FAO urugʻchilik boʻyicha oʻquv kursini oʻtkazdi
Foto: Illustrativ foto
2022-yil 2-3-mart kunlari Toshkent shahrida Birlashgan Millatlar Tashkilotining Oziq-ovqat va qishloq xoʻjaligi tashkiloti (FAO) tomonidan urugʻ yetishtirish va sifatini nazorat qilish mavzusida seminar-trening oʻtkazildi. Oʻquv mashgʻulotlari Global Ekologik Jamgʻarma (GEF) tomonidan moliyalashtirilgan FAOning “Markaziy Osiyo va Turkiyaning qurgʻoqchil va shoʻrlangan qishloq xoʻjaligi ishlab chiqarish landshaftlarida tabiiy resurslarni kompleks boshqarish” loyihasi (CACILM-2) doirasida tashkil etildi. Tadbirda Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi, vazirlik huzuridagi Urugʻchilikni rivojlantirish markazi, Agrosanoat majmuida xizmatlar koʻrsatish markazi DUK, Qishloq xoʻjaligi ekinlari navlarini sinash markazi, shuningdek, urugʻchilik bilan bogʻliq boshqa manfaatdor tashkilotlarning mutaxassislari ishtirok etdi.
Urugʻchilik oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlashning asosiy omili boʻlib, qishloq xoʻjaligi ekinlarining urugʻlarini yetishtirish, qayta ishlash, saqlash, sotish va tashish, shuningdek, nav va urugʻlarni nazorat qilish bilan bogʻliq faoliyatni qamrab oladi. Qishloq xoʻjaligi mahsulotlaridan yuqori hosil olish va sifatini oshirishda genetik sofligini va zararkunandalarga chidamliligini saqlab qolgan holda yangi va savdoga qoʻyilgan navlarning urugʻlarini yetishtirish muhim ahamiyatga ega.
“Qishloq xoʻjaligining ushbu tarmogʻini yanada takomillashtirishda kadrlar salohiyatini oshirish, ularning bilim va malakasini oshirish muhim ahamiyatga ega. Bugungi kunda urugʻchilikda faol ishtirok etayotgan xususiy sektor vakillari bilan tajriba almashmoqchimiz. Oʻtgan treningda biz ishtirokchilarning biznes rejalashtirish, korxona boshqaruvi, urugʻlik marketingi kabi bilimlarini oshirishga harakat qildik”, — deb qayd etdi loyihaning milliy menejeri Muxammadjon Qosimov.
Xalqaro urugʻchilik sanoati, birinchi navbatda, xususiy urugʻchilik shirkatlari va fermerlar uyushmasi, yangi nav yaratuvchi seleksiyachilar, importyorlar, eksportchilardan iborat. Xorijiy tajriba koʻrsatganidek, xususiy sektorning rivojlanishi hosildorlikni oshirish va urugʻchilikni rivojlantirishda muhim omil boʻlmoqda.
Treninglar davomida urugʻchilik sanoatini tartibga soluvchi amaldagi milliy Qonunchilik va xalqaro normalar haqida umumiy maʼlumot taqdim etildi, shuningdek, FAO tomonidan urugʻchilik sohasidagi amalga oshirilgan loyihalar haqida maʼlumot berildi. Bundan tashqari, urugʻlik sifatini taʼminlash tamoyillari, dalada navlarni aprobatsiya oʻtkazish usullari va uning urugʻlik sifatini taʼminlashda qoʻllanilishi, Xalqaro urugʻlarni sinash uyushmasi (ISTA) standartlari va boshqa dolzarb masalalar muhokama qilindi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Nodirbek Abdusattorov Pragadagi shaxmat festivalida chempionlikni qoʻlga kiritdi
- Matchanov Umirzak Seitjanovichning iqtisodiyot fanlari boʻyicha falsafa doktori (PhD) dissertatsiya himoyasi eʼloni
- Yaqin Sharqdagi keskinlikning narxi: AQSH, Isroil hamda Eron urush uchun qancha sarflayapti?
- “Barselona” qiyin gʻalabani qoʻlga kiritdi
- Ayollar Osiyo chempionati musobaqasining 3-tur oʻyinlari davom ettirildi
- Tramp Erondagi harbiy operatsiya “deyarli yakunlanganini” maʼlum qildi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring