga investitsiya kiritgan davlatlar soni 4 ta boʻlgan boʻlsa, 2024-yil yakuniga kelib ular 30 dan ziyodroqni tashkil etdi. Soʻnggi yetti yilda viloyatga jalb etilgan xorijiy investitsiyalar va kreditlar 1,8 milliard dollarga yetdi, yaʼni 58 barobar oshdi. Joriy yilda esa bu raqam 3,7 milliard dollarga yetkazilishi rejalashtirilgan.
Shuningdek, 2017-yilda viloyat eksport hajmi 420 million dollar edi. 2024-yilda eksport hajmi 1 milliard 20 million dollarga yetdi va bu yil yakuni bilan 1 milliard 231 million dollarlik sanoat va qishloq xoʻjaligi mahsulotlari eksport qilinishi koʻzda tutilgan.
Tadbirkorlik uchun yaratilayotgan qulay shart-sharoitlar tufayli oxirgi toʻrt yil ichida tadbirkorlar soni 1,6 barobarga oʻsib, 37 mingtadan 61 mingtaga koʻpayishiga erishildi. Oʻtgan sakkiz yil davomida viloyatda 882 ta 28 ming 573 xonadon koʻp qavatli uy-joylar qurilib, foydalanishga topshirildi.
Tantanada teatrlashtirilgan katta bayram dasturi namoyish etilib, viloyat va respublika sanʼat ustalarining gala-konserti unga yanada fayz, shukuh baxsh etdi.
Oʻzbekiston xalq artisti Yulduz Usmonova, Oʻzbekiston xalq hofizi Ilhom Ibrohimov va boshqa mashhur sanʼatkorlar, yosh isteʼdodlar ijrosidagi Vatanni, sevgi-muhabbatni tarannum etgan kuy-qoʻshiqlar barchaga bayramona kayfiyat ulashdi.
Fayzli oqshomda shahar uzra porlagan rang-barang mushaklar bayram dasturiga oʻziga xos va tantanavor yakun yasadi.
Botir MADIYOROV
“Xalq soʻzi”.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Jahon olimlari nigohi yana Oʻzbekistonga qaratildi
- Prezident Oʻzbekiston oʻqituvchi va murabbiylariga tabrik yoʻlladi
- Oʻzbekistonda dollar kursi oʻzgardi
- Oʻzbekistonda dollarning rasmiy kursi oʻzgardi
- Prezident Ismoil Joʻrabekov vafoti munosabati bilan hamdardlik bildirdi
- Oʻzbekiston va Turkmaniston: barqaror rivojlanish yoʻlidan borayotgan davlatlar
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring