Fargʻonada doʻstlik forumi

22:21 30 Mart 2026 Jamiyat
231 0

Shu yilning 29-31-mart kunlari Fargʻona viloyatida “Markaziy Osiyo davlatlari va Ozarbayjon Doʻstlik forumi” boʻlib oʻtmoqda.

Taʼkidlash oʻrinliki, keyingi yillarda yaxshi anʼanaga aylanib ulgurgan bunday forumlardan koʻzlangan asosiy maqsad – xalqlarimiz oʻrtasidagi azaliy doʻstlik va qardoshlik rishtalarini yanada mustahkamlashga qaratilgan. Oʻz navbatida qardosh xalqlarning bu kabi samimiy muloqoti oʻzaro hamjihatlikni yaxshilash, madaniy-maʼrifiy sohadagi aloqalarni yanada kengaytirishga xizmat qilmoqda. Mamlakatlarimiz oʻrtasidagi oʻzaro ishonch va samarali hamkorlikni yangi bosqichga koʻtarishda mazkur tadbirlarning ahamiyati beqiyos, albatta.

Dastlab Markaziy Osiyo davlatlari va Ozarbayjondan tashrif buyurgan festival qatnashchilari “Fargʻona” xalqaro aeroporti hamda Margʻilon temir yoʻl vokzalida tantanali ravishda kutib olindi. Sharqona qadriyatlarga koʻra, ishtirokchilarga mehmondoʻstlik anʼanalari va qadriyatlarimizga xos hurmat-ehtirom koʻrsatildi.

— Bu kabi yuzma-yuz uchrashuvlar Markaziy Osiyo xalqlari bir tan-u bir jon boʻlib, mushtarak maqsadlar yoʻlidagi orzularimiz ijobat boʻlishini taʼminlamoqda, — deydi Oʻzbekiston Respublikasi qirgʻiz milliy madaniy markazi raisi Rahmatilla Jabborov. — Davlatlarimiz rahbarlari tashabbusi va siyosiy irodasi tufayli keyingi yillarda chegaralar ochilgani hamda hamjihatlik tuygʻulari yaxshilanib borayotgani bu boradagi intilishlarimizga yanada kuch-quvvat baxsh etayotgani eʼtiborga molik.

Forum tadbirlari doirasida Fargʻona shahridagi Qirguli mavzesida joylashgan “Doʻstlik uyi” roʻparasidagi fayzli xiyobonda konsert dasturi tashkil etildi. Unda qadrdon va mumtoz kuy-qoʻshiqlar, estrada ohanglari, qardosh xalqlarning sevimli taronalari jarang sochib, barchani shodon davraga chorladi.

— Bugun turkiy xalqlar tobora ahil-inoq boʻlib borayotgan davrda yashayapmiz. Shu bois biz qanchalik birlashsak, hamjihat boʻlsak, kuchimizni bir joyga jamlasak – ulkan qudrat paydo boʻladi, — deydi Ozarbayjon Respublikasining Diaspora boʻyicha davlat qoʻmitasi raisining birinchi oʻrinbosari Valex Gadjiyev. — Anchadan buyon yurtingizda boʻlmagan edim, yangilanish va oʻzgarishlar juda katta. Bundan behad quvondim.

Musiqiy dasturda ham ana shunday bunyodkorlik va yaratuvchanlik, insoniy fazilatlar va ezgu qadriyatlar tarannum etilib, mamlakatlarimizda tinchlik va farovonlik barqaror boʻlishi uchun eng yaxshi tilaklar bildirildi. Ezgu niyatlarimiz ijobat boʻlib, qadrdon diyorlarimizda fayz-baraka boʻlaversin!

Maʼlumki, oʻtgan yilning 31-mart sanasida uch mamlakat – Oʻzbekiston, Tojikiston va Qirgʻiziston chegarasida “Doʻstlik stellasi” tantanali ravishda ochilgan edi. Bugun tadbir qatnashchilari Oʻzbekiston tumanida joylashgan ushbu majmuada boʻlib, uning poyiga anvoyi gullar qoʻyishdi.

Shu munosabat bilan oʻtkazilgan uchrashuvda mezbonlar bilan birga, Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Tojikiston va Ozarbayjondan kelgan ilm-fan namoyandalari, milliy parlamentlar aʼzolari, xorijiy hamkor tashkilotlar vakillari, davlat va jamoat tashkilotlari, milliy madaniy markazlar, doʻstlik jamiyatlari rahbarlari hamda OAV vakillari ishtirok etishdi.

Ayni paytda viloyat boʻylab Doʻstlik forumi tadbirlari davom etmoqda.

Botir MADIYOROV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?